Yirik shaharlari: Jakarta, Surabaya, Bandung, Bekasi, Medan, Tangerang, Depok, Semarang.
Pul birligi: indoneziya rupiyasi.
Jugʻrofiy oʻrni: Janubiy-sharqiy Osiyoda – Malayya orollar toʻdasi va Yangi Gvineya orolining gʻarbiy qismida joylashgan. Sohillarini Tinch va Hind ummoni suvlari yuvib turadi. Quruqlikdagi chegaralari Malayziya, Papua-Yangi Gvineya va Sharqiy Timor bilan tutashgan. Indoneziya hududi oʻn yetti mingta oroldan tashkil topgan.
Tarixi: Mamlakat nomi “Indiya va yunoncha “nesos” – orol soʻzlaridan kelib chiqqan, “Hindiston oroli” maʼnosini anglatadi. Bu nom ilk bor XVIII asr manbalarida qayd etilgan.
Indoneziya eng qadimgi madaniyat beshiklaridan. Olimlar fikricha, bu yerlarda odamlar million yillar oldin ham yashagan. Miloddan oldingi III–I asrlarda ilk davlatlar shakllana boshlagan. Biroq oʻlkadagi tarixda nomi qolgan birinchi davlat – Qutay milodiy IV asrga tegishli. VII asr soʻngida Sumatra orolida tashkil topgan Shrivajaya davlati chegaralari bir qancha orollarni birlashtirdi. Bu qirollik XIV asrga qadar hukm surdi va butun Sumatra orolini, Yava, Malakka orollari katta qismini nazorati ostida tutib turdi. Shrivajaya va IV–XIII asrlarda hududda hukm surgan mayda davlatlar Hindistonning kuchli madaniy taʼsiri ostida boʻldi. 1239 yili moʻgʻul xoni Xubilayni yenggan mahalliy hokim Raden Vijay Majapaxit qirolligiga asos soldi. XIV asr soʻngiga borib, Majapaxit qirolligi bugungi Indoneziyaning aksariyat qismini oʻz ichiga oldi.
XIII asrda hududda Islom dini keng tarqala boshladi. XIV asrda Sumatra oroli shimolida joylashgan Pasay bekligi mintaqadagi birinchi musulmon davlat boʻldi. XV–XVI asrlarda Majapaxit qirolligi oʻrnida vujudga kelgan Mataram, Bantam, Demak kabi davlatlar ham Islomga davlat dini maqomini berdi. XVI asr adogʻiga kelib, Islom hududdagi asosiy rasmiy dinga aylandi.
XVI asrdan hozirgi Indoneziya tuproqlariga Ovrupa istilochilarining qadami yetdi. Bu hudud xushtaʼm dorivor va ziravorlari bilan mashhur edi. Bozorda bu mahsulotlarga talab oshdi va istilochilar ziravor savdosi nazoratini qoʻlga olish payiga tushdi. Birinchi boʻlib bu ishga portugallar kirishdi. XVII asrda esa Ovrupaning bir qator davlatlari ham kurashga qoʻshildi. Ular ichida Niderlandiya faol harakat boshladi. 1602 yili gollandlar “Ost Indiya” kompaniyasiga asos soldi. Kompaniya asta-sekin hozirgi Indoneziyaning sharqiy va gʻarbiy hududlarini egalladi. Egallangan joylar “Niderlandiya Ost Indiyasi” degan general-gubernatorlikka aylantirildi. Kompaniya chegaralarini tobora kengaytirib bordi, hududdagi bir qancha mustaqil davlatlarni ham oʻz taʼsiri ostiga oldi. Ovrupada ziravorlarga talab tushib ketgach, kompaniya daromadlarini qahva, shakar, tamaki, nil boʻyogʻi savdosidan va soliqlardan olishga oʻtdi. 1780–84-yillardagi ingliz-golland urushidan soʻng “Ost Indiya” inqirozga uchradi. Indoneziya hududida garchi kompaniya hukmronligi tugatilgan boʻlsa-da, uning oʻrniga Niderlandiya hukumati keldi, boshqaruvda hech qanday oʻzgarish boʻlmadi.
