Dangasalikdan qutulish uchun 7 ta foydali maslahat
💪 Dangasalikdan qutulish uchun 7 ta foydali maslahat
“Buni keyinroq bajararman. Ertaga qilsam-chi? Yo indinga qoldiraymikan?..” Bu gaplarni qanchalik ko‘p ishlatasiz? Har kuni?! Axir o‘sha “keyin” ham qachondir kelishi kerak-ku! Xuddi ayoliga uydagi yumushlarni bajarishga va’dabozlik qilgan multfilm qahramoni kabi uyingizdagi buyumlardan tog‘ paydo bo‘lib, qulab tushishi mumkin. Xo‘sh, nima qilish kerak?
1. Nimani yo‘qotayotganingizni o‘ylab ko‘ring.
Til o‘rganishni orqaga surayapsizmi? Unda sizni xorijga xizmat safariga yuborishmaydi. Ovqatni kechiktirsangiz, yo‘q joydan janjal chiqib, ko‘ngil xira bo‘ladi.
2. O‘zingizga stimul toping.
Atrofingizga nazar tashlang: tengqurlaringiz sizdan o‘zib ketibdi-ku! Hasadingiz kelayaptimi? Unda ishlang.
3. Diqqatingizni chalg‘itmang.
Kompyuterda muhim hisobotni tayyorlashingiz kerakmi, “butun dunyo o‘rgimchak to‘ri”ga ilinmaslikka harakat qiling. Avval ishni bajaring, qolgani kutib turadi.
4. Oldingizda turgan ishlar juda ko‘p bo‘lsa, ularni qismlarga bo‘lib, eng osonidan boshlang.
Yoki aksincha, eng qiyin ishni bajarib bo‘lgach, qolgani cho‘t bo‘lmay qoladi.
5. Siz ishlayotganda o‘zgalar bezovta qilmasligini ta’minlang.
Telefon, turli gurunglar odamni ishdan chalg‘itadi. Ularga berilmaslik tadbirlarini ko‘ring.
6. O‘zingizga ish yig‘mang.
Masalan, ba’zi ishlar (misol uchun, idish yuvish)ni o‘sha zahoti qilgan ma’qul. Chunki tartib o‘rnatishdan ko‘ra uni saqlab turgan osonroq.
7. O‘zingiz kabi o‘zgarishni istayotgan hamfikrni toping.
Bir-biringizga erishgan eng kichkina yutuqlarni ham gapirib berishga kelishib oling. Shunda o‘zingizni avval o‘rtog‘ingizga, so‘ng boshqalarga tan oldirish uchun kattaroq ishlarni bajarishga rag‘batlantirasiz.
Maslahatlarni shu joyigacha o‘qib tugatdingizmi? Demak, dangasalik zanjirini uzishni boshlabsiz. Endi reja asosida ishlarni taqsimlang. Natijalar ko‘zga tashlanishi bilan yutuqlarni o‘zingizga o‘zingiz sovg‘a qilib mustahkamlang.