IBROHIMOV

IBROHIMOV Abdurashid (Gabderashit) (1857, Tobolsk gubernyasi, Toro uyezdi — 1944, Yaponiya) — tatar maʼrifatparvari, ulamo. Qozondagi Qashqar mahalla madrasasida oʻqigan. Istanbulda dunyoviy ilm olgan (1877). Yurtiga qaytgach, maktab va madrasalarni isloh qilish gʻoyalarini targʻib qilgan. Goro sh. imom va mudarrisi (1885—92), Orenburg musulmonlari Diniy boshqarmasi qozisi (1892—95). Marjoniy, Rizouddin Faxriddin, Qayum Nosiriy kabi ilgʻor tatar maʼrifatparvarlari bilan hamkorlik qilgan. Istanboʻlga borib, «Choʻlpon» («Tong yulduzi») kitobini yozgan (1895). Ibrohimov Yevropa va Osiyo mamlakatlariga bir necha bor sayohat qilgan. Bu sayohatlar natijasida turk va tatar tillarida «Olami inson» asari bosilgan (1910-13). 1921-y. muhojirlikka joʻnab ketgan. 1933-y. dan Yaponiyada yashagan. Tokiodagi jome masjidi imomi. Turli mamlakatlardagi musulmon jamoalari hayotini oʻrgangan, islom gʻoyalarini targʻib qilgan.