KAVARDON

KAVARDON — qad. shahar xarobasi (mil.1 —13-a. boshi) Toshkent sh. dan 25 km sharkda, Chirchiqning chap qirgʻogʻidagi qad. oʻzani sohilidagi (hoz. Qorasuv va Hamdam kanali yoqalari) hoz. Kavardon qishlogʻi maydonida, Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlari chegarasida joylashgan. Shaharning umumiy mayd. 75 ga teng boʻlib, shahriston va arkdan tashkil topgan. Shaharni bir necha darvozalari boʻlib, ular orqali yoʻnalgan keng koʻchalar markazga olib borgan. Arab tarixchilaridan Istaxriy, Muqaddasiy (9—10-a. lar) asarlarida bu shahar «Kabrana», «Kabarna» deb tilga olingan. Yodgorlik xarobalari ilk bor 1972-y. Hamdam kanalini taʼmirlash ishlari vaqtida Yu. F. Buryakov rahbarligidagi Choch-Iloq otryadi tomonidan aniklangan. 1973-y. dan tanaffuslar bilan arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. 2001-y. dan esa Oʻ. Islomov boshchiligidagi Parkent otryadi qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Qazishmalar natijasida shahar arkining (hoz. uning xarobalari Xontepa deb ataladi) shim. dagi pastki madaniy qatlamlardan Burganli madaniyatita oid (mil. av. 8—7-a. lar) yertoʻla, oʻchoq xarobalari, uy-roʻzgʻor idishlari (koʻza, tovoq, qozon kabi) parchalari topilgan. Keyingi qatlamlardan olingan maʼlumotlar bu yodgorlikka qandaydir sabablarga koʻra, uzoq muddatli tanaffusdan keyingi hayot mil. 1—2-a. lardan boshlanganligidan dalolat beradi. Shahar arki toʻgʻri toʻrtburchak (60x50x14 m) shaklda, madaniy qatlami 8 m ga yaqin, shim. va jan. tomondan darvozalari boʻlgan. Qazishma natijasida paxsa va xom gʻishtdan qurilgan bir nechta xonali ibodatxona boʻlganligi aniqlandi. Ibodatxonaning bir katta zali markazida otashgoh qoldiqlari topildi. 3—4-a. larga oid bu ibodatxona xarobaga uchragach, uning oʻrnida keyingi asrlarda yangi ibodatxona qurilgan va u ham kuchli yongʻin natijasida vayron boʻlgach, uning oʻrnida 8 ta toʻgʻri toʻrtburchak xonalardan iborat boʻlgan novus qurilgan. 5—6-a. larda shahar mavqei pasaygan. Shahar maydonida bu davrlarda turli koʻrinishlardagi novuslar (otashparastlarning qad. maqbaralari), kenotaflar paydo boʻlgan. Ular ichida, ark xarobalarida koʻp xonali novus oʻziga xosdir. Uni boʻyi 19 m, eni 17,5 m boʻlib, tashqi devorlarining qalinligi 3 m, ichki devorlari 1,5 m dan boʻlgan. Barcha qurilgan bu xilxonalar paxsa, xom gʻishtdan ishlangan boʻlib, gʻishtlar ustiga turli belgilar barmoq yordamida chizilgan. 7—8-a. boshlarida shahar Choch viloyatidagi yirik shaharlar qatoridan joy olgan, tanga pullar zarb qilina boshlagan, shunday noyob mis tangalarning birini (aylanasi 20 mm, ogʻirligi 1,6 g) oldi tomonida toj kiygan hokim, uni aylanasi boʻylab 15 harfdan iborat boʻlgan «Kavirad Kabarna hokimi» degan jumla sugʻd yozuvida bitilgan. Kavardonda kulolchilik sohasida yuqori yutuqlarga erishilganligidan va bu maqsulotga boʻlgan talabni ichki va tashqi savdoda oʻsib borganligidan dalolat beradi. Kavardon 13-a. boshida moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan.

Oʻtkir Alimov, Kobil Alimov.