ISLOM ATLASI

ISLOM ATLASI — 10-a. da tuzilgan geografik xaritalar majmui. Yevropa ilmiy adabiyotlarida «Islom atlasi» nomini olgan. Uning asosini «Al-masolik va-l-mamolik» («Yoʻllar va mamlakatlar») mavzusi boʻyicha arab tilida yozilgan tavsifiy-geografik asarlar tarkibidagi xaritalar tashkil qiladi. Islom atlasida 21 xarita boʻlib, ular quyidagi tartibda joylashtirilgan: dunyoning doiraviy xaritasi, Arabiston, Fors dengizi, Magʻrib, Misr, Shom, Rum dengizi, al-Jazira, Iroq, Xuziston, Fors, Kirmon, Sind, Armaniston (Arron va Ozarbayjon bilan birga), Jibol, Gilon (Tabariston bilan birga), Xazar dengizi, Fors chuli, Sijiston, Huroson, Movarounnahr).

Islom atlasi dagi xaritalar dastlab oʻrtaosiyolik mashhur olim Abu Zayd ibn Saxl Balxiy (850—934)ning «Suvar al-akolim» («Iqlimlar surati») geografik asarida berilgan. Uni Istaxriy Abu Isʼhoq al-Forisiy (850—934) qayta ishlab, xaritalarga ham ancha yangi maʼlumotlar kiritdi. Istaxriyning mazkur asari fanda «Kitob masolik almamolik», («Yoʻllar va mamlakatlar kitobi») nomi bilan maʼlum; nusxalari juda koʻp, jahonning turli kutubxonalariga tarqalgan. Forscha tarjimalari ham anchagina. Shu sababdan Abu Zayd Balxiy va al-Istaxriy asarlari dastlab fors tilida yozilgan, degan xulosalarham mavjud. Islom atlasi sining Abul Krs. im Ibn Havqal anNisibi (10-a.) tomonidan qayta ishlangani fanda ancha mukammal deb topilgan va u «Kitob al-masolik va-l-mamolik» boshka nomi «Kitob surat al-arz» («Yer surati kitobi») deb ataladi. Ibn Havqal asarida xaritalarga yozilgan izohlar ancha mukammal, muallif turli geografik manba maʼlumotlaridan ham keng foydalangan. Bu asar nafakat Sharqda, balki Yevropada ham shuhrat topdi.

Islom atlasi dan, asosan, islom mamlakatlarining xaritalari oʻrin olgan va ularni «Iqlimlar» ham deyishgan. Bu yer yuzining siyosiy-maʼmuriy qismlarga boʻlinish (forslardagi «haft kishvar») ini eslatadi (q. Yetti iqlim).

Islom atlasi keyingi yillarda arab va fors tillarida geografik asarlar yozilishiga, xaritalar tuzilishiga katta taʼsir koʻrsatdi, aksari mualliflar undagi xaritalarni oʻz kitoblariga kiritdilar. Islom atlasi Yevropada nemis olimi K. Miller tomonidan nashr etilgan (1926), «Arab xaritalari» toʻplamidan ham oʻrin olgan.

Omonulla Boʻriyev.