Pirimqul Qodirov — tarixshunos, yozuvchi, fan arbobi. U O‘zbekistonning badiiy tarixiy o‘tmishining qayta yaratilishiga ko‘p kuch va vaqt sarflagan. 1981 yil “Yulduzli tunlar” romani uchun P. Qodirovga Hamza nomidagi respublika davlat mukofoti taqdim etilgan. Keyinroq, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” sharafli unvoni bilan taqdirlanadi.
Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktabr kuni Turkiston tog‘ tizmasi etagidagi Tojik SSRi O‘ra Tubin tumanining Kengko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi umrining katta qismini tog‘larda cho‘ponlik qilib o‘tkazgan va bo‘lajak yozuvchining xotiralarida archa o‘rmonlari, daryo qoyalari va keskin qiyaliklardagi cho‘ponning og‘ir mehnati o‘rnashib qoladi — bularning bari keyinroq uning “Qora ko‘zlar” romanida ifodalanadi.
P. Qodirovning o‘smirlik yillari shafqatsiz urush yillariga to‘g‘ri keladi. O‘qishi sakkizinchi sinfdan to‘xtatiladi va frontga ketgan kattalar o‘rniga P. Qodirov ona qishlog‘idagi kolxozda haydovchi, o‘roqchi, podachi bo‘lib ishlaydi.
Urush tugaganidan so‘nggina u o‘qishini Toshkentdagi tayyorlov bo‘limida davom ettira oladi, keyin esa ToshDUning sharqshunoslik fakultetida tahsil oladi.
P. Qodirovning birinchi kitobi “Talabalar” 1950 yil talabalik kezlari chop etilgan. Yosh nasrnafisning iqtidori ziyrak yozuvchi Abdulla Qodiriy e’tiborini tortadi. U Qodirovning ustoziga aylanadi va Moskvaga o‘qishga borishni taklif qiladi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tavsiyanomasi bilan, 1951 yil P. Qodirov Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga topshiradi va dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. So‘ngra, to‘qqiz yil davomida u SSSR Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Moskvada o‘tgan o‘n ikki yillik umri uni ma’nan boyitdi. Bu yerda u XX asr Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining chaqiriqlari bilan bog‘liq katta o‘zgarishlari sabab, faol fuqarolik faoliyatiga shaylangan yosh ziyolilarning yangi avlodi haqidagi o‘zining “Uch tulpor” nomli birinchi romanini yozadi.
1958 yil bu kabi romanlar sanoqli bo‘lgan, shu bois, P. Qodirov atoqli yozuvchi Konstanin Simonov e’tiborini tortadi. “Uch tulpor”ni tezlashtirilgan tarjimada o‘qib ko‘rib, K. Simonov u haqda iliq fikr bildiradi va muallifga samimiy maktub yo‘llaydi. Romanning rus tilidagi tarjimasi 1959 yil chop etiladi va Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘zbek ijodiy o‘n kunligida qozoq adabiyoti arbobi Muxtor Auezov unga yuqori baho beradi. Shundan so‘ng “Uch tulpor” Moskva va Toshkentda keng chop etiladi.
P. Qodirovning lavozim suiiste’moliga duch kelgan tog‘ cho‘ponlarining dramatik hodisalariga bag‘ishlangan “Qora ko‘zlar” nomli ikkinchi romani ham kitobxon olqishiga sazovor bo‘lgan. Roman rus va litovsk tillariga o‘girilib, Moskva hamda Kaunasda chop etiladi.
P. Qodirovning ishchilar qahramonligiga bag‘ishlangan “Mening xazinam” qissasi asosida “Sening izlaring” filmi suratga olingan. Shuningdek, “Hurriyat” hamda “Meros” qissalari ham ekranlashtirilgan. Ushbu asar qahramonlari o‘rnida paxtachilar, metropoliten loyihachilari, quruvchilar kabi zamondoshlarimiz gavdalanadi. P. Qodirov qahramonlarining insoniy jozibasi ularning mehnatkashligi, to‘g‘riso‘zligi va jamiyatimizning axloqiy taraqqiyoti uchun ehtirosli fuqarolik kurashidan kelib chiqadi.
Ushbu sifatlar, ayniqsa, “Olmos kamar” romanida namoyon bo‘ladi. Bu roman 1983 yil SSSR Yozuvchilar uyushmasining mukofotiga sazovor bo‘lgan va 1987 yil vetnam tiliga tarjima qilinib, Xanoyeda chop etilgan.
Universitet ta’limiga ega tarixshunos P. Qodirov O‘zbekistonning badiiy tarixiy o‘tmishi qayta yaralishiga ko‘p kuch va vaqt sarflaydi. Uning tomonidan 1969-1978 yillar “Yulduzli tunlar” romani yozilib, ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Xayrixoh tanqidni inobatga olgan holda, muallif romanni qayta to‘g‘irlagan. “Yulduzli tunlar” ko‘p karra Moskvada va Toshkentda nashrdan chiqqan, roman, shuningdek, “Xalqlar do‘stligi” obuna jurnalida ham chop etilgan. Roman hind va urdu tillariga tarjima qilingan. Shuningdek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq tillarida chop etilgan. 1981 yil “Yulduzli tunlar” romani uchun P. Qodirovga Hamza nomidagi davlat mukofoti topshiriladi.
