“Oltin” Tilla probalar haqida batafsil
Oltin, pul, boylik tushunchalari bir-birini eslatadi. Masalan, oltin deganda katta boylik, koʻshku saroylar koʻz oldimizga keladi. Bu nodir metalni deyarli hammamiz koʻrganmiz, u bilan bogʻliq har xil voqealar, afsona, rivoyatlarni eshitganmiz.
“Oltin” soʻzi quloqqa xush yoqadi, oʻziga ohanrabodek tortadi. Bu soʻz turkiycha “al” – qizil, xitoycha “tun”, “tung” soʻzlari qoʻshilishidan hosil boʻlgan. “Qizil mis” degan maʼnoni beradi. Aslida, oltin ham mis yoki temir kabi oddiy metall. Biroq baʼzi oʻziga xosliklar uning qadrini oshiradi, odamlarning qadrdoniga aylantiradi.
Toza oltin sariq rangda boʻladi. Boshqa rangli metallar, koʻpincha, mis qoʻshilishi natijasida qizgʻish tus oladi. Qadimda tillo tangalar xuddi shunday koʻrinishda boʻlgan. Issiqlik oʻtkazish darajasi yuqori, elektr oʻtkazish qarshiligi past. Zichligi juda baland – 19621 kg metr kub. 1 kg ogʻirlikdagi oltin 46 mm diametrli sharga jo boʻladi. Boshqacharoq aytganda, yosh qizchalar oʻynaydigan toʻpcha hajmidagi oltin bir kilo chiqadi. Tillo zarralari bilan toʻldirilgan bir litrli butilka 16 kg tosh bosadi. Ogʻirlik oltinning ijobiy xususiyatlaridan biridir. Chunki shu sababli oltinni ajratib olish, boshqa jinslardan tozalash oson kechadi.
Bu metall juda choʻziluvchan. Bir gramm tilloni uch kilometrgacha choʻzish mumkin. Ana shu choʻziluvchanlik sababli odamlar sof oltinni barmogʻida ezib yoki tishlab koʻrib sinaydi.
Oltin eng inert, yaʼni faoliyatsiz metall hisoblanadi. Odatiy sharoitda juda koʻp kislotalar unga taʼsir koʻrsatolmaydi. Tillo oksidlar ham hosil qilmaydi. Boshqa oddiy metallar kabi atrof-muhit taʼsirida oʻzgaravermagani uchun ham qimmatbaho sanaladi.
Oltin ayrim hollarda zaharga aylanadi. Masalan, buyrak, jigar va taloqda yigʻilishi yalligʻlanish bilan bogʻliq turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Undan tibbiyotda ham foydalaniladi. Asosan immun tizimini mustahkamlash maqsadida qoʻllaniladi.
Bu metall Yer qobigʻida juda kam tarqalgan. Biroq oltin bilan boyigan yer maydonlari, konlar juda koʻp. Oltin suv tarkibida ham bor. Bir kilometr kub daryo yoki dengiz suvida 4 kg tillo boʻladi. Tirik organizmlarning hujayrasi va qonida kilogrammiga 0,01-0,05 milligramm oltin uchraydi. Oʻzbekistonda tillo makkajoʻxori doni va popugida (tonnasiga 2-4 gramm) va Qizilqumda shuvoq oʻsimligida borligi aniqlangan.
Oltin odamlarga juda qadim zamonlardan maʼlum. Chunki u tabiiy holatda ham uchragan, qazib olish shart boʻlmagan. Arxeologlar fikricha, tillo ilk bor Yaqin Sharqda qazib olingan. Ayniqsa, Misrda oltinga ishlov berish rivojlangan. U yerdan topilgan tillo taqinchoqlar Shumer tamadduni davriga oid, miloddan uch ming yil oldin ishlangan.
Hisob-kitoblarga koʻra, insoniyat tarixi davomida 140 ming tonna oltin qazib olingan. Uni bir joyga yigʻilsa, tomonlari 19 metrli kub hosil boʻladi. Dunyoda har yili ikki ming tonnadan koʻproq tillo qazib olinadi. Xitoy, JAR, AQSH, Avstraliya, Peru, Rossiya, Kanada, Indoneziya, Oʻzbekiston, Gana kabi mamlakatlar oltin qazib olishda yetakchilik qiladi.
