Qisasi ar-Rabg‘uziy:Qisasi Odam safiy alayhissalom – Odam Ato va Momo Havo qissasi
Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabg‘uziy” asarini kitobat olamining go‘zal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab o‘tgan payg‘ambarlarning hayoti, ezgu o‘y, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uyg‘unlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni o‘zida ifoda etgan ikki jilddan iborat bo‘lgan ushbu bebaho durdona asarning zamonaviy o‘zbek tilidagi talqinini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ra’no Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi Nodira Sa’dullayeva amalga oshirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismida  Odam Ato va Momo Havo qissasi  bilan tanishasiz.
Odam Ato va Momo Havo qissasi. Yer yuzining birinchi odami, sultoni, payg‘ambari tuproqdan yaratildi, qudrat ila tiriltirdi, ulug‘ ko‘kka ko‘tarildi, jannat ichra kiritildi, Havodek juft berildi. Iblis vasvasasiga ilindi, yorug‘ jannatdan ayrildi, qorong‘u dunyoga quvildi, Uch yuz yil Allohga hamdu sanolar aytib, tavbalar qildi. Iltijolari qabul etildi.
Haq yaratdi tangsuq Odamni tafiz yer ko‘rkidan
O‘zga surat tuzdi andog‘ ajun ichra ilkidan.
Taxtini ko‘tarib farishta ujmoq ichra kivurib,
Tezginurda chiqmadilar hargiz aning erkidin.
Chiqdi Havvo birla bo‘lib xush tana’um qildilar.
Ichdilar ujmoq sharobin, yedilar et erkidin.
Bildi asmo ilmini ul etu berdi belguluk,
Barcha tillar birla so‘zlar tozi forsiy turkidin
O‘rkadi besh yuz yilanda jufti birla ovunib,
Ichdi sharbat sig‘raqinda yedi ne’mat tarkidin.
Mundi ujmohning buroqin kezdi aning tegrasin,
Xulla qizdi egniga ham boshg‘a urdi bo‘rkidin.
Ozdi iblis makri birla biruk erdi yolg‘uzin
Ikki bug‘doy yedi chiqdi sekkiz ujmoh mulkidin.
Quroni karimda yozilicha: payg‘ambar dedilar Kimda kim dunyo ajoyibotlarini ko‘rmoqchi bo‘lsa Odam alayhissalom qissasiga qarasin.
Olloi Taola Odam Atoni yaratmoq istaganida Jabroil farishtaga xitob keldi: “Borg‘il yer yuzidan bir hovuch tuproq keltirgil”. Jabroil farishta tuproq olmoqchi bo‘lsa, yer ko‘ksimni buzmagil deya yalindi. U rahm qildi.
So‘ngra Isrofil farishta yuborildi. U ham tuproq ololmadi. Mekoil farishta ham quruq qaytdi. Oxirida Azroil farishta jo‘natildi. Tuproq unga ham yalindi. “Sening iltijolaringdan ko‘ra Mavlo Taoloning buyrug‘i azizroq” deya javob berganida, Yaratgandan xitob keldi: “Ey, Azroil, nihoyatda qattiq ko‘ngilli ekansan taqdir bo‘ldikim, barcha tanlilarning jonini senga oldurg‘ayman”.
U tuproqning suvi turfa rangli, turli ta’mli bo‘lib, achchiq-chuchuk, sariq-yashil, qizil-ko‘k, qattiq-yumshoq, hidli–hidsiz barcha xususiyatlar mavjud edi. Shuning uchun ham Odam Ato farzandlari bir biriga mengzamaslar: muloyimu qo‘pol, oqu qora, sarig‘u bug‘doy rang, xushsuvratu badxunuk…
Azroil tuproqni Toif bilan Makka orasidagi Daxno otli yerga joyladi. Qirq yil tuproq izra yomg‘ir yog‘di. O‘ttiz to‘qqiz yil qayg‘u, bir yil sevinch yomg‘iri yog‘di. Shuning uchun odam bolalariga quvonchli kunlardan ko‘ra qayg‘uli damlar ko‘proq bo‘ldi. Qirq yildan keyin tuproqni o‘z qudrati ila suvrat qildi.
Odamni tuproqdan yaratmoqning hikmati ne edi? Qachonki, Mavlo Azza va jalla Odamni yarataman deb xitob qilganida, barcha narsalar mendan yaratgil, deb ta’ma qildilar.
