IDIL

IDIL, Itil — 8 — 10-a. larda Xazar xoqonligining poytaxti. Hoz. Astraxon sh. dan yuqorida, Idil (Volga) daryosining har ikkala qirgʻogʻida va kichik orolda joylashgan. Idilda xazarlar, turklar, slavyanlar, yahudiylar yashagan. Aholisi chorvachilik, dehqonchilik, baliqchilik, hunarmandchilik va savdo b-n shugʻullangan. Idilda xoqon saroyi, ibodatxonalar, maktablar, hammomlar va bozorlar boʻlgan. Turar joylari chaylalar, kigiz oʻtovlar va yertoʻlalardan iborat boʻlgan. 965-y. da Kiyev knyazi Svyatoslav I Igorevich tomonidan vayronaga aylantirilgan.