Juma kuni haqida
Juma kunining sirlari
Juma kunining boshqa kunlardan afzallik jihatlari juda ko’p. Ulardan biri shuki, juma kuni aynan juma namozi uchun g’usl qilib, namozga ertaroq kelgan, namoz va masjid odoblariga rioya qilib namoz o’qigan bandaning har bir qadamiga bir yillik namoz va ro’zaning savobi beriladi. Juma kunining hurmati bu kun kirmasdan oldin, istilohda juma oqshomi deyiladigan paytdan boshlanadi. Jumaga o’sha paytdan boshlab tayyorgarlik ko’riladi.
Juma kunining bomdod namozini imkon qadar masjidda, jamoat bilan o’qishning mandubligi haqida ko’p gapirilgan. Hazrati Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Juma kunida aytilgan salavot menga ko’rsatiladi», deganlar. Juma kunida duolar ijobat bo’ladigan bir payt bor. Bandaning duosi o’sha paytga muvofiq kelib qolsa, uning ijobat bo’lishiga shubha yo’qdir.
Hadisi shariflarda juma namozi uchun ertaroq kelishning o’zi alohida ta’riflangan. Bu namozga qaysi payt kelgan odamga qanchalik savob yozilishi haqida batafsil aytilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar alayhissalom shunday dedilar: «Kimki juma kuni g’usl qilib, masjidga juma namozining avvalgi soatida kelsa, uning savobi bir tuyani qurbonlik qilgandek bo’ladi. Undan keyingi soatda kelgan odam bir molni qurbonlik qilgandek bo’ladi. Uchinchi soatda kelgan odam shoxdor qo’chqor qurbonlik qilgandek bo’ladi. To’rtinchi soatda kelganlar bir tovuqni qurbonlik qilgandek bo’ladi. Beshinchi soatda, oxirida kelgan odam bitta tuxumni qurbonlik qilgandek bo’ladi».
Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasaiy, Termiziylar rivoyat qilishgan.
Juma kuni imom minbarga xutba uchun chiqqanda farishtalar hozir bo’lib, uni tinglaydilar. Demak, jumaga faqat musulmon bandalar kelmas ekan, balki xutbani eshitish uchun farishtalar ham hozir bo’lishar ekan. Farishtalar hozir bo’lgan jamoat naqadar go’zal, naqadar muhtaram jamoat bo’ladi! Shuning uchun bunday jamoatning o’ziga yarasha odoblariga rioya qilishimiz lozim. Shuning uchun jumaga, jamoatga keladigan odam g’usl qilib kelishi kerak. Bu g’uslning hikmatlaridan biri nafaqat najosatni, hatto badandagi noxush hidlarni ham ketkazishdir. Zero, juma kuni masjidda odatdagidan kattaroq jamoat to’planadi, izdihom bo’ladi. Farishtalar esa nihoyatda nozik xilqat bo’lgani uchun ularga ozor bermaslikka harakat qilinadi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV, Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o’qituvchisi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Mehrob.uz