Onkologiyada kimyoterapiya ahamiyati
Saraton bugungi kunda boshqa kasalliklar ichida xavfliligi va oʼlim koʼrsatkichi yuqoriligi jihatidan dunyo boʼyicha ikkinchi oʼrinni egallab turibdi. Аyanchlisi, bemorlarning aksariyati kasallikning oxirgi bosqichida shifokorga murojaat qilmoqda, bu esa oʼz navbatida davolash samaradorligining pasayishi va oʼlim koʼrsatkichi oshishiga sabab boʼlayapti.
Davolashda asosiy usul jarrohlik, oʼsmaga qarshi kimyoterapiya va nur bilan davolash muolajasi qoʼllaniladi. Bu davo usullari kasallikning bosqichi va tarqalganlik darajasiga qarab belgilanadi.
Kimyoterapiya xavfli oʼsma hujayralariga qarshi taʼsir qiluvchi dori vositalari yordamida davolash usulidir. Bunda bemor organizmiga yuborilgan dori vositasi oʼsma hujayralarini oʼsishdan toʼxtatadi va ularni sekin-asta nobud qiladi. Kimyoterapiya bir yoki bir necha kun davomida qoʼllanilib, 21-25 kun ichida bir marotaba takrorlanib turadi. Kimyoterapiya kurslari kasallikning bosqichi va tarqalganlik darajasi, gistologik shakli hamda davoning samarasiga qarab 4-6 kursgacha davom ettiriladi.
Oʼsmaga qarshi dori vositalarini bemor organizmiga tabletka va kapsulada yoki vena ichiga (90 foiz hollarda), arteriya qon tomiriga, boʼshliqlar orqali (qorin, koʼkrak qafasi, qovuq boʼshliqlariga) yuborish mumkin. Kimyoterapiya qay tarzda qoʼllanilishi bemorga individual yondoshgan holatda, bir necha mutaxassislar ishtirokidagi konsilium asosida hal qilinadi.
Xirurgik yoki nur bilan davolashdan oldin qoʼllaniladigan kimyoterapiya (neoadʼyuvant) oʼsma hujayrasi oʼlchamlarini maksimal darajada kichraytirishga xizmat qiladi. Undan keyin qoʼllaniladigan kimyoterapiya (adʼyuvant) esa mikrometastazlarga qarshi kurashish va kasallikni erta qaytalanishining oldini olish uchun profilaktika maqsadida tavsiya qilinadi.
Bemorlarga oʼsmaga qarshi dori vositasi sifatida kimyopreparatlar, gormonlar, targentpreparatlar, immunopreparatlar, bisfosfanatlar beriladi. Bu esa saratonga chalingan bemorning kasallik tufayli oʼlim koʼrsatkichining kamayishiga va natijada bemorning umrini uzaytirish, hayot sifatini yaxshilashga olib kelmoqda.
Onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashni yangi sifat bosqichiga koʼtarish, saratonga chalinganlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash yoʼlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizning barcha viloyat va tumanlarida tibbiyot muassasalarini onkolog mutaxassislar va yangi tibbiy uskunalar bilan taʼminlash hamda maxsus tibbiy koʼrik joylarini tashkil etish, aholi oʼrtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga boʼlgan eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Xalq orasida kimyoterapiya soʼziga nisbatan kuchli qoʼrquv hissi hosil boʼlgan. Shuning uchun bemor va uning yaqin qarindoshlariga ushbu xastalik va uning oqibatlari xaqida maʼlumot berilib, davo maqsadida kimyoterapiya tavsiya qilinganda, aksariyat hollarda ikkilanish yoki davolashdan bosh tortish holatlari kuzatiladi. Bunga asosiy sabab, koʼpgina hududlarda aholi tibbiy savodxonligining pastligidir.
Kimyoterapiya kursini olishdan qatʼiy bosh tortadigan bemorlarning koʼpchiligi asosan sochlari toʼkilishidan qoʼrqishadi. Аyollar orasida bu holat koʼproq uchraydi. Аmmo aytingchi, sogʼligi yaxshilanmagan ayol koʼzguga qarashga ham xohishi boʼlarmikan? Sogʼligimiz nafaqat oʼzimizga balki, yaqinlarimiz ota-onamiz, farzandlarimizga ham kerakligini unutmasligimiz zarur.
Taʼkidlab oʼtish kerakki, nafaqat kimyoterapevtik dori vositalari, balki barcha dori vositalarning davo samarasi boʼlishi bilan bir qatorda, ular kutilmagan yoki nojoʼya toksik taʼsirlarni ham yuzaga chiqarishi mumkin. Аgar boshqa kasalliklarda buyurilgan dori vositalar qoʼllanilgandan soʼng kuchli nojoʼya taʼsirlar kuzatilsa, bunday holatda ularni qabul qilishni toʼxtatishga koʼrsatma beriladi. Аmmo unutmaslik kerakki, oʼsmaga qarshi dori vositalar har doim oʼziga xos toksik reaktsiyalar bilan birga kechadi. Biroq hayot uchun xavfli asoratlar kuzatilsa, unda keyingi kursda oʼsmaga qarshi dori vositasini yoki keyingi kimyoterapiya kursini zarur boʼlgan miqdoridan biroz kamaytirilgan holatda oʼtkazish mumkin.
Kimyoterapiya kursidan keyingi kelib chiqadigan toksik reaktsiyalar har doim ham kuzatilmasligi mumkin, bu oʼsmaga qarshi dori vositasini olayotgan bemorlarning umumiy ahvoliga, yondosh kasalliklari bor-yoʼqligiga va albatta immun holatiga bogʼlik.
Oʼsmaga qarshi kimyoterapevtik dori vositalari nafaqat eng faol saraton hujayralarini, balki shilliq qavat, qon va suyak koʼmigi tarkibidagi sogʼlom hujayralarni ham nobud qiladi. Shuningdek:
kimyoterapiya davolash kursini olgan bemorlarda soch, kiprik va qoshlar toʼkilishi mumkin;
oshqozon-ichak nerv tugunlari dori preparatlaridan taʼsirlanishi natijasida koʼngil aynishi, qayt qilish holati roʼy berishi mumkin;
oshqozon shilliq qavatining zararlanishi hisobiga stomatit, diareya kelib chiqishini kuzatish mumkin;
qon va suyak koʼmigi hujayralari nobud boʼlishi oqibatida qon tarkibida gemoglobin, leykotsit va trombotsitlar miqdori pasayadi va organizmning immun holati susayishi mumkin.
Lekin, yuqorida aytib oʼtilgan asoratlarning barchasi orqaga qaytarilishi mumkin jarayon boʼlib, kimyoterapiya kursini toʼliq tugatgach, 6 oy oʼtgandan soʼng, yanada qalin sochlarlarning oʼsib chiqishi, organizmni immun holati toʼliq tiklanishi kuzatiladi.
Аyrimlar saratonga chalingan yaqin kishilarini davolatish uchun chet ellarga qatnab yurishadi. Vaholanki, respublikamizda ham bu dardni davolash imkoniyatlari xorijnikidan kam emas. Bugungi kunda respublikamizda shunday tajribali onkolog shifokorlarimiz borki, chet elda bajariladigan jarrohlik amaliyotlarini hech qanday qiyinchilik va kamchiliklarsiz uddalay oladilar. Shunday ekan, oʼzingizning oila shifokoringizga murojaat qilib, mutaxassis onkolog tekshiruvidan oʼting. Organizmingizdagi birorta shubhali oʼzgarishlarga beparvo boʼlmang va oʼz vaqtida shifokorni bundan ogoh etganingiz maʼqul. Bu kasallikning erta aniqlanishiga va oʼz vaqtida kerakli usullar bilan davolanib sogʼayishga imkon beradi.
Dilbar АLMURАDOVА,
Surayyo SАЪDULLАEVА,
Nazira YoDGOROVА,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri
mutaxassis shifokorlari.