Vatanimiz bayrog‘i — bayroq haqida insho
«O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi oliy kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Bayrog‘imiz, g‘urur va faxrimiz timsolidir. Vatanimizning beqiyos ramzidir. Quyosh ko‘kda falakning bayrog‘i bo‘lib porlab turibdi, ko‘ngilda muhabbat bayrog‘i hilpiraydi, ongimizni esa tafakkur bayrog‘i nurlantiradi.
Ozod va obod Vatanimiz — O‘zbekistonning bayrog‘i ham bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi.
Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston hududida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.
Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat bor va albatta, har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.
Shuni aytishimiz lozimki, bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asraganlar.
Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.
Millat bayrog‘i. U jondek aziz, nondek mo‘’tabar.
Buyuk sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanatni dunyo tan oldi. Bu davr vatan tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turdi. Bu bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qo‘riqlandi. Bexos daydi o‘q kelib tug‘ ko‘targan jangchiga tegsa-da, u tuproqqa qorishmadi — darhol shahid sarboz o‘rnini boshqasi egallaydi, maqsad janggohdagilarga bayroq ko‘rinmay qolmasin.
Sohibqiron bobomiz zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga sohibqiron alohida e’tibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi mag‘lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo‘lgan. Shuningdek, «Temur tuzuklari»da ta’kidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechog‘lik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi…
Vatanimiz bayrog‘i. U tarixning xalqimiz boshiga musibat tushgan davrlari — o‘tgan asr boshlarini yodimizga soladi. O‘sha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dog‘ bo‘lib qoldi. Vatan bayrog‘ini tutgan qo‘llar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar bo‘g‘ildi… Millat fidoyilari «xalq dushmani», «quloq», «sotqin» degan qora nomlar bilan ta’qibga olindi. Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq omi, savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida ma’rifat olovini yoqdi — ular belini mahkam bog‘lab, millatni erk va ozodlik bayrog‘i ostida birlashishga chaqirdi.
Bu mag‘rur elning asrlar davomida orzu qilgan g‘ururi, sha’ni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi ozodlik bayrog‘i edi!
Unda ajdodlar orzu-armoni aks etadi. Unda xalqimizning buguni, o‘lmas xotirasi, iymon-e’tiqodi, kelajakka bo‘lgan komil ishonchi jilolanadi.
Bayrog‘imiz 1992 yilning 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, qariyb yigirma besh yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugina emas, dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrog‘imiz O‘zbekiston ramzi bo‘lib turibdi. Chet ellarda yurganimizda o‘sha yerda hilpirab turgan bayrog‘imizga ko‘zimiz tushishi bilan yuragimizda cheksiz faxr uyg‘onadi, ruhimiz ko‘tariladi. Bayrog‘imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O‘zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his qilamiz.
Bayrog‘imiz bugungi kunda milliy aviakompaniya samolyotlari, xalqaro yo‘nalishdagi poyezdlarimiz orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlariga «parvoz qilib», O‘zbekistonday kelajagi buyuk davlat borligini jahonga namoyish etmoqda. Zotan, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunning 2-3-moddalarida ta’kidlanganidek, davlatimiz bayrog‘i suverenitetimiz ramzidir.
Xalqaro maydonda rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon ko‘rgazmalari va sport musobaqalarida mamlakatimiz timsoli hisoblanadi. Qonunning 13-moddasiga muvofiq, fuqarolarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrog‘ini hurmat qilishlari shart va unga behurmatlik uchun jazo muqarrar.
Bayrog‘imiz davlat idora va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar — qo‘yingki, barcha sarhadlarida hilpirab turibdi. Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari qalbimizni vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi.
Joriy yilning avgust va sentyabr oylari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan butun dunyo Olimpiada va Paralimpiadada qatnashgan o‘g‘il-qizlarimiz Amerika diyorlarida Yer kurasining eng tez, eng zo‘r va eng kuchli sportchilari yig‘ilgan jahon Olimpiadasida bizni bayrog‘imizni eng oliy darajaga ko‘tarishlari – hammamizning g‘urur va iftixorimiz bo‘ldi!
Televideniye orqali bu unutilmas voqyealarni tomosha qilib, Amerika diyorlarida ko‘tarilgan bayrog‘imizni ko‘rib turgan har bir o‘zbekistonlik o‘zini go‘yo o‘zi ko‘targanday his qilib, o‘zi yutganday faxrlanib, o‘zi g‘olib bo‘lganday hursand bo‘ldi! Chunki bunday holat – har birimizning g‘urur va iftixorimiz!
Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, ko‘zlaridagi jo‘mardlikni ko‘rib, faxrlanamiz. Ana shunday lahzalarda hech mubolag‘asiz Vatanimiz bayrog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir.
Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
shosh.uz