IDEAL SHAHAR LOYIHASI

IDEAL SHAHAR LOYIHASI — Uygʻonish davrida Italiya meʼmorlari tomonidan yaratilgan. Mil. av. 1-a. ning 2-yarmida yashagan Rim meʼmori va muqandisi Vitruviyning yunon va qad. Rim meʼmorlari tajribalarini umumlashtirib yozgan «Meʼmorlik haqida oʻn kitob» risolasiga rioya qilib, oʻz davrida ilm va texnika yutuklariga, davr estetik ideallariga tayanib Ideal shahar loyihasini yaratdilar (1450—1615). Loyihalarda shahar xududini turar joy, maʼmuri-yat, savdo, i. ch., jamoat majmualariga ajratib qurish, shaharliklarni kasbikori, tabaqasiga ajratib joylashtirish koʻzda tutilgan. Ideal shahar loyihasiga rioya qilib Terra del Sole (1564), La Valetta sh. (1566) va Palma Nuova (1593 — 95) qalʼalari, Grammikele sh. (1693) va b. bir necha shaharcha qurilgan.

Sharqda Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Nizomiy, Saʼdiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va b. oʻz ijodida Ideal shahar loyihasi masalasiga toʻxtalgan. Forobiyning «Ideal shahar aholisining maslagi» asarida «Haqiqiy baxtga erishish maqsadida oʻzaro yordam qiluvchi qismlarni birlashtirgan shahar ideal shahardir, baxtga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi ideal jamoadir. Baxtga erishish maqsadida oʻzaro yordam bergan xalq ideal xalqdir», deyilgan. Ideal shahar loyihasida ilgari surilgan asosiy gʻoyalar, koʻzda tutilgan muhim maqsadlar keyingi davrlar meʼmorlik sanʼatida muhim ahamiyat kasb etdi. Shaharlarni aholiga qulay, koʻkalamzor, zonalarga ajratish va sh. k. fikrlar keyingi asrlar meʼmorlari loyihalarida rivojlantirildi.