Ergash Karimov haqida
Ergash Karimov haqida
OʼZBEKISTON XАLQ АRTISTI
(1935)
Taniqli sanʼatkor, Oʼzbekiston televideniesi «Televizion miniatyuralar teatri» ning badiiy rahbari Ergash Karimov 1935 yilda Toshkentda tugʼilgan. 1954 yilda А. Ostrovskiy nomi¬dagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining aktyorlik fakulьtetini tugatgach, Surxondaryo viloyat teatrida aktyor sifatida oʼz ijodiy faoliyatini boshladi. Bu teatr sahnasida Qoʼziev («Shohi soʼzana»), Tolib («Dil-Dili Zaynab»), vazir («Uch bahodir») singari qator rollarni ijro etib, teatrda oʼz oʼrnini topayotgan bir paytda—1959-yilda Oʼzbekiston televideniesiga ishga taklif qilinadi. U televidenieda avval aktyor sifatida oʼz faoliyatini boshlab, «Gavrosh» telespektaklida Gavrosh, «Аrxip bobo va Lyonka» asarida Lyonka, «Oʼqituvchi»da oʼqituvchi, А.P.Chexov va S.Аhmad hikoyalari asosida tayyorlangan postanovkalarda bir qator obrazlar yaratadi. E.Karimov 60-yillarning boshidan ham aktyor, ham re¬jissyor sifatida ishlay boshladi. Oʼsha yillari «Istiqbol egalari», «Gʼazalxon yoshligim», «Mardlik — mangulik» sin¬gari televizion jurnallarni tayyorlashda jonbozlik koʼrsatdi. «Istiqbol egalari» telejurnali hajviy sahifasining satira va yumorga bagʼishlangan maxsus koʼrsatuvga aylantirilishi, yaʼni «Teleminiatyuralar teatri»ning tashkil etilishida bosh-qosh boʼldi. «Teleminiatyuralar teatri» xalq oʼrtasida juda katta shuhrat, muvaffaqiyatga sazovor boʼldi. Bunda Ergash Karimovning ham rejissyor, ham aktyor sifatidagi xizmatlari kattadir. Xususan oʼsha yillari yaratilgan «Oliq—soliq», «Lampa shisha», «Paxtakor yutganda va yutqizganda», «Toshkent piyolasi», «Jorj—morj» singari miniatyuralar xalq oʼrtasida katta shuhrat qozondi. E.Karimov bundan tashqari Oʼzbekiston televideniesining «Otalar soʼzi—aqlning koʼzi» koʼrsatuviga rejissyorlik qilish bilan birga mehnatkashlar, ishchi-kolxozchilar huzurida uchrashuvlar oʼtkazish bilan shugʼullandi. 1990 yildan boshlab «Teleminiatyuralar teatri» repertuarining koʼp qismini А.Qahhor nomli satira teatri sahnasiga olib chiqdi. E.Karimov hozirda «Televizion miniatyuralar teatri»ning badiiy rahbari vazifasida ishlash bilan birga, Oʼzbekiston radiosining «Tabassum» radiojurnalida faoliyat koʼrsatmoqda, yangi suratga olinayotgan badiiy filьmlarda rollar oʼynab, samarali ijod etmoqda. Ergash Karimovning barakali ijodi munosib taqdirlandi. 1990 yilda unga «Oʼzbekiston xalq artisti» unvoni berildi. 1999 yilda u «El-yurt hurmati»ordeni bilan mukofotlandi.