Abdulloh ibn Habib ibn Rubayyi’a Abu Abdurahmon Sulamiy Kufiy – mashhur qori, imom, olim, katta tobeinlardan. Abu Abdurahmon Kufa ahlining qorisi, sahobalar avlodidandir. Sulamiy Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida tug‘ilgan. Abu Ishoq rivoyat qilishicha, Sulamiyga Qur’onni avval otasi o‘rgatgan. Uning otasi Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan bo‘lib, u Zot bilan g‘azotlarda ishtirok etgan.
Abu Amr Doniyning aytishicha, Abu Abdurahmon Qur’oni karimni bevosita Usmon, Ali ibn Abu Tolib, Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumlardan o‘rgangan. O‘z navbatida undan Osim ibn Abu Najud, Yahyo ibn Vassob, Ato ibn Soib, Abdulloh ibn Iso ibn Abdurahmon ibn Abu Laylo, Muhammad ibn Abu Ayyub, Sha’biy va Ismoil ibn Abu Xolidlar Qur’onni o‘rganishgan.
Sulamiy Qur’oni karim qiroati va tajvid ilmi bo‘yicha katta olim bo‘lib, qiroatining sanadi eng sahih sanadlardan hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Islom olamidagi eng ko‘p tarqalgan qiroat sohibi imom Hafsning qiroat sanadi ham imom Osim orqali Sulamiyga bog‘lanadi. Imom Osim Sulamiyning shogirdlaridan biri bo‘lgan.
Abu Abdurahmon Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bilan Siffin jangida qatnashgan.
Imom Buxoriy Hajjoj ibn Minholdan, u Sho‘‘badan, u Alqama ibn Marsaddan, u Sa’d ibn Ubaydadan, u Abu Abdurahmon Sulamiydan, u Usmon roziyallohu anhudan, Usmon ibn Affon esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni (boshqalarga) o‘rgatganlar sizlarning yaxshilaringiz». Sa’d ibn Ubayda:«Abu Abdurahmon Usmon xalifaligi davridan Hajjoj hukmronligigacha Qur’onni ta’lim bergan. U:«Mana shu hadis meni bu yerga o‘tirishimga sababchi bo‘lgan», degan» (Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Dorimiy, Ahmad, Ibn Hibbon, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).
Rivoyat so‘nggida aytilishicha, Sulamiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislarini eshitganidan so‘ng Qur’oni karimni odamlarga ta’lim berish yo‘lida jiddu jahd qilgan.
Asqaloniy aytadi:«Sulamiy Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davridan boshlab Hajjoj Iroq hukmdori bo‘lguniga qadar Qur’onni kishilarga ta’lim bergan. Usmon roziyallohu anhuning xalifaligining boshlanishi va Hajjoj hukmronligining tugashi orasida uch oyi kam yetmish ikki yil bor. Usmon roziyallohu anhu xalifalik muddatining oxiri va Hajjoj hukmronligining boshlanishi orasida esa, o‘ttiz sakkiz yil bor. Lekin men Abu Abdurahmon qachondan boshlab qaysi muddatgacha Qur’oni karimni ta’lim berganini aniq belgilashga muvaffaq bo‘lmadim. Alloh bilguvchiroqdir» («Fathul-boriy», 9-juz’, 76-77-betlar).
Abu Ishoq Sabi’iyning aytishicha, Sulamiy qirq yil davomida katta masjidda odamlarga Qur’oni karimni o‘rgatgan. («Siyaru a’lamin-nubala»).
Ismoil ibn Abu Xoliddan rivoyat qilinishicha, Abu Abdurahmon Sulamiy yodlash va o‘rganish oson bo‘lishi uchun Qur’onni besh oyat-besh oyatdan ta’lim berar edi.
Sulaymiyning qiroat sohasiga qo‘shgan hissasidan tashqari, uning taqvosi, ixlosi va saxovati haqida ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Ato ibn Soib rivoyat qiladi: «Abu Abdurahmon Sulamiyning vafoti yaqinlashib qolganida uning huzuriga kirdik. Shunda u: «Men hozir Parvardigor rahmatidan umid qilib turibman. Darhaqiqiat, men U Zot uchun sakson yil ro‘za tutdim», dedi».
Ato ibn Soibning aytishicha, Sulaymiy masjidga taom berib yuborib, uni yetim va miskinlarga tarqatishni buyurardi. Ko‘p hollarda odamlar unga qarata: «Baarokallohu fiyk (ya’ni Alloh sen(ing ahlingga va moling)ga baraka bersin)», deganlarida, u ham: «Baarokallohu fiykum (Alloh sizlar(ning ham ahlingiz va mollaringiz)ga baraka bersin)» , deb javob qaytarar va: «Men Oisha roziyallohu anho: «Agar siz biron narsa sadaqa qilganingizda, haqqingizga duo qilinsa, sizlar ham javob qaytaringlar. Shunda sadaqa qilgan narsalaringiz savobi o‘zlaringizda qoladi», deganini eshitganman», derdi.
Sulamiy hijriy 70 yilda vafot etgan. Ibn Sa’dning aytishicha, uning vafoti Bishr ibn Marvon Iroqqa amirlik qilgan paytlarga to‘g‘ri keladi.
