INTRODUKSIYA

INTRODUKSIYA (lot. introductio – joriy qilish) , oʻsimliklar introduksiyasi — turli oʻsimliklar turlari va navlarini oʻz tabiiy arealidan ilgari uchramagan hududlarga koʻchirish (jalb etish). «Introduksiya» tushunchasi 19-a. ning 2-yarmidan buyon qoʻllanib kelinmoqda. Oʻsimliklar Introduksiyasi nazariyasini shveysariyalik botanik A. De-kandol (1806—93) 1855-y. da asoslab bergan. N. I. Vavilov oʻzi yaratgan madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari nazariyasi asosida 1920-y. da Introduksiyaning ilmiy asoslarini ishlab chikdi.

Hozir deyarli barcha qitʼalarda yetishtirilayotgan madaniy oʻsimliklarning koʻpchiligi turli geografik oʻlkalardan tarqalgan, «koʻchirib keltirilgan» oʻsimliklar hisoblanadi. 16—17-a. larda Amerikadan Yevropaga makka-joʻxori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, tamaki va b. tarqalgan boʻlsa, 17-a. dan boshlab Shim. Amerikada Yevropadan keltirilgan olxoʻri, olma, nok, kashtan va b. oʻstirildi, Avstraliyada makkajoʻxori, qovoq, zaytun, uzum, sitruslar paydo boʻldi. Oʻsimliklar tabiiy arealdan yangi hududlarga Introduksiya qilinganda turlar (navlar)ning hayotchanligi va Introduksiyaning maqsadi boʻlgan qimmatli xoʻjalik belgilarining yaxshilanishi yuz beradi: meva (urugʻ) hosildorligi koʻtariladi, fitomassa koʻpayadi, muhitning turli omillariga, kasallik, zararkunandalarga chi-damliligi ortadi va b. «Oʻz markazlari»dan Introduksiya etilishi oʻsimliklar arealini maʼlum doirada kengaytirdi va bu borada ayrim oʻsimliklarning bir-lamchi markazlar bilan boʻlgan aloqasi uziladi. Mas, yer yongʻoqning vatani — Shim. Argentina, biroq hozir yer yongʻoq eng koʻp ekvatorial Afrikada yetishtiriladi. Kartoshkaning vatani — Jan. Amerika boʻlsa xam, u dunyoning koʻpgina davlatlarida asosiy oziq mahsuloti hisoblanadi.

Oʻrta Osiyo ham koʻpgina madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish marka-zi hisoblanadi va bu yerda ularning xilmaxil shakllari uchraydi. Shu bilan bir qatorda, 19-a. da va undan avval Oʻrta Osiyoga aholiga nomaʼlum boʻlgan oʻsimliklar keltirilgan, ular iqlimlashtirilib, asosiy ekinlarga aylangan. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda Introduksiya natijasida kartoshka, pomidor, shirin qalampir, baqlajon, karam, ayrim koʻkat va ziravorlar, yer yongʻoq, hurmo, limon, unabi kabi sab-zavotlar, poliz ekinlari, meva turlari tarqaldi.

Oʻsimliklar Introduksiyasi uchun materiallar yigʻish maqsadlarida madaniy oʻsimliklarning birlamchi va ikkilamchi kelib chiqishi markazlariga ilmiy eks-peditsiyalar uyushtiriladi (mas, Oʻzbekiston FA Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi in-ti gʻoʻzaning yovvoyi turlarini yigʻish boʻyicha akad. A. Abdullayev boshchiligida 1975-y. da Meksika, 1984-y. da Peru, 1989—90 y. larda Shri Lanka, Hindiston, Xitoy, 1997-y. da Avstraliyaga ilmiy ekspeditsiyalar yuborgan). Botanika va seleksiya muassasalarida oʻsimliklar Introduksiyasi va soʻngra ularni iqlimlashtirish ishlari olib boriladi.

20-a. ning 30-y. larida Oʻzbekistonda tashkil etilgan ilmiy tashkilotlar ilmiy reja asosida jahon madaniy va yovvoyi oʻsimliklarining xilma-xil turlarini yigish, Introduksiya ishlarini boshladilar. Hoz. Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik, Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi, Botanika i. t. in-tlari va Botanika bogʻida Introduksiya langan va mahalliy navlar asosida turli ekinlarning kolleksiyalari tashkil etilgan.

Jahon mamlakatlari oʻrtasida ilmiy hamkorlik kengaygan sharoitlarda Introduksiyaning vazifasi oʻsimliklarni ilmiy asosda yangi oʻlkalarga jalb etish va mavjud ekinlar nav tarkibini zamonaviy sanoat navlari bilan boyitishdan iborat (yana q. Adaptatsiya, Areal, Iqlimlashtirish).

Ad.: Vavilov N. I., Proisxojdeniye i geografii kulturnыx rasteniy, L., 1978; Belolipov Introduksiya, Introduksiya travyanistыx rasteniy prirodnoy florы Sredney Azii (ekologo-introduksionnыy analiz), T., 1989.

Fayzulla Hojiyev.