1811 yili mustamlaka Buyuk Britaniya tasarrufiga oʻtdi. Biroq hududda hukmronlik oʻrnatish uchun kurash toʻxtab qolmadi, Niderlandiya, Britaniya va Fransiya kabi davlatlar doimo shu kurashning ichida boʻldi. Mahalliy aholi orasidagi norozilik ham tobora kuchayib, milliy-ozodlik harakatiga aylandi. 1908 yili tuzilgan “Budi utomo” va 1911 yili taʼsis etilgan “Sarekat Islom” tashkilotlari mustaqillik gʻoyasini ilgari surdi. “Ost Indiya” kompaniyasi mahalliy aholi bilan murosa qilishga majbur boʻldi va 1918 yili “Xalq kengashi” nomidagi hukumat organini tashkil etdi. Bu kengash general-gubernatorga moliyaviy masalalarda maslahat berishga haqli edi. U 1925 yildan qonun tashabbuskorligi maqomiga ega boʻldi, biroq har qanday qonun-qoida baribir general-gubernatorning roziligi bilan qabul qilinardi.
1943–45-yillarda Indoneziyaning turli mintaqalarida yaponlar hukmronligiga qarshi qoʻzgʻolonlar boʻldi. Natijada 1945 yilning 15 avgustida Yaponiya yengilganini rasman tan oldi.
1945 yilning 17 avgustida Indoneziya mustaqillik boʻyicha komissiyasi mamlakat ozodligini eʼlon qildi. 1946 yili Gollandiya mamlakat mustaqilligini rad etdi va Jakartani egalladi. Shundan soʻng Indoneziya poytaxti vaqtincha Jakarta shahriga koʻchirildi. BMT aralashuvi bilan tinchlik shartnomasi tuzildi. Biroq Niderlandiya 1948 yil dekabrida yana urush harakatlarini boshladi va Jakarta shahrini zabt etdi. Bundan soʻng mamlakat poytaxti Bukittingi shahriga koʻchirildi. BMT yana davlatlar orasiga tushdi va 1949 yil noyabrda Indoneziya bilan bir qatorda “Ost Indiya” egalik qilgan hududning maʼlum bir qismini qamrovchi Indoneziya Qoʻshma Shtatlari tashkil etildi. Biroq Shtatlar koʻp “umr koʻrmadi”, 1950 yil fevral-may oylarida ixtiyoriy ravishda Indoneziya Respublikasi tarkibiga kirdi. 1950 yil 6 avgustda Indoneziya unitar (qoʻshma) davlat deb eʼlon qilindi. 1956 yil aprelida esa mamlakat hukumati Indoneziya uchun asoratli boʻlgan bitimlarni tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Indoneziya 1950 yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 17 avgust – Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1945 y.). Oʻzbekiston bilan 1992 yil 23 mayda diplomatik aloqa oʻrnatgan.
Iqtisodi. Qishoq xoʻjaligi va sanoatga asoslangan. Milliy raqobatbardoshlik tasnifiga koʻra, 2010 yili dunyoda 44-oʻrinni egallagan. Yillik iqtisodiy oʻsishi 6,1 foiz – dunyoda 50-oʻrinda. Iqtisodiyotni tashkil etishning zamonaviy agrar-sanoat modeli 1980–1990 yillarda shakllandi. Shu yillarda davlat bozor munosabatlarini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasini takomillashtirish, kredit-moliya tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator islohotlarni amalga oshirdi. 1997–1998 yillarda yuz bergan Osiyo moliyaviy-iqtisodiy inqirozi mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Uning asoratlari 2004–2005 yillargacha saqlanib qoldi. 2007 yilga kelibgina, inqiroz oqibatlari butunlay bartaraf etildi, yillik iqtisodiy oʻsish 6 foizga yetkazildi.
