Viktor Tomilov. Kosa tagida nimkosa
Kim bitta toshga ikki marta qoqilsa, uchinchi marta ham qoqiladi.
* * *
Batartib turmush uchun kurashib, o‘z uyida shikoyat daftari yuritishni yo‘lga qo‘ydi.
* * *
Agar dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilmoqchi bo‘lsang, buning yo‘li oson: oyog‘ingni osmonga qilib, boshing bilan tursang bas.
* * *
O‘rmondagi e’lon: tsirkda ishlash uchun olim ayiq kerak.
* * *
Ko‘k rang tinchlantiradi: masalan, ko‘z ostidagi ko‘kariq…
* * *
Tushlar nafaqat umrni, balki ish vaqtini ham qisqartiradi.
* * *
Erning tortish kuchi hamma joyda bir tekisda emas: mansab orom kursilarida u sezilarli darajada kuchliroq.
* * *
Agar o‘zingizda kitobni ochishga yetgulik kuch topolmayotgan bo‘lsangiz, bemalol og‘ir atletika bilan shug‘ullansangiz bo‘ladi.
* * *
Bo‘ydoqlikning barcha huzur-halovatini his qilish uchun… uylanish kerak.
* * *
San’at qurbonlar talab qiladi, ammo qurbonlar hammavaqt ham spektaklga kelavermaydi.
* * *
Farishtadek yashash uchun shaytondek ishlash kerak.
* * *
O‘qishni boshlash hech qachon kech emas, hatto oliy o‘quv yurtini bitirgandan keyin ham.
* * *
E’lon: hammualliflar guruhiga muallif kerak
* * *
Ichishni tashlash o‘zi ozlik qiladi, sog‘lom fikrlashni ham o‘rganish lozim.
* * *
Kitob javoniga “dafn qilingan” kitobni dunyo yuzini ko‘rdi deb hisoblash mumkinmi?
* * *
Xotini uni katta odam deb hisoblaydi, chunki xotini olib bergan kiyimlari hamisha kattaroq keladi.
* * *
Pulni narigi dunyoga olib ketib bo‘lmaydi, ammo pul bilan orttirilgan shuhratni olib ketish mumkin.
* * *
Stolning fikri: oyoqlar va keng yelka bo‘lsa bo‘ldi, bosh hammavaqt topiladi.
* * *
— Eh! Mening hayotimga hech kim aralashmagandami! Nimalarga qodir ekanligimni ko‘rsatib qo‘yardim! — dedi xamir.
* * *
Yaxshi eshitish qobiliyati nafaqat musiqachilarga, balki jamoatchilikning fikrini bilishi lozim bo‘lgan odamlarga ham kerak.
* * *
Shuhratparast edi… jismoniy mashqlardan faqat yuqoriga tortilishnigina bajarardi…
* * *
Nog‘oraning asosiy afzalligi — ichi bo‘shligidir.
* * *
Ishlayotganlarga kamroq xalal berish — ishlab chiqarishni o‘stirishning katta zaxirasidir.
* * *
Bir ko‘z qisish bilan bitadigan ishlar bor, ammo kimga ko‘z qisishni bilish kerak-da…
* * *
Qo‘llar va oyoqlar tezroq boyib ketishni istab qolishganda, boshni qimmatroq bahoda sotishga harakat qilishadi.
* * *
Oltindan yasalgan baliq Oltin baliq bo‘lolmaydi.
* * *
O‘zing o‘tirgan shoxni kesishning nima keragi bor? Pishaver — o‘zlari qoqib tushirishadi.
* * *
Butun hayotida qiyshiq oynaga qarab kelgan odam to‘g‘ri oynadan o‘zini taniy oladimi?
* * *
Odam hamma narsaga qodir! Faqat odam bo‘lish qiyin.
* * *
Miqdor sifatga aylanadi, ammo yuqoridan berilgan ko‘rsatma bo‘yicha…
* * *
Qanday boy til!… U bilan har qanday miqdordagi pulni ifodalash mumkin.
* * *
Agar qo‘llar qisqa bo‘lsa, unda muvaffaqiyat oyoqlarning uzunligiga bog‘liq bo‘ladi.
* * *
Keng xalq iste’moli mollari fabrikasi parodiya janrida faoliyat ko‘rsatardi…
* * *
Uchar likopchani cho‘chitib yubormaslik uchun unga qoshiq ko‘tarib yugurib bormaslik kerak…
* * *
Qora kunga deb o‘g‘irlangan narsa o‘sha kunni yaqinlashtiradi.
* * *
Moddaning og‘irligi o‘lchanayogan joyga emas, kim o‘lchayotganiga bog‘liq.
* * *
Ayrim odamlar qayerga yiqilishi mumkinligini bilishadi va oromkursi hozirlab qo‘yadi.
* * *
Eshakning faxrlanish uchun asosi bor — uni tez-tez odam bilan tenglashtirib turishadi.
* * *
Ko‘z, qosh, burun ham milliy o‘ziga xosliklarga… og‘iz esa baynalmilal xarakterga ega.
* * *
Bo‘ri ham qo‘ylarni yaxshi ko‘radi, ammo o‘ziga xos tarzda…
* * *
Yozganlari shunchalar xom ediki, g‘ijimlab o‘choqqa solganda ham yonmadi.
* * *
Odamlarni bir-biridan masofa emas, fikrlar uzoqlashtiradi.
Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son
ziyouz.uz