Soch to’kilishi tabiiy jarayondir. Har kuni kishi 60-100 tola soch yo’qotadi. Odatda, yangi o’sib chiqqan va to’kilgan sochlarning soni bir xil darajada bo’ladi, biroq ma’lum sharoitlarda sochning to’kilgan miqdori ortib ketadi. Agar soch to’kilishi umumiy xarakterga ega bo’lsa, u kallikka olib kelishi mumkin.
Soch umrining o’rtacha davmiyligi 7 yil bo’ladi, dastlabki bosqichlarda u nozik va ingichka bo’lib, keyinchalik faol o’sa boshlaydi va bu davr 2-7 yil davom etadi. Keyin katagen faza, ya’ni to’kilishga tayyorlanish bosqichi keladi va u 2-4 hafta davom etadi. Va nihoyat, soch to’kilishi bosqichi keladi, u follikulaning (soch ildizi, soch xaltachasi) chuqur joylashganligiga qarab, 3-4 oy talab qiladi. Shuning uchun tabiiy to’kilishdan oshib ketgan soch to’kilishi kuzatilgan bo’lsa, unda sababini uch oy oldingi omillardan ko’rish kerak.
Kallik va soch to’kilishining sabablari har xil bo’lsa ham, har ikki holatda ham insonning sochlari katta miqdorda yo’qotiladi. Soch to’kilishining eng ko’p uchraydigan sabablaridan biri tanadagi temir mikroelementining yetishmasligidir. Ayollar hayz paytida tabiiy oylik qon yo’qotishlari tufayli ko’pincha temir tanqisligi anemiyasidan aziyat chekishadi va uning birinchi klinik ko’rinishi aynan tirnoq, teri va sochlarda seziladi.
Yuqori jismoniy faollik, muvozanatsiz parhez va ozish uchun qat’iy parhezlar anemiya (kamqonlik) rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, sochlar rangsiz, quruq va mo’rt bo’lib qoladi, anemiya davolanmasa, soch to’kilish jarayoni faqatgina kuchayadi.
Stressli vaziyatlar va vegetativ asab tizimining buzilishlari bosh terisidagi tomirlarning torayishiga olib keladi. Uzoq cho’ziladigan stress holatida tomirlar normal holatga qaytmaydi, bu esa sochlarning to’kilishiga olib keladi, chunki soch follikulasi oziqlanishi yomonlashadi.
Tananing surunkali kasalliklari, ayniqsa endokrin kasalliklarga uchraganlar ko’pincha sochlarning to’kilishidan shikoyat qilishadi. Qalqonsimon bez kasalliklari, moyaklar polikistozi, pnevmoniya va sifilis (zaxm) kabi kasalliklar sochlarning to’kilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun muammo ko’proq estetik bo’lsa-da, shunga o’xshash alomatlari bo’lgan barcha bemorlar keng qamrovli ko’rikdan o’tishlari kerak.
Ba’zi dorilarni qabul qilish soch to’kilishiga turtki bo’ladigan nojo’ya ta’sirga ega. Bunday ta’sirga ega dorilar taxminan yuzga yaqin, asosan, oral kontratseptivlar, antidepressantlar, gipotenziv va steroid preparatlar. Aspirin, zararsiz ko’rinadigan bo’lsada, doimiy qabul qilinishi natijasida ko’pincha soch to’kilishiga olib keladi.
Qomatni saqlash uchun o’z tarkibida og’ir metal tuzlari va selen saqlagan preparatlar sochlarga yaxshi ta’sir ko’rsatmaydi va unday dorilar asosan ich suradigan ta’sir ko’rsatgani uchun vitamin va minerallarning so’rilishi buziladi. Shuning uchun bu holatda soch to’kilishi og’ir metal tuzlari bilan surunkali zaharlanish va anemiya bilan bog’liq.
Sochni bo’yash, kimyoviy o’rash, sochni quritgich (fen) bilan keragidan ortiq quritish sochlarning to’kilishiga olib kelishi mumkin. Uzoq muddat soch pariklar, ulama sochlar taqib yurish va sochlar yoki bosh terisi parvarishi vositalarini noto’g’ri qo’llash turli muammolarga olib kelishi mumkin.
Sovuq mavsumda bosh kiyimlarini kiyganda sochga beparvolik qlish va kofein saqlagan ichimliklarni suiste’mol qilish boshdagi qon tomirlarning doimiy spazmiga olib keladi, bu esa soch follikulalaring yetarlicha oziqlanmasligiga sabab bo’ladi.
Ko’pincha, sochlarni ko’chirib o’tkazgan bemorlar ko’chirib o’tkazilgan sochlarning to’kilib ketishiga e’tibor berishadi. Bu, tananing oddiy reaktsiyasi, yangi joyga ko’chirilgan follikullar, stressni boshdan kechirishadi va qisqa tanaffusdan keyin soch o’sishda davom etadi.
Soch to’kilishi e’tiborga olinmay qolmaydi. Alopetsiya (kallik) asosan erkaklarda kuzatilsa, ayollarda tez-tez soch to’kilishi bilan bog’liq muammolar uchraydi.
Oddiy sochlarning to’kilishidan alopesiyaning muhim farqi shundaki, soch to’kilishida soch follikulining patologiyasi kuzatilmaydi. Shuning uchun, sochlarning yo’qotilishi jarayoni rivojlanganlik bosqichidan qat’iy nazar, har doim tiklanadi. Sochlarning uchi yaqindan tekshirilganda, qoramtir xaltachani ko’rish mumkin — bu yaxshi belgi emas. Agar sochni tortganda qo’lda beshdan ortiq soch tolasi qolsa, bu sochlarning to’kilishi odatdagidan ancha yuqori ekanligini ko’rsatadi.
Ba’zi hollarda sochlarning normal miqdordan ortiq to’kilishi kasallik yoki tashqi sabablar bilan bog’liq bo’lmaydi. Tanadagi gormonal o’zgarishlar vaqtida sochlarning to’kilishi kuchayishi mumkin, shundan keyin ular normal holatga qaytadi. Bunday davrlar bolaning 3 dan 6-oyigacha bo’lgan postnatal davri, balog’at davri, tug’ruqdan keyingi davr, homiladorlikning uzilishi va menopauzaga qadar bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.
Soch to’kilishining sababini aniqlash uchun trixolog maslahati kerak. Bunda keng ko’lamli tahlillar o’tkaziladi, ular qon tahlili, gormonal fonni tahlil qilish, sochlarning spektral tahlili va alopesiyani inkor qilish uchun tekshiruvlarni o’z ichiga oladi.
Teri, tirnoq va sochning holati tananing ichki holatini aks ettiradi, shuning uchun sochlar to’kilganda ushbu jarayonning birlamchi sababini bartaraf etish kerak. Davolash davomida sochga zararli ta’sir ko’rsatuvchi omillar qo’llanilmaslik kerak, masalan fen bilan quritish, sochlarni bo’yash. Bundan tashqari, soch laki, muss va gellar ishlatish ham tavsiya etilmaydi.
Soch to’kilishi jarayoni tugashi bilan, sochlar yana o’sishi boshlanishi uchun follikullarning tiklanishiga biroz vaqt kerak bo’ladi. Sochni to’kilish bosqichida o’sishni tiklash asosiy sabablarni bartaraf etishga qaratilgan bo’lib, undan keyin turli xil soch o’sishini rag’batlantiruvchi vositalar qo’llaniladi. Agar soch dori-darmonlar tufayli to’kilsa va ularni bekor qilib bo’lmasa, shifokor masalahti bilan ularni shunday ta’sirga ega boshqa turdagi dorilarga almashtirish mumkin.
Temir tanqisligi anemiyasini bartaraf etish, turki bo’layotgan birlamchi kasalliklarni davolash va shu bilan birgalikda bosh qon aylanishini yaxshilash yaxshi natijalar beradi.
Zamonaviy trixologiyada qo’llaniladigan soch to’kilishini davolashning samarali usullari bosh terisi massaji va apparatli davolash usullarini o’z ichiga oladi. Ularning ta’siri soch o’sishini rag’batlantirish va ularning to’kilishini kamaytirishga asoslangan.
Mikrotokli terapiya follikullarga elektr energiyasi bilan ta’sir qilish va teri ostiga faol moddalar kiritish imkonini beradi. Terapevtik fiziomuolajalardagi tokning kuchlanishi juda past, shuning uchun ular salomatlikka zarar yetkazmaydi va yoqimsiz his-tuyg’ularga olib kelmaydi.
Vakuum massaji paytida bosh terisi ustiga kichkina chashkachalar o’rnatiladi va bu pulsatsiya qiluvchi vakuum hosil qiladi. Muolaja qon aylanishini yaxshilash, follikullarini uyg’otish va o’sish bosqichida bo’lgan sochlarni yaxshi oziqlanishini ta’minlaydi.
Bosh terisi ostiga soch o’sishini rag’batlantiradigan va sochlarning to’kilishini kamaytiradigan moddalarni yuborish bilan mezoterapiya to’qimalarning mikrosirkulyatsiyasini yaxshilaydi, sochlarning to’kilishini kamaytiradi va sochlar follikullarida modda almashinuvini yaxshilaydi.
Ichki a’zolar faoliyatini me’yorga keltirish va bosh terisi va sochni parvarish qilishorqali soch to’kilishini to’xtatishga erishsa bo’ladi. Ko’pincha, yangi o’sgan sochlar susayganlarga qaraganda kuchliroq va mustahkam bo’ladi.
Agar soch yo’qolishi kimyoterapiya yoki nur terapiyasi natijasi hisoblansa, sochlar qayta o’sib chiqqandan keyin ularning tuzilishi va rangi o’zgarishi mumkin.
Soch to’kilishini oldini olish usullari umumiy salomatlikni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan. Sog’lom turmush tarzi bunga yaqindan ko’maklashadi. Bundan tashqari, quyidagi tavsiyalarga ham amal qilish kerak:
Shu bilan birga, aksariyat kishilar hamrohlik qiluvchi omillarni yoddan chiqarishadi. Xususan, sochlarga shikastlovchi ta’sir ko’rsatadigan omillardan qochish kerak. Sochlarni me’yordan ortiq tortib o’rash va uzoq muddat shu holatda qoldirish bunga bir misol. Sochiq bilan qattiq artish, fen bilan tez-tez quritish ham sochlarga shikast yetkazadi. Bu omillarning ta’sirini minimal darajagacha cheklash kerak.