KADASTR

KADASTR (frans. cadastre) — muayyan obyektlar toʻgʻrisida tartiblashtirilgan aniq, va zaruriy maʼlumotlar majmui, roʻyxati, reyestri (mas, yer kadastri, suv kadastri kabilar). Rasmiy davlat organi yoki muassasasi tomonidan tuziladi va yuritiladi. Boshqa davlatlardagi kabi Oʻzbekiston Respublikasida tabiat resurslari, noyob oʻsimlik va hayvonlar K. lari ham bor (mas, 1960—2001-y. larda Jizzax viloyati Zomin tekisligida oʻtkazilgan 40 yillik Kadastr tadqiqotlari 1965-y. da 1 m2-maydonda urgʻochi qoraqurtning oʻrtacha zichligi 2,5 dona boʻlganligini, 2001-y. da bu koʻrsatkich 0,05 donani tashkil etganligini koʻrsatdi, insonning tabiatga salbiy taʼsiri oqibatida qoraqurt soni kamayib ketganligi aniqlandi). Oʻzbekiston Respublikasida davlat Kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi davlat va tarmoq tabiat resurslari K. larini tuzish va yuritish Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat kadastrlari toʻgʻrisida» qonuni (2000-y. 15 dek.)ga muvofiq olib boriladi.