Maktab zali bayramiga mos qilib bezatiladi. Ona tili haqida allomalar so‘zlari bitilgan shiorlar ilinadi. Davlatimiz bayrog‘i, gerbi sahnaning yuqori qismida turadi. Sahna to‘rida “1989-yil 21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” deb yozilgan. O‘ng burchakda “Turkiy tillarning shajara daraxti” o‘z bezagi bilan sahnaga ko‘rk qo‘shadi. Mehmonlar to‘plangach, O‘zbekiston madhiyasi yangraydi.
Mirtemirning “Ona tili” she’ri o‘qiladi.
Ona tilim — onajonim tili bu,
Beshikdanoq singgan jon-u quloqqa.
El-u yurtim, xonumonim tili bu,
Qadimlikda o‘xshar ona tuproqqa.
Bobolardan bizga meros ezgu til,
Avlodlarga xazinayi bebaho.
Qalbimizga, ruhimizga ko‘zgu til,
Bu dunyoga bag‘ishlaymiz ne daho.
Yobonlarning cheksizligi,
Ham samimiy, ham hovuri,
Onajonlar allasidan,
Ko‘z yoshidan, oq sutidan,
To‘qaylarning tengsizligi,
Jilg‘alarning sho‘x g‘ovuri,
Yigitlarning yallasidan,
Suluvlarning sukutidan,
Yo‘g‘rilgan til — ona tilim.
Cho‘ponlarning qamish bayti,
Childirmaning darillashi,
Go‘ro‘g‘lining alp siymosi,
Alpomishning da’vosidan,
She’r o‘qilishi mobaynida o‘quvchilar sahnada ovozsiz, bir vaqtning o‘zida ikki daqiqalik “Ona allasi”, “Ustoz — shogird” kompozitsiyasini yaratadilar.
She’r tugagach davrani olib boruvchilar sahnaga chiqishadi.
1-boshlovchi: — Assalomu alaykum, aziz mehmonlar! Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil bo‘ldi. Bayram tadbirimizga xush kelibsiz!
2-boshlovchi: — Inson go‘zalligi, ma’naviyati, buyuk merosi, hatto olam barqarorligining asosi ham — til. Shu sabab onadek aziz tilimizni asrab-avaylash, e’zozlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
1-boshlovchi: — Darhaqiqat, inson o‘z ona tilida so‘zlab ulg‘ayadi, kamolga yetadi. Komillikning birinchi belgisi til orqali namoyon bo‘ladi.
2-boshlovchi: — Zero, nutqning go‘zalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun o‘ziga xos husndir. Unda oxir-oqibatda jamiyatning, millatning ma’naviy qiyofasi aks etadi.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tilimizga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayib, uning rivoji yo‘lida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbek tilining davlat tili ekani Konstitutsiyamizda qayd etildi. Bosh Qomusimizning 4-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlar va an’analarini hurmat qilishni ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. Biz bu kunni cheksiz quvonch va iftixor bilan bayram qilishga haqlimiz.
So‘z maktab direktoriga beriladi. So‘ng Erkin Vohidov qalamiga mansub ona tilimizni madh etuvchi “Ona tilim o‘lmaydi” she’ri o‘quvchilar tomonidan aytiladi.
Musiqa sadosi ostida sahnaga ona va farzand obrazidagi o‘quvchilar chiqib keladi.
Ona: — Mehribon farzandlarim, jondan aziz dilbandlarim, o‘z yurtiga fidoyi, mard pahlavonlarim. Ona tilimizni hamisha asrab-avaylanglar. O‘z tilimiz qatori qardosh tillarni ham o‘rganib, hurmat qilinglar. Sizlarga aytar so‘zim shuki, tilimizning sofligini saqlang, uning boy ifoda vositalaridan o‘rinli foydalanishga harakat qiling, go‘zalligini namoyish eting. Sizning komilligingiz, avvalo, muomala madaniyatingizda namoyon bo‘ladi. “Yaxshi so‘z — jon ozig‘i”, deganlaridek shirinsuxan bo‘linglar.
