KALBA TIZMASI — Oltoyning jan.-gʻarbidagi togʻ tizmasi. Qozogʻistonning Sharqiy Qozogʻiston viloyatida. Uz. 400 km. Asosan, past togʻ massivlaridan iborat boʻlib, sharqida bal. 1300—1500 m (eng baland joyi 1608 m), gʻarbida 450—700 m. K. t. paleozoy slaneslari, qumtosh va intruziv jinslardan (asosan, granitlardan) tarkib topgan. Oltin va polimetall ruda konlari bor.
800—1200 m balandlikkacha dasht oʻsimliklari oʻsadi, undan balandda siyrak qaragʻay va qayin-togʻ teragi oʻrmonlari, eng baland choʻqqilarida dasht subalp oʻtloklari mavjud.