ISHLAB CHIQARISH-TEXNIKA NAZORATI — sanoat korxonalarida mahsulot sifatini nazorat qilish yuzasidan bajariladigan xizmatlar majmui. Texnik nazorat i. ch. ning barcha qismlari (xom ashyo, materiallar, yoqilgʻi, yarim fabrikatlar, butlovchi qismlar, texnologik jarayonlar, asboblar, dast-goxlar, uskunalar, tayyor mahsulotlar va b.)da amalga oshiriladi. Nazorat qilinadigan obyekt xususiyatiga koʻra, nazoratning kuzatib nazorat qilish, mexanik xususiyatlarni nazorat qilish, kimyoviy taxlil, metallografik tadqiqotlar oʻtkazish, sinab koʻrib nazorat qilish va b. usullari bor. Tashkiliy jihatdan uning texnologik ja-rayonlarni nazorat qilish; operatsion nazorat (mahsulot i. ch. bilan bogʻliq operatsiya bajarib boʻlingach, oʻtkaziladi); inspeksion (yoki tanlab) nazorat qilish; boshlangʻich nazorat (korxonaga yetkazib berilgan materiallar, xom ashyo, yarim fabrikatlar, butlovchi de-tallar nazorat qilinadi); faol nazorat (mahsulotni i. ch. jarayonida oʻlchov asboblari yordamida nazorat qilish),: tayyor mahsulotni qabul qilish jarayo-nidagi nazorat va b. turlari bor. Ishlab chiqarish-texnika nazoratining asosiy vazifasi korxonalardagi nazorat operatsiyalarning bajarili-shini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning komplektligini tekshirish, brakni yoʻqotish hamda mahsulotni belgilangan standart va texnik shartlarga muvofiq qilib i. ch. ni taʼminlashdan iborat. Ishlab chiqarish-texnika nazoratini korxona boʻlimlarida xodimlar, sexlarda ishchilar, sozlovchilar, ustalar, brigadirlar va korxonalarning hamma muhim uchastkalarida texnika nazorati boʻlimi xodimlari amalga oshiradi. Texnika nazorati boʻlimining vazifasi nazorat usullarini ishlab chiqish, brakni hisobga olish va taxlil qilishidir. Hoz. vaqtda detallarni i. ch. jarayonida nazorat qilishning eng zamonaviy usullari (avtomatlashtirish, yoppasiga nazorat qilish)ni yaratishga keng eʼtibor qaratilgan.
Oʻzbekistonda Asaka avtomobil z-di, Buxoro neftni qayta ishlash z-di, «Kabul tekstaylz» korporatsiyasining Oʻzbekistondagi qoʻshma korxonalarida va b. larda mahsulot i. ch. ni nazorat qilishning xuddi shunday zamonaviy usullari tadbiq etilgan.