KAYKOVUS ARIGʻI

KAYKOVUS ARIGʻI — Toshkent sh. da gi qad. kanal, Boʻzsuvning oʻng tarmogʻi. 6—7-asrlarda Boʻzsuv kanali kattalashtirilib, undan Kaykovus arigʻi chiqarilgan va Qoraqamish jarligigacha yetkazilgan.

Muhammad Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» asarida Boʻzsuv ham Kaykovus arigʻi deyilgan. Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» («Sharafnomai shoxiy») asarida 16-a. da Kaykovus arigʻi boʻyida (shahar qoʻrgʻoni tashqarisida) «Kaykovus bogʻi» boʻlganligi va bogʻda Toshkent sultonlari yashaganligi aytiladi. Hoz. Kaykovus arigʻi Shayxontohur GESning yuqori byefidan boshlanadi, uz. 28 km, suv oʻtkazish imkoniyati 20 m3/s. Sobir Raximov va Shayxontohur tumanlari hududidan oqib oʻtadi.