IVAN IV

IVAN IV Grozniy (1530.25.8, Kolomenskoye qishlogʻi — 1584.18.3, Moskva) — «Butun Rusning ulugʻ knyazi» (1533-y. dan), 1-rus podshosi (1547-y. dan). Vasiliy III ning oʻgʻli. Mustabid hokim sifatida xalq uni «Grozniy» («Dahshatli») laqabi bilan atagan. Ivan IV 40-y. larning oxiridan Tanlangan rada ishtirokida davlatni boshqargan. Uning davrida Zemskiy soborlar chaqirilgan; 1550-y. Sudebniki tuzilgan; boshkaruv va sud islohotlari oʻtkazilgan; 1565-y. da oprichnina joriy etilgan; Angliya b-n savdo aloqalari oʻrnatilgan (1553); Moskvada 1-bosmaxona qurilgan; Qozon (1552) va Astraxon (1556) xonliklari boʻysundirilgan; Boltiq boʻyiga chiqish maqsadida Livon urushi olib borilgan (1558—83); Sibirni bosib olish boshlangan (1581). Ivan IVning ichki siyosati ommaviy qatl etishlar, dehqonlarni asoratga solishni kuchayishi bilan ajralib turadi.