Abu Abdurahmondan sihohi sitta sohiblarining barchasi rivoyat qilishgan. Ibn Hajar va Zahabiylar uni ishonchli roviy va fozil kishilardan ekanini zikr qilishgan.
Abu Abdurahmon Umar, Usmon va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. O‘z navbatida undan Sa’d ibn Ubayda, Osim, Abu Ishoq, Alqama ibn Marsad, Ato ibn Soib va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.
Muhammad ibn Husayn ibn Xolid ibn Solim ibn Roviya ibn Said ibn Qabiysa ibn Suroqa Abu Abdurahmon Sulamiy Naysaburiy (melodiy 936/942-1021) – Xuroson so‘fiylik maktabi vakili, ko‘plab asarlar muallifi.
Sulamiy hijriy 325 yil Jumodus-soniy oyining 10-kuni Nishopurda tug‘ilgan. Sulamiy, uning otasi va bobosi so‘fiy bo‘lgan. Uning so‘fiy bo‘lib yetishishida ona tomondan bobosi Abu Amr Ismoil ibn Nujaydning o‘rni katta bo‘lgan. Sulamiyning otasi vafot etgach, uni bobosi Ibn Nujayd qaramog‘iga olib, nabirasining ilmiy halqalarda ishtirok etishini ta’minlaydi, ilm olishi uchun sharoit yaratib beradi.
Sulamiy hadis va tasavvufni o‘rganish maqsadida ilm istab ko‘p yurtlarda bo‘lgan. Jumladan, Iroq, Ray, Hamadon, Marv, Suriya va Hijozga safar qilgan. U hadis va fiqhni Muhammad ibn Yoqub Abul Abbos al-Asomm va Abul Hasan Ali ibn Umar ibn Masrur Doraqutniydan o‘rgangan. Ibn Husayn Sulamiy yana quyidagi ulamolardan ta’lim olgan:
1. Ibrohim ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Rajo al-Abzoriy, Nishopurning eng mashhur muhaddislaridan.
2. Ibrohim ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Mahmuvayh Abul Qosim Nasr Obodiy, Nishopurning muhaddis va tarixchisi, «Tarixu naysabur» asari muallifi.
3. Ahmad ibn Ishoq ibn Ayyub ibn Yazid ibn Abdurahmon ibn Nuh Abu Bakr az-Zuba’iy, Nishopur shayxlaridan.
4. Ahmad ibn Abdulloh ibn Ahmad ibn Ishoq ibn Muso ibn Mahron Abu Nuaym al-Asbahoniy, mashhur muhaddis, «Hilyatul-avliyo», «Tarixu axbari asbahan» asarlari muallifi.
5. Ahmad ibn Ali ibn Hasan ibn Shozon, Nishopur qorilaridan, Ibn Husnavayh ismi bilan mashhur bo‘lgan.
6. Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayh ibn Ismat ibn Vakiy’ ibn Rajo Abu Said an-Naxa’iy, Niso ahlidan.
7. Ismoil ibn Nujayd Abu Amr Sulamiy, Sulamiyning ona tomondan bobosi, u ko‘p ilmni bobosidan eshitgan.
8. Ja’far ibn Muhammad Abulqosim az-Zarriy.
9. Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Abu Bakr Qaffol Shoshiy (291-366), fiqh, tafsir va lug‘atda zamonasining tengi yo‘q olimi, o‘z davrida shofe’iy mazhabi shayxi bo‘lgan.
Biz Sulamiyning ustozlaridan ba’zilarining ismini zikr qildik, xolos. Sulamiy ilmga chanqoqligidan qaerda o‘zidan olimroq kishi borligini eshitsa, uning oldiga borib, ilm o‘rganar, dars eshitardi.
O‘z navbatida Sulamiydan juda ko‘plab kishilar, jumladan, Ahmad ibn Husayn Abu Bakr Bayhaqiy, Ahmad ibn Abdulvohid al-Vakil, Abdulloh ibn Yusuf Abu Muhammad al-Juvayniy, Ubaydulloh ibn Ahmad al-Azhariy, Ali ibn Sulaymon ibn Dovud Abul Hasan al-O‘zgandiy va boshqalar ta’lim olishgan.
Sulamiy hadis, tafsir va tasavvufga oid yuzdan ortiq asar yozgan. Jumladan, «Al-uxuvvatu val-axovatu fis-sufiyya», «Odobut-ta’oziy», «Odobu-suhbati va husnil-ishra», «Odobus-sufiyya», «Arba’iyn fil-hadis»,«Amsalul-qur’on»,«Tarixu ahlis-suffa», «Tarixus-sufiyya», «Javomi’u odobis-sufiyya», «Haqoiqut-tafsir», «Darajotul-muomalot», «Az-zuhd», «Sulukul-orifin», «Sunanus-sufiyya», «Tabaqotus-sufiyya»,«Al-farqu baynash-shari’ati val-haqiyqa», «Maqomatul-avliyo», «Muqaddamatun fit-tasavvuf»,«Manohijul-orifin» asarlari Sulamiyning ijod mahsulidir. Ulardan eng mashhuri «Tabaqotus-sufiyya» bo‘lib, unda 9-10 asrlarda yashagan sufiylar haqida ma’lumotlar bor. Sulamiy tafsir yoki hadis sohasida yozgan asarlari bilan emas, balki aynan tasavvuf yo‘nalishidagi asarlari bilan shuhrat qozongan.