IGNA SANCHIB DAVOLASH

IGNA SANCHIB DAVOLASH, akupunktura — organizmning yumshoq toʻqimalariga maxsus ignalar kiritib davolash. Reflektor terapiya usullaridan biri. Xitoy, Koreya, Yaponiya xalq tibbiyotida Igna sanchib davolash qadimdan maʼlum. Bunda gavdaning muayyan (700 ga yaqin) nuqtalariga kiritilgan ignalar nerv uchlarini taʼsirlaydi. Taʼsirlanish bosh yoki orqa miyaga, u yerdan turli aʼzolarga oʻtadi. Periferik nerv sis-temasi kasalliklari, uyqu buzilishi, moddalar almashinuvining oʻzgarishi, shikastlanish va b. natijasida paydo boʻladigan boʻgʻim va muskul kasalliklarida qoʻllaniladi. Zarurat tugʻilganda Igna sanchib davolash bilan birga dori-darmonlar ham buyuriladi. Igna sanchib davolashni vrach belgilaydi va faqat shu soha mutaxassisi oʻtkazadi.