IJEVSK

IJEVSK (1984-87 y. larda Ustinov) — RF dagi shahar (1918-y. dan), Udmurtiya Respublikasi poytaxti. Kama daryosidan 40 km narida, Ij daryosi sohilida. T. y. tuguni. Aholisi 653 ming kishi (1990y. lar oʻrtalari). Mashinasozlik va metallsozlik korxonalari, shu jumladan, «Ijmash» i. ch. birlashmasi (yengil avtomobillar, mototsikllar, ov miltiqlari, stanoklar va b.), «Ij-neftemash» z-di, radiozavod, «Ij-stal» i. ch. birlashmasi, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari, 4 oliy oʻquv yurti (shu jumladan Udmurtiya un-ti), oʻlkashunoslik, tasviriy sanʼat muzeylari, 4 teatr mavjud. Ijevskga 1760-y. asos solingan.