IKKI PALLALILAR

IKKI PALLALILAR, plastinkajabralilar (Bivalvia, Lamel-libranchiat) — mollyuskalar tipining sinfi. Tanasining uz. bir necha mm dan 1,5 m gacha, vazni 30 kg, baʼzan 200 kg gacha (tridakna), bilaterial simmet-riyali, yon tomondan yassilangan gavda va oyoqdan iborat. Boshi boʻlmaydi. Koʻpchiligining oyogʻi bitta, ponasimon; tuban tuzilgan turlarida yassi; harakatsiz yopishib yashaydigan turlarining oyogʻi reduksiyaga uchragan (mi-diyalar, dreyssenalar) yoki yoʻqolib ketgan (ustritsalar). Koʻpchilik Ikki pallalilar oyogʻidagi bissus bezlari ishlab chiqaradigan bissus iplari yordamida sub-stratga mahkam yopishib olib yashaydi. Tanasi mantiya bilan qoplangan. Chigʻanogʻi tanasini yon tomondan yopib turuvchi ikkita palladan iborat. Chigʻanogʻining ichki tomoni koʻpincha sadaf bilan qoplangan. Pallalar chetida chigʻanoqni yopuvchi qulf (tish) hosil qiladigan oʻsimtasi boʻladi. Chigʻanoq pallalarining oldingi va keyingi ichki yuzasida yopuvchi muskullar bor. Ayrim Ikki pallalilar (marvariddorlar, midiyalar) mantiya-siga tushgan yot zarralar (qum)ni sadaf bilan oʻrab olib, marvarid hosil qiladi. Jigari 3 boʻlakdan iborat. Jabralari koʻpchiligida plastinkaga oʻxshash (sinfning ikkinchi nomi ana shundan kelib chiqqan). Nerv sistemasi 3 juft gangliydan iborat. Sezgi organlari kuchsiz rivojlangan. Qon aylanish sistemasi ochiq; ayirish sistemasi uzun tasmasimon buyrakdan iborat. Koʻpchilik Ikki pallalilar ayrim jinsli; ayrim turlarida jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Oʻrugʻlanishi tashqi, lichinkasi erkin suzib yuradigan veligir yoki gloxidiy. Ayrim turlari tuxumlari va lichinkalarini jabralarida olib yuradi. 20000 ga yaqin turi bor, asosan, dengizlarda tarqalgan. Chuchuk suvlarda sadafdorlar, marvariddorlar va baqachanoqlar tarqalgan. Suv tubida yashaydi. Suvni filtrlovchi detritofaglar, plantofaglar, baʼzi turlari yirtqich. Baliqlar va b. dengiz hayvonlariga oziq boʻladi. Ayrim turlari tosh yoki yogʻochni teshish xususiyatiga ega. Bir qancha turlari kemalar korpusi va gidrotexnik qurilmalarga katta ziyon keltiradi. Goʻshti uchun ovlanadi (midiyalar, ustritsalar). Ayrim turlari (marvariddorlar) marvarid olish va goʻsht uchun boqiladi. Baʼzi Ikki pallalilar suv qushlari parazitlarining oraliq xoʻjayini hisoblanadi. Baqachanoqning lichinkasi chuchuk suv baliklari terisida parazitlik qiladi. Oʻzbekiston suv hav-zalarida Ikki pallalilar mollyuskalarning 52 turi tarqalgan, jumladan, 5 turi endemik boʻlib, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Ad.: Mavlonov O., Hurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998.