Dunyoda yigʻilgan oltin zaxirasi taxminan 100 ming tonnaga teng.
Oltin dunyo moliya tizimining ajralmas qismlaridan biri. Chunki u zanglamaydi va shu bilan birga zaxiralari koʻp emas. Tillo oʻtmishdagi algʻov-dalgʻovlar, iqtisodiy boʻhronlar chogʻida ham yoʻqolmadi. Aksincha, jamlanib, koʻpayib bordi. Hozir butun dunyo banklari zaxirasida 32 ming tonna oltin saqlanadi. Ana shu oltin bir joyga yigʻilsa, tomonlari bor-yoʻgʻi 12 metrli kub paydo boʻladi, xolos.
Tillo juda qadim zamonlardan pul oʻrnida ishlatib kelingan. Biroq u XIX asrga kelibgina asosiy pul vositasiga aylandi. Birinchi jahon urushiga qadar barcha valyutalar tillo standartiga asoslandi. Shu sababli 1870 – 1914 yillar “oltin asri” deb ataldi. Bu vaqtda qogʻoz kupyuralar tillo olish guvohnomasi vazifasini oʻtagan.
Oltindan sanoatda, ayniqsa texnika va mikroelektronikada keng foydalaniladi. Biroq uning asosiy isteʼmolchisi zargarlik sanoatidir. Zargarlik mahsulotlarida sof oltin ishlatilmaydi. Tilloga kerakli metall qotishmalari aralashtiriladi. Shunday qilinsa, taqinchoq mustahkam, pishiq chiqadi. Rang hosil qilishda kumush va mis ishlatiladi.
Tillodan yasalgan zargarlik mollarini sotib olishda soflik darajasini koʻrsatuvchi raqam – probaga eʼtibor berish lozim. Proba Rossiya va MDH mamlakatlarida koʻp qoʻllanadigan oʻlchov turi. Bunda tilloning sofligi 0 dan 1000 gacha ulushda hisoblanadi. Zargarlik mahsulotlarida 375, 500, 585, 750, 900, 916 va 958 probali oltin ishlatiladi.
375 proba. Asosiy qoʻshilmalar – kumush va mis; oltin 38 foiz. Sariq-qizgʻish rangda boʻladi. Salbiy xususiyati – havoda xiralashadi.
500 proba. Asosiy qoʻshilmalar – kumush va mis; oltin 50,5 foiz. Rangi kumush miqdoriga bogʻliq. Salbiy xususiyati – quyilishi qiyin.
585 proba. Asosiy qoʻshilmalar – kumush, mis, palladiy, nikel; oltin 59 foiz. Proba yetarli miqdorda boʻlgani sababli mahsulot mustahkam, pishiq va tashqi taʼsirga chidamli boʻladi. Zargarlik sanoatida shu proba keng qoʻllaniladi.
750 proba. Asosiy qoʻshilmalar – kumush, platina, mis, palladiy, nikel; oltin 75,5 foiz. Jilo berish qulay, pishiq, mustahkam, qayta ishlash oson. Ranggi yashil-och sariq, pushti yoki qizil boʻlishi mumkin.
958 proba. 96,3 foiz sof oltinga ega. Kam qoʻllanadi. Oʻta yumshoq, naqsh va jilolarni ushlab turmaydi, ranggi toʻyinmagan.
999 proba. Sof oltin.
750 dan yuqori probali taqinchoqlar rangi havoda xiralashmaydi.
Yevropada esa tilloning sofligi britaniya karatida oʻlchanadi. 1 britaniya karati aralashma metalning yigirma toʻrtdan bir (1/24) qismini tashkil etadi. 24 karatli oltin butunlay sof, unga boshqa hech qanday metall aralashmagan.
Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
oriftolib.uz
“Ovoza” gazetasining 2012 yil 1 noyabr (№41-42) sonida chop etilgan.