HIKMAT:
Tog‘ aytdi: “Men haybatliman”. Dengiz aytdi: “Men hayotbaxshman”. Oltin aytdi: “Men azizman”, Ko‘k aytdi: “Men ulug‘vorman”. Barcha narsalar o‘zlaridan faxrlanib maqtandilar. Faqat yer tavoze ila dediki: “Men barcha narsadan zaifman. Menda quvonchli hyech vaqo yo‘q.” Shunda xitob keldi: “Men odamni tuproqdan yarataman” va Odamni tuproqdan yaratdi.
Kamtarligu xokisorlikka da’vat yetuvchi yana bir rivoyat mavjud.(Z.R.;S.N)
Iblis yetmish ming farishta bilan Odamni tomosha qilgani keldi. Uning qornini qoqdi. Ichini g‘ovak ko‘rdi. Farishtalarga aytdi: “Uni yo‘ldan chiqarmoq o‘ng‘ay bo‘lg‘ay”. Yana so‘radi: “Agar Mavlo Azza va Jalla sizlarga erklik bersa, bo‘ysunarmisiz?” Barchasi “bo‘ysunarmiz”, deya javob berishdi. Iblis: “Men bo‘ysunmayman”-dedi.
Quroni karimda shunday deyiladi: Xudo ismiga qasamyod etamanki, agar Olloh uni meni ustimdan hukmron qilib qo‘ysa men unga bo‘ysunmagayman va agar meni uning ustidan hukmron qilib qo‘ysa uni o‘ldirgayman. Shu payt u kofir bo‘ldi.
Qirq yildan keyin Odam Atoning joniga tanga kirgil deb buyruq keldi. Jon Odam Atoning boshi uzra turdi, kirishiga unamadi “Men yuqoriman, pastakka qanday kiray”, dedi. Shunda Jabroil alayxis-salom kelib dedi: “Ey jon, Izi Azza va Jalla oti birla kirgil”. U Ollohning nomini aytib tanga kirdi. U odam Atoning boshida ikki yuz yil turdi. Undan ko‘ziga o‘tdi. Ko‘zlari tirildi. Burniga keldi. Aksi urdi. Jabroilga xitob keldi: “Odamning burnidan chiqqan faxorini omonat saqlagil” deb. Undan og‘ziga keldi. Jon qorniga kelganida taom tiladi. Jon ichiga yoyiladi. Suyak, et, teri, tomir singarilar yaratildi. U tebrana boshladi. Odamning terisi nihoyatda go‘zal bo‘lib, u kundan-kunga yanada go‘zallashardi. Qachonki, adashib xatoga yo‘l qo‘ydi, terisi aynidi.
HIKMAT:
Jon vujudga bir soatda kirdi, chiqarda mashaqqatli bo‘lishiga sabab nedur?
Kirarda Ollohdan xitob eshitib kirdi, chiqarda rahmat sevinchi eshitmaguncha chiqmas, kimki baxtli bo‘lsa ya’ni gunohi kam bo‘lsa joni tez chiqar, kim badbaxt bo‘lsa, odamlar dilini ko‘p og‘ritgan bo‘lsa, jon chiqishi qiyin kechar.
Odam safiy u yerda yetti kun o‘tirdi. So‘ngra Yaratgan egam gavharlar ila bezatilgan oltin taxt yubordi. Boshiga oltin toj kiydirib, taxtda o‘tqizdirdi. yetti yuz ming farishtalar atrofida turdi. Ul taxt “Masjid ul-Haram” deyilardi. U Ka’bacha kelardi. Odamni barcha ko‘rkliklar bilan bezadi. Ko‘zlaridek tishlaridan nur balqirdi. Muhammad al-Mustafoning ziyosi uning oldida ko‘milib ketardi. Odam u nurning yorug‘ini ko‘rib, men bir ko‘rsam deya tiladi. Nur odamning yonog‘iga ko‘chdi, undan qo‘liga o‘tdi. U shahodat barmog‘ining uchiga kelganida odam hayrat-la barmog‘ini ko‘tarib, shahodat kalimasini aytdi. Barmog‘ini ko‘tarib shahodat kalimasini aytmoq shundan odam bolalariga urf bo‘lib qoldi. Farishtalar Odamni ko‘kka ko‘tardilar. Jabroil ipakdan yaratilgan Maymun otli ot keltirdi. Odam unga mindi. Jabroil tizgin tutib, Mekoil o‘ngida, Isrofil so‘lida yurib, ko‘kni sayr qildirdilar. Farishtalar yo‘liqqanda Odam Ato “Assalomu alayka yo maloikatallohi” deb so‘rashar edi. Unga farishtalar “Alaykumus-salomu va rahmatullohi va barakotuhu” deb alik olardilar.
Odam bolalariga salomlashish ana shu davrdan meros qolgan.
Odam Atoni ujmohga (jannat) kiritganida ko‘ngli to‘lmadi. Chunki, o‘ziga o‘xshagan yaralmish yo‘q edi. Olloh Odam Atoni uyquga ketgazdi va uyqudaligida chap qovurg‘asidan Momo Havoni yaratdi.
HIKMAT:
Odam Atoning uzoq uyquda chap biqinidan Momo Havoni yaratmoqning sababi ne edi?
Agar Odam Ato uyg‘oq bo‘lsa, joni og‘rib, Havoni dushman bilishi mumkin edi. Agar o‘zidan yaratilganini bilmasa, unga ko‘ngil qo‘ymasdi. Olloh uni egri suyakdan yaratdi. “Xotinni –egri qovurg‘ani to‘g‘irlamoqchi bo‘lsang, sindirib qo‘yasan. Bas, u bilan murosa qil shunda birga yashay olasan”- deyiladi hadisda ham.
Momo Havo juda go‘zal edi. Odam Atoning ko‘ngliga mehr-muhabbat tushdi. Xabarda andak kelur: Izi Azza va Jalla go‘zallikni yuz ulush qildi. To‘qson to‘qqizini Momo Havoga berdi. Bir ulushni barcha odamlarga ulashdi. U bir ulushni yana o‘n ulush qildi. To‘qqizini Yusuf payg‘ambarga, bir ulushini barcha odamlarga berdi. Odam Ato Momo Havoni ko‘rib, rag‘bati kelib “Yaqinroq kel” dedi. Momo Havo esa: “Meni istasang o‘zing kel” deya javob berdi. Odam Havo yoniga keldi. Agar biror soat sabr qilsa edi. Havo o‘zi kelardi. Undan er xotinlarga bormoq sunnat bo‘lib qoldi. Ammo, qachon jannatga kirsalar xotinlar erlar yoniga keladilar. Odam Havoga yaqinlashganida Jabroil farishta nikoh qilmaguncha yontashish ravo emasligini aytadilar. Mavlo Jalla Jaloluhu ikkalasining nikohini xutba qildi.
Yana shunday rivoyat mavjud. Odam Atodan so‘radilar: “Nega Odam atalding” Javob aytdi. yer yuzidan yaratildim. Zero arab tilida yer sirtini –adim deyarlar. Nega Havo atadilar? Arab tilida tirikka-“hay” deydilar. Odam va Havo nikohlangach xitob keldi: “Odam jufting birla jannatga kir, ne’matlarni yeng. Faqat bir daraxtga yaqinlashmang, zolim bo‘lg‘aysiz” U bug‘doy edi. Faqat ulamolar orasida ikki xil fikr bor: Havo jannatda yaratildimi yoki yerda? U paytda Azozil ujmog‘da edi. Barcha farishtalarga ustoz bo‘lib ilm o‘rgatardi. Bir kun “Lavxul mahfuz” da ko‘rdilar farishtalardan biri ma’lun bo‘lg‘ay. Farishtalar undan qo‘rqdilar Azozilga kelib: “Sen ustodimizsan, bizni duo qil Azza va Jalla bizni la’natdan asrasin”. U duo qildi, farishtalar omin dedilar Izi Azza va Jalla uning duosi bilan barcha farishtalarni la’natdan saqladi. O‘ziga ma’lunlik yopishdi. Chunki, ular Odam yaratilmasdan burun Odam bolalari fasad ishlar bilan shug‘ullanadi, bir-birining qonini to‘kishadi, deya ig‘vo qildilar. Olloi Taolo ulardan buni kutmagan edi. Hukm qildi: “Odam avlodlarini g‘iybat qildingiz. Savobingiz olinib, ularga berildi. Taxtni ko‘tarib, jannatni kezdiring”.
Yaratgan egam Odam Atoga “Asmo ilm” ni o‘rgata berdi U barcha narsalarni farishtalarga ko‘rsatdi, ularning otini so‘radi. Farishtalar ojiz qoldilar. So‘ngra Odam Atoga ularning nomlarini aytishni buyurdi. Barcha narsalarning nomini aytdi. Yaratgandan xitob keldi: “Ey, farishtalar, men bilgan narsani siz bilmaysiz deb aytmadimmi?! Endi sizga, ma’lum bo‘ldiki, Odam olim, siz-obidsiz. Mening nazdimda ming obiddan bir olim fozilroqdir. Qaerda olim bo‘lsa, unga obid yordamga kelsin. Ul maxdum bo‘lsin, sizlar xodim bo‘ling, ul masjid bo‘lsin, siz sojid bo‘ling Odamga sajda qiling”.
Barcha farishtalar sajda qildilar, yolg‘iz Azozil bo‘ysunmadi. Farishtalar sajda qilgach, qarasalar Iblis sajda qilmay turardi. Ular shukr deb sevinishdida va yana bir marta sajda qilishdi. Bugungi kunda nomozda ikki marta sajda qilish ana shundan qolgandir.
Xabarda andoq kelur: Ujmoq ichida yarim kun qoldi. Ul jahonning bir kuni bu jahonning besh yuz yiliga teng bo‘lur. Tuproqdan yaralmishdan beri bir ming ikki yuz qirq yil o‘tgan edi. Azozil qachon sajda qilmadi xitob keldi: “Nega sajda qilmading?”. Iblis aytdi: “Men undan ortiqroqman, meni o‘tdan yaratding, uni qora tuproqdan”. Shu javobni aytgach, unga Iblis deb nom berildi. Ma’nosi “navmid” noumid demakdir. Iblis o‘tni tuproqdan ortiq hisobladi. Bilmadiki, Olloh nazdida tuproq olovdan ortiqdir. Chunki, u o‘g‘ri misol nimaki, o‘t-olovga berilsa, uni qamrab olib yo‘q qiladi. Biroq , tuproq bir hovuch olsa, o‘nni yuz qilib qaytaradi.
HIKMAT:
Iblis o‘tga quvondi. Kibr qildi. Kofirlardan bo‘ldi. Olloh aytadiki, kimki biror narsa bilan maqtansa, o‘sha narsa bilan azoblanur. Iblis tiladi: Ilohim yuz ming yil toat qildim uning savobi yo‘qmi? Xitob keldi: nima tilaysan? Qiyomat kunigacha umr bermoqlikni tiladi. “Ey parvardigorim, ular tiriladigan kuniga qadar menga muhlat ber”.
Tafsirchilar, mufassirlar aytishicha badbaxt shayton bejiz qiyomatgacha umr so‘ramadi. U qiyomatgacha tilasam, u yog‘i abadiy tirik bo‘laman deb o‘ylagan. Mavlo Taolo uning ko‘nglidan kechganini bildi va dedi: “Albatta sen muxlat berilganlardandirsan, to ma’lum vaqtgacha”.
Savol: Odam va Havoni bug‘doydan yedirmishida qanday hikmat hosil? Javob: Jannatdan chiqmoqqa sabab darkor edi. Zero, Parvardigor egam yer yuziga xalifa yarataman degan edi.
Nafsut tuqa al-mushtara
Val mushtari rabbul vara
Vajinanuxu asmanuxu
Val mustafa dilaluxu
Lakin sakkahu Tavrotu,
Injulu, Zaburu, Furqanuxu
Savol: Odamni jannatga kiritmoqdan maqsad nima edi? Javob: Odam Ato avlodlari uning qobirg‘asi ostida edi. Ularga avlodlarini ko‘rsatmoq bo‘ldi. Izi Azza va Jalla Odamning o‘g‘lonlarini qobirg‘asidan chiqardi. Mavlo xitob qildi: “Men sizning tangringizmanmi?” Barcha javob qaytardi: “Tangrimizsan”. Odam Ato ularni ko‘rib so‘radi. “Iloxiy bular kimlardir?” Xitob keldi: bular seni avlodlaring, farzandlaring, qiyomatga qadar”. Odam ularni ko‘pligini ko‘rib yana so‘radi: yer yuziga qanday sig‘gaylar. Xitob keldi: “Ey, Odam, ularni to‘rt ulush qilg‘ayman bir qismi otalarining umurtqasida, bir ulushi onalar qornida, bir ulushi yer yuzida, bir ulushi yer qo‘ynida”.
Odam ularni kuzatdi. Birini semiz, birini ozg‘in, birini oqsoq, birini ko‘r, birini aybsiz ko‘rdi. So‘radi: “Ilohim ne uchun ularni birdek yaratmading?” Farmon keldi: “Ey, Odam, do‘zaxni va unga kiruvchilarni hammasini birdek go‘zal yaratsam menga shukrona bildirmasdilar”.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Parvardigor odam bolalarini dunyoni kezishga yubordi. Ularning ko‘pchiligi qolib, ba’zilari qaytib keldi. Mavlo taolo yana bir guruhini jannatga yo‘llaydi. Ularning yana ko‘pchiligi qoladi. Ba’zilari qaytib keldi. Aytmishlar dunyoda qolganlari kofirlar, ujmoxda qolganlari mo‘minlar edi. Qaytib kelganlari Ollohning xos qullari payg‘ambarlari edi. Mavlo Taolo ulardan so‘radi: “Dunyoda qolmadingiz, ujmoxni istamadingiz, tilagingiz nima?”. Aytdilar: “Ilohim, bizga dunyo kerakmas, uqbo kerakmas. Bizga sen keraksan”. Mavlo Taolo aytdi: “Xazinamning eng og‘ir balosini yuboraman”. Payg‘ambarlar so‘radilar: “Ilohim, balo kelmishda sen biz bilan bo‘larmisan?”. Aytdi: “Bo‘lurman”.
Darhaqiqat, baloning eng qattig‘i payg‘ambarlarga keladi, undan so‘ng avliyolarga, undan so‘ng tartib bilan. Iblis jannatdan quvilgach vasvasa bilan Odam Ato bilan Momo Havoni ujmoqdan chiqarmoqni istadi. U paytlarda ilon tevadek katta, qanotlari turfa rangda tovlanadigan nihoyatda go‘zal edi. Iblis undan “Meni jannatga olib kir”, deb so‘radi. U unamadi. Iblis “og‘zingni och” dedi. Og‘zini ochganida tilining tagiga kirib oldi. Ilon bo‘lib, Odam Atoga so‘zladi. U tinglamadi. Ayol kishining ko‘ngli yumshoq bo‘ladi deb, Momo Havoga so‘zladi. “Mavlo Taolo bug‘doyni nima uchun yema deganini bilarmisan?” deb so‘radi. “Yo‘q”. –dedi. “Uni yegan kishi ujmoxda mangu qolur” dedi. Havo butoqdan yedi. Odam Atoni ham yeyishga da’vat etdi. Odam Ato u soatda ahdini unutdi. Bug‘doyni chaynadi, yutadigan paytda Yaratgan egamning buyrug‘i yodiga tushdi. Yutgisi kelmadi. Chiqarib tashlayolmadi. Shu-shu eranlarda (erkak kishilar)ning tomog‘ida yumg‘oq(hiqildoq) bor, tishilarda (ayollarda) esa yo‘q. Shundan keyin toj boshlaridan tushdi.
HIKMAT:
Yahyo ibn Maoz – al-Roziy deydilar: Hajga bordim. Tun qorong‘usida ovoz eshitdim. Uni izladim. Sas tikon o‘tlar orasida kelardi. “Nega yig‘layapsan”, deb so‘radim.” “Nega yig‘lamayin? Farishtalarga ustoz edim. Oxiri la’natga uchradim”. Bildimki, Iblis so‘zlayapti. Dedim: “Nega sajda qilmading?” Aytdi: “Menga sajda qil dedi, qilmadim. Odamga bug‘doyni olma dedi. Uni oldi, yedi. Biroq, uni kechirdi. Meni kechirmadi. Savol berdim: Odamni kechirdi, seni kechirmadi. Hikmat ne edi. Javob: “Azalda odam taqdiri haqida inoyat bor edi, meni xaqimda yo‘q. Azalda bo‘lgan inoyat bo‘lur”.
Momo Havo bug‘doyni yegach yig‘ladi, unda hayz zoxir bo‘ldi. Qiyomatgacha u ayollarga meros qoldi.
Savol: Hayzning muddati o‘n kun bo‘ladi. Undan hikmat na ermish. Javob: Momo Havo bug‘doy olgani borib kelgunicha o‘n qadam tashladi. Aning uchun o‘n kun bo‘ldi. Savol: Uzoqi o‘n ozi uch kun. Sababi nedur? Javob: Bug‘doyga uch narsa bilan yetishdi. Oyoq birla bordi. Qo‘li bilan tutdi. Og‘iz bilan yedi. Shuning uchun ozi uch kundir. Savol: Istixoza nima? Javob: Momo Xavoning tavbalari qabul qilindi. Va hayz bo‘ldi. Tavbadan keyin u yig‘ladi, yig‘ilari istixoza bo‘ldi, soflik berdi. Savol: Nifos na