Farzand: — Munis onajon, har bir so‘zingiz biz uchun bebaho. Chunki o‘zingiz bu tuyg‘uni, mehrli allangiz ila ko‘nglimizga jo etgansiz.
(Sahnaga yana boshlovchilar chiqadi).
1-boshlovchi: — Tilimizning barqarorligi o‘zga tillar bilan hamjihatligidadir. Bugun 20 dan ortiq tillar oilasi mavjud. Endi e’tiboringizni ona tilimiz tarixiga qaratsak.
O‘quvchilar sahnadagi “Shajara daraxti”ga bog‘langan turli tasmalarni hilpiratadilar. Tasmalarga turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, tatar, qoraqalpoq kabi so‘zlar yozilgan.
(Musiqa taraladi).
1-o‘quvchi: — Keling, birgalikda tilimizning tarixini, qudratini, madhini kuylaylik.
2-o‘quvchi: — Bu azim daraxtning ildizi shunchalik mustahkamki, har bir bo‘g‘inida buyuk kutubxona mavjud.
3-o‘quvchi: — Bu tilda Rabg‘uziy “Qisasi Rabg‘uziy” asarini yaratdi.
4-o‘quvchi: — Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asari bilan til tarixidan so‘zladi.
5-o‘quvchi: — Alisher Navoiy turkiy tilda “Xazoyin ul-maoniy”dek bebaho va “Xamsa”dek shohona asarini yaratib, so‘z mulkining sultoni bo‘ldi.
6-o‘quvchi: — Zahiriddin Muhammad Bobur betakror “Boburnoma” asari orqali xalq yuragidan joy oldi.
7-o‘quvchi: — Forobiy “Fozil odamlar shahri” kitobini bitdi.
8-o‘quvchi: — Darhaqiqat, ne-ne allomalarimiz ona tilimizning qudrati bilan ezgulikdan so‘zladi, buning barobarida jamiyat yuksaldi.
(Til tarixidan so‘zlovchilar musiqa sadolari ostida sahna ortiga o‘tadi).
1-boshlovchi: — Tilimizning buyukligi, serqirra va sirli jozibasini Navoiy bobomiz singari barcha o‘zbek shoir va adiblari o‘z asarlarida isbot qilishga harakat qilmoqda. O‘zbek tilida yaratilgan asarlarning qaysi misralarini o‘qimang, tilimiz sizni faqat ezgulikka chorlaydi.
2-boshlovchi: — Tilning buyukligi shundaki, kishilarning ma’naviyatini boyitish bilan birga inoqlikka, birdamlikka undaydi.
1-boshlovchi: — Keling, navbatni mushoiraga beramiz. Bunda ona tili saboqlarini “Fonetika”, “Morfologiya”, “Sintaksis” guruhlaridan tinglaymiz.
(Nomlari alohida qayd etilgan holda, sahnaga uch guruhda besh nafardan o‘quvchi chiqadi. Har bir guruhga she’riy ta’rif beriladi).
Shundan so‘ng sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. O‘quvchilar shoh, vazirlar va Alisher Navoiy timsolida ishtirok etadi.
Sahna ko‘rinishining qisqacha mazmuni: shoh vazirlariga: “Menga dunyodagi eng shirin va eng achchiq narsani keltiring”, — deydi. Vazirlar shohga juda ko‘p narsalarni ko‘rsatadilar. Shoh bularni rad etadi. Shunda vazirlar Navoiyning huzuriga boradi. Bo‘lgan voqeani aytib beradi. Navoiy o‘ylab ko‘rib: “Shohingizga til olib boring”, — deydi. Ular podshohga til olib borishadi. Shoh bu jumboqni Navoiy topganini bilib, uni huzuriga olib kelishlarini buyuradi. Shoh unga sarpolar hadya etib, uni vazir etib tayinlaydi.
T.XUDOYQULOV, Respublika ta’lim markazi metodisti