Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitasi raislari
Vebsayti
gov.uz
Til(lar)i
Oʻzbek, Rus
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasi hukumati; ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organi. Qarorgohi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonidagi Hukumat uyi. Vazirlar Mahkamasining huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobida va „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida“ (1993-yil 6-may; yangi tahrirda 2003-yil 29-avgust) qonunda belgilangan. Konstitutsiyaga koʻra, Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi.
Mundarija
1Vakolatlari
2Faoliyati
3Apparati
4Binosi
5Tarkibi
5.1Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri
5.1.1Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosarlari
5.2Vazirlar roʻyxati
5.3Davlat qoʻmita raislarining roʻyxati
6Huzuridagi markaziy muassasalar roʻyxati
7Manbalar
Vakolatlari[tahrir]
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi;
mulkchilikning barcha shakllarini uygʻunlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ishga solish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini barpo etishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
yagona narx siyosatini oʻtkazish, mehnatga haq toʻlash miqdorining belgilangan kafolatlarini hamda ijtimoiy taʼminot darajasini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
respublika byudjetini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini tashkil etadi, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
fan va texnikani rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini taʼminlash choratadbirlarini koʻradi;
sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
yirik avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi,
hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini koʻradi;
tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi.
Faoliyati[tahrir]
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi. Vazirlar Mahkamasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi. Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, uning majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli. Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir. Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oddida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 14-fevraldagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan. Vazirlar Mahkamasining ishi choraklik rejalariga muvofiq olib boriladi. Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida 1 marta oʻtkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat koʻrsatadi. Bosh vazirning qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining boshqa aʼzolari ham kiritilishi mumkin. Shoshilinch masalalarni muhokama qilish zarurati tutilganda Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri har haftada Bosh vazir oʻrinbosari, Axborot-tahliliy boshqarmasi boshligʻi va Apparat rahbari ishtirokida kengashlar oʻtkazadi, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishini uyushtirish masalalari, hukumat apparatining kundalik faoliyati muhokama qilinadi. Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Davlat va xoʻjalik boshqaruvining ayrim masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.
Apparati[tahrir]
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqalar materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasi Apparati faoliyat koʻrsatadi. Quyidagi Axborot-tahlil departamentlari Vazirlar Mahkamasi apparatining asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi:
Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar yigʻma axborot-tahlil departamenti;
Agrosanoat va suv xoʻjaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti;
Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti;
Yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, metallurgiya va mashinasozlik masalalari axborot-tahlil departamenti;
Isteʼmol tovarlari va savdo kompleksi masalalari axborot-tahlil departamenti;
Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti;
Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti
Vazirlar Mahkamasi apparati ishini Vazirlar Mahkamasi apparati rahbari muvofiqlashtirib boradi. Apparat rahbari oʻz maqomi boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan vazifasiga tayinlanadi va boʻshatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi „Xalq soʻzi“ — „Narodnoye slovo“ gazetalarining hammuassisi (ushbu gazetalar ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi gazetalari hisoblanadi), „Pravda Vostoka“ gazetasining muassisidir.