Bolakay kitobxonlar uchun P. Qodirov qiziqarli yo‘nalishdagi qissalar yozgan — “Akromning sarguzashtlari”, “Najot” va “Yayra institutga kirdi”. Yozuvchining kichik asarlari orasida o‘tkirsyujetli hikoyalari “Jon shirin” va “Umid” asarlari ommabop bo‘lgan. “Umid” — rus, ukrain va boshqa tillarga tarjima qilingan.
P. Qodirovning badiiy til va ijodiy jarayon haqidagi ilmiy asarlari ham mashhur — ular “Adabiyot nazariyasi” akademik ikki bobligida o‘zbek tilida nashrdan chiqqan. P. Qodirov tarjimonlik ishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan — u o‘zbek tiliga L. Tolstoyning “Kazaklar”, M.Yu. Lermontovning “Bela”, F. Fedinning “Birinchi quvonchlar”, turkman yozuvchisi X. Deryayevning “Taqdir” romani va tojik yozuvchisi P. Tolisning “Yoz” nomli qissasini tarjima qilgan.
Qirq yillik ijodiy faoliyati davomida P. Qodirov kitobxonning yuqori talabini qondiruvchi kitoblar yozadi. Ularning eng yaxshilari respublika chegarasidan tashqarida mashhur bo‘lganligini “Haqiqat”, “Adabiy gazeta” gazetalari, “Yangi dunyo”, “Xalqalar do‘stligi” va “Adabiy ko‘zgu” jurnallari sahifalarida berilgan baho tasdiqlaydi.
Yozuvchilik sharhlari orasida “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi sahifalarida chop etilgan Ch. Aytmatovning qisqa telegramma matni alohida e’tiborga loyiq. Pirimqul Qodirov tavalludining ellik yilligida butun dunyoga taniqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov unga do‘stona iliq munosabatda bo‘lib, “Biz sen bilan nafaqat tengqur, balki hamfikr hammiz, deb hisoblayman. Nasrlaring orqali sen zamonaviy o‘zbek adabiyotini cho‘qqilarga ko‘taryapsan”, degan.
60-yillarda Pirimqul Qodirov “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan va kitobxon tomonidan iliq kutib olingan “Avlodlar dovoni” nomli yangi tarixiy romani bilan qaytadi.
1990-2000 yillar P. Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi fan va madaniyat qo‘mitasining raisi o‘rinbosari, raisi lavozimlarida ishlab, mamlakatimizning fan, adabiyot va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shadi.
P. Qodirov, deyarli, oltmush yillik serqirra ijodiy faoliyati davomida dolzarb ma’naviy-axloqiy mavzularda o‘nlab hikoya va qissalar, “Uch tulpor”, “Qora ko‘zlar”, “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar davoni”, “Ona lochin vidosi” kabi romanlar, “Til va xalq”, “Amir Temur timsoli” kabi tarixiy-ma’naviy kitoblar yozib, o‘zbek adabiyotidan munosib o‘rin egallagan.
Yozuvchining asarlari asosidа bir qator videofilmlar suratga olingan va spektakllar sahnalashtirilgan, eng sara asarlari dunyoning ko‘plab tillariga o‘girilgan.
P. Qodirov mustaqillik yillari, ayniqsa samarali ijod qiladi. Mohir qalamkashning yorqin asarlari xalqimizning boy o‘tmishi, atoqli ajdodlarining hayoti va ijodiga, bebaho merosimizning mohiyati va o‘rniga bag‘ishlangan, uning zamondoshlarimizning jasoratli mehnati, mamlakatimizda sodir bo‘lgan tub o‘zgarishlar va yangilanishlar haqidagi publitsistik maqolalari keng omma e’tirofiga loyiq topilgan.
P. Qodirov bir necha bor Oliy Majlis deputatligiga saylangan, davlatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etgan, fan va madaniyat, milliy ma’naviyatimiz taraqqiyotida jonbozlik ko‘rsatgan.
P. Qodirov tanili yozuvchi, iqtidorli tashkilotchi sifatida milliy g‘oya tamoyillarini keng targ‘ib qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida tinimsiz mehnat qilgan. So‘nggi yillar u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida nasr bo‘yicha rais bo‘lib ishlagan. U ko‘plab yosh iqtidor sohiblari uchun talabchan va mehribon ustoz bo‘lgan.
Pirimqul Qodirovning o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivoji oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib ravishda baholangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” va “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” sharafli unvonlariga sazovor bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga loyiq topilgan, “El-yurt hurmati” hamda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
O‘zbek adabiyoti va madaniyati 2010 yil 21 dekabr kuni og‘ir judolikni boshdan kechirdi, umrining 82-yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi olamdan ko‘z yumdi.
“Taniqli yozuvchi, mehribon ustoz, sodda va samimiy inson Pirimqul Qodirov xotirasi qalbimizda adabiy saqlanib qoladi”, deya qayd etilgan hukumat ta’ziyanomasida.