Sobit ibn Dahdah

Sobit ibn Dahdah (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga ko‘chib kelganlarida, u kishiga birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zgan sahobiylardan biridir. Ba’zilar uni Abu Dahdah Ansoriy deyishsa, ayrimlar Abu Dahdah ibn Dahdah Ansoriy yoki Sobit ibn Dahdah deyishadi.

U zot (roziyallohu anhu) o‘tkir fahmli, ziyrak, shuningdek, mohir chavandoz edi. Doimo nochorlarga yordam berishga, mazlumlarni qo‘llab-quvvatlashga, mahzunlarga hamdard bo‘lishga shoshardi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbati cheksiz bo‘lib, xizmatlarini qilishni sharaf deb bilardi.

Abu Dahdah Ansoriy «Allohga “qarzi hasana” (Uning yo‘lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o‘sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana yaxshigina mukofot ham bordir» (Hadid, 11) oyati nozil bo‘lganini eshitgach, Payg‘ambar (alayhissalom)ning oldilariga borib:

– Yo Rasululloh, Alloh taolo qarzi hasana berishimizni xohlayaptimi? – dedi.

Payg‘ambar (alayhissalom):

– Ha, ey Abu Dahdah, – deb javob berdilar.

– Qo‘lingizni bering, yo Rasululloh, – dedi-da, u zoti bobarakotning muborak qo‘llaridan tutdi.

– Nima bermoqchisan, ey Abu Dahdah? – so‘radilar Payg‘ambar (alayhissalom).

– Agar men savob olish maqsadida, Alloh roziligi uchun nimadir bersam, jannatga kiramanmi? – dedi.

– Ha, albatta, – javob berdilar Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam).

– Ey Allohning Rasuli, mening ikkita bog‘im bor. Birining atrofi o‘ralgan, unda yetti yuz tup xurmo ko‘chati bor. Men Rabbimga shu bog‘imni berdim.

– Ey Abu Dahdah, aytganingni ber, ikkinchisini esa, oilang ehtiyoji uchun qoldir.

– Siz guvoh bo‘ling, yo Rasululloh, bog‘imning eng yaxshisini ehson qildim.

Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Jannatdagi duru yoqutdan bo‘lgan qancha-qancha xurmolar Abu Dahdahniki bo‘ldi”, deb aytdilar.

So‘ngra u hadya qilingan boqqa bordi. Bog‘ ichida yurgan ayoli va bolalarini ko‘rib: «Ey Dahdahning onasi, bu bog‘dan tezroq chiqinglar, Alloh taoloning: «Allohga “qarzi hasana” (Uning yo‘lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o‘sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana yaxshigina mukofot ham bordir», deya marhamat qilgan oyatiga binoan bu bog‘ni hadya qildim», dedi. Shunda ayoli: “Alloh bu ehsoningizni barakotli qilsin va sizni jannat bilan mukofotlasin”, deb, farzandlarining qo‘llaridagi, cho‘ntaklaridagi xurmo mevalarini yerga tashlab, ularni boshqa bog‘iga olib ketdi” (Abu Ya’lo va Tabaroniy rivoyati).

Abu Dahdah (roziyallohu anhu) umrining oxiriga qadar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bo‘ldi. U har qanday xizmatga hoziru nozir edi, o‘zining go‘zal ibratlari bilan atrofdagilarga o‘rnak bo‘lardi. Musulmonlar uchun juda ham og‘ir kelgan hijriy uchinchi sanadagi Uhud g‘azotida barcha sahobiylar singari dushmanga qarshi kurashga otlandi. O‘sha jangda mushriklar Rasululloh (sollallohu alayhi va salam)ga zarar yetkazishga qattiq bel bog‘lashdi. Hattoki, atrofga “Muhammad o‘ldi!” degan yolg‘on xabarlar tarqaldi. Ayrimlar bundan sarosimaga tushib, tarqala boshlashdi. Shu mahal kimdir: “Ey ansorlar jamoasi! Bardam bo‘linglar, men tomonga keling­lar, tarqalmanglar, men tomonga kelinglar! Agar Muhammad o‘ldirilgan bo‘lsa, Alloh tirik, U Zot hargiz o‘lmaydi!” deb baqirardi. Bu jang maydonida mardonavor kurashayotgan Abu Dahdahning ovozi edi. Chaqiriqni eshitgan ansorlardan bir qanchasi uning atrofiga to‘plandi. Shu payt mushriklar hujum qilishdi. Biri Abu Dahdahga hamla kilib, uni jarohatladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), jang maydonida sahobiylarni ko‘zdan kechirar ekanlar, Abu Dahdahga duch keldilar. Uning yuzidagi tuproqni arta turib: “Alloh sizni rahmat qilsin, ey Abu Dahdah! Hozir siz uchun jannatda qanchadan-qancha osilib turgan mevali xurmo shodalari bor”, dedilar.

Abu Dahdah (roziyallohu anhu) hijriy oltinchi yilda foniy dunyoni tark etdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Osim ibn Adiyni chaqirib: “Orangizda unga nasab bo‘lgan kishi bormi?” dedilar. “Yo‘q” javobini eshitgach, uning merosini singlisining o‘g‘li Abu Luboba ibn Munzirga berdilar.

Hasanboy Ergashev tayyorladi | Hidoyat.uz