Binosi[tahrir]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonida (1968, meʼmori B. Mezensev va boshqa; muhandisi V. Krichevskiy va boshqalar). 7 qavatli bino temirbeton bloklardan tiklangan, 1-qavati V shaklidagi ustunlardan iborat; tarzidagi vertikal chiziqlar feruza rang devor yoʻllari bilan binoga ulugʻvorlik baxsh etgan. 1999-yil fevralda sodir boʻlgan qoʻporuvchilik vaqtida shikastlangan bino 2000-yilda taʼmirlandi. Taʼmirlashda binoni mustahkamlash, „Hukumat uyi“ talabiga mos yangi meʼmoriy yechimini hal etishga ahamiyat berildi. Binoning yangi koʻrinishi koʻrkam, salobatli hamda vazmin: ochiq qoldirilgan 1 qavati qizil marmar devor bilan berkitildi; asosiy kirish eshigi ustidagi tom chizigʻidan chiqib yuqoriga koʻtarilgan oyna devorda respublika gerbi va bayrogʻi oʻrnatildi. Binoning tilla rang oynalari sirtlariga ishlatilgan granitlar poydevor sirtidagi qoplamalar bilan uygʻun. Binoning ichki qismi ham qayta taʼmirlandi, xonalar pardozlanib ulugʻvor koʻrinishga ega boʻldi (ganchkorlik ishlarida M. Sultonov, Mirvohid Usmonov va boshqalar; naqqoshlik ishlarida A. Karimov va boshqalar ustalar ishtirok etgan). Binoning ichki hovlisi piramida shaklidagi maxsus shaffof oynali tom bilan yopilib „qishki bogʻ“ tusini olgan. Bino maydondagi boshqa inshootlar bilan uygʻunlikda majmua hosil qiladi, atrofi koʻkalamzorlar, gulzorlar bilan soʻlim maskanga aylantirilgan.[1]
Tarkibi[tahrir]
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosarlari
Vazirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qoʻmitalarining raislari
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari kiradilar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Bosh vazir:
Bosh vazirning oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan ish koʻradi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Bosh vazir boʻlmagan hollarda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar bajaradi.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari:
oʻzlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
Vazirlar Mahkamasi majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadilar;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish haqida takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ishlab chiqishda tashabbus koʻrsatishlari mumkin;
Korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda boshqa pul toʻlanadigan lavozimni egallash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emaslar.
Vazirlar Mahkamasi yangidan saylangan Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini topshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri[tahrir]
Abdulla Oripov (siyosatchi)
Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosarlari[tahrir]
Ochilboy Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, qurilish va transport masalalari majmuasi rahbari
Jamshid Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri, makroiqtisodiy rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgartirishlar masalalari majmuasi rahbari.
Alisher Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari — Energetika vaziri, geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari majmuasi rahbari.
Aziz Abduhakimov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Turizm qoʻmitasi raisi.
Sardor Umrzoqov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo majmuasi rahbari.
Behzod Musayev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza majmuasi rahbari.
Oʻktam Barnoyev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — agrosanoat, qishloq va suv xoʻjaligi komplekslari masalalari majmuasi rahbari.
Vazirlar roʻyxati[tahrir]
Elyor Gʻaniyev — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri.
Alisher Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri.
Botir Zokirov (siyosatchi) — Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri.
Jamshid Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri.
Timur Ishmetov — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri.
Nozim Husanov — Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri.
Ozodbek Nazarbekov — Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
Poʻlat Bobojonov — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri.
Abdulaziz Komilov — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri.
Sardor Umrzoqov — Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri.
Bahodir Qurbonov — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri.
Inomjon Majidov — Oʻzbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri.
Sherzod Shermatov — Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri.
Shavkat Hamroyev — Oʻzbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri.
Jamshid Xoʻjayev — Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri.
Ruslanbek Davletov— Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri.
Alisher Shodmonov — Oʻzbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri.
Tursinxon Xudayberganov — O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri.
Shuhrat Sodiqov — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri.
Muzaffar Soliyev — O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri[2].
Agrippina Shin — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri.
Dilmurod Nabiyev — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri.
Ibrohim Abdurahmonov — Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri.[3]
Rahmat Mamatov — Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oila masalalari vaziri[4]
Davlat qoʻmita raislarining roʻyxati[tahrir]
Bahrom Qoʻchqorov — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi.
Bahrom Norqobilov — O‘zbekiston Respublikasi davlat veterinariya qo‘mitasi raisi.
Abdurahmon Abduvaliyev — O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi.
Bobur Islomov — O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi.
Bahodir Begalov — O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi raisi.
Murodjon Azimov — O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi raisi.
Sherzod Qudbiyev — O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi raisi.
Baxtiyor Gʻulomov — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi.
Oybek Ismoilov — Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi raisi.
Nizomiddin Bakirov — O‘zbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi davlat qo‘mitasi raisi.
Halilillo Toʻraxoʻjaev — Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi.
Aziz Abduhakimov — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi.
Sunnatilla Bekenov — Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Huzuridagi markaziy muassasalar roʻyxati[tahrir]
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obʼektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvxoʻjaliknazorat)[5]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvinspeksiya)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (Oʻzkomnazorat)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi „Oʻzarxiv“ Agentligi
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi
„Oʻzbekkino“ Milliy Agentligi
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi