IBN HAVQAL

IBN HAVQAL, Abulqosim ibn Havqal an-Nisibiy (? — Bagʻdod, 976) — arab sayyohi va geografi. 931—943-y. larda Magʻrib va Mashriq mamlakatlari, Sitsiliya o., Italiya, Ispaniya, Mesopotamiya (Ikki daryo oraligʻi), Eron boʻylab sayohat qilgan; Kordovada maʼlum vaqt yashagan. 952-y. da Istaxriyning «Kitob masolik al-mamolik» («Mamlakatlar yoʻllari haqida kitob») asaridagi va xaritalaridagi chalkashliklarni uning roziligi bilan tuzatib, keyinchalik shu asosda «Kitob ul-masolik va-l-mamolik» («Yoʻllar va mamlakatlar haqida kitob») deb atalgan mukammal asar yaratgan. Mazkur kitobni yozishda Ibn Hurdodbeh, Jayhoniy, Qudama ibn Jaʼfar asarlaridan ham foydalangan. Ibn Havqalning Afrika va Yevropadagi mamlakatlarga oid xabarlari, xususan, etnik maʼlumotlari oʻsha davr ilmfani uchun muhim yangilik boʻldi.