Oziq-ovqat, kimyo, toʻqimachilik, tamaki, mashina va asbob-uskunalar, qogʻoz ishlab chiqarish kabi sohalar sanoatning asosiy tarmoqlaridir. Kichik korxonalar va oilaviy sexlarning koʻpchiligi yengil sanoat va oziq-ovqat sanoatida faoliyat yuritadi. Kon sanoatiga asosan davlatga qarashli milliy kompaniyalar egalik qiladi. Bir kunda oʻrtacha 1,02 million barreldan ortiqroq neft qazib olinadi. Yiliga 85,7 milliard kub-metr tabiiy gaz qayta ishlanadi.
Qishloq xoʻjaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 14 foizdan ortiqrogʻini tashkil etadi. Aholining 38 foizi ayni shu sohada ishlaydi. Indoneziya hududining oʻn uch foizida dehqonchilik qilinadi, shu maydonning uchdan bir qismi sugʻoriladigan yerlardan iborat. Juda koʻp qishloq xoʻjalik ekinlarini yetishtirish boʻyicha mamlakat dunyoda yetakchilardan sanaladi. Jumladan, kassava, moyli palma, sago palmasi yetishtirish boʻyicha dunyoda birinchi; batat, kakao, qalampir va kauchukli oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha esa jahonda ikkinchi oʻrinda turadi.
Qishloq xoʻjaligi oxirgi yigirma yil ichida jadal surʼatlarda rivojlandi. Masalan, 2009 yili 64,4 million tonna sholi yetishtirildi, yaʼni bu borada dunyoda uchinchi oʻrin zabt etildi. Eʼtiborlisi, 1980-yillarda Indoneziya guruch bilan oʻzini zoʻrgʻa taʼminlay olgan, xolos.
Aholisi. Aholi soni boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda. 57,5 foiz aholi Yava orolida yashaydi. Bu orol mamlakat hududining bor-yoʻgʻi yetti foizini tashkil etadi va sayyoramizning aholi eng tigʻiz oʻrnashgan joylaridan biri sanaladi. Indoneziyaliklarning 44 foizi shaharlarda yashaydi. 2010 yil holatiga koʻra, mamlakatdagi oʻn bitta shahar bir milliondan ortiq aholiga ega.
Indoneziyada uch yuzga yaqin millat vakillari yashaydi. Ular orasida yavaliklar (aholining 40 foizi), sundalar (15 foiz), maduraliklar (4 foizga yaqini) koʻpchilikni tashkil etadi. Davlat tili indonez tili.
Dini. Aholining sakson sakkiz foizi – musulmonlar. Asosan sunniylar, shia mazhabidagilar bir millionga yaqin. 2011 yili ikki mazhab oʻrtasidagi oʻzaro birodarlik, bir-birini tushunishni shakllantirish maqsadida Jakartada sunniy-shia diniy kengashi tuzilgan. Nasroniylikka 8,7 foiz aholi eʼtiqod qiladi. Shuningdek, hinduiylar, buddaviylar va mahalliy din vakillari ham bor.
Islom Indoneziya hududiga XII asr boshlarida Gʻarbiy Hindistondan kelgan savdogarlar tufayli yoyila borgan. Bu yerga ancha oldin, VIII asrlarda musulmon arab savdogarlari kelgani haqida ham maʼlumotlar bor. XIII–XIV asrlarda Islom keng tarqaldi, turmushning barcha sohalariga chuqur kirib bordi.
Poytaxt Jakartadagi “Istiqlol” milliy masjidi mamlakat mustaqilligiga bagʻishlab qurilgan. 1978 yili ochilgan bu jome Janubi-sharqiy Osiyodagi eng katta masjid hisoblanadi. U bir paytning oʻzida bir yuz yigirma ming namozxonni sigʻdira oladi. Har yili ikki yuz qirq ming nafar indoneziyalik haj ibodatini ado etadi. Mamlakatda olti yuzta oliy oʻquv yurti bor, ulardan bir yuz oʻttiztasi islomiy ilm maskanidir.
Orifjon Madvaliyev
“Hidoyat” jurnalining 2012 yil 9-sonida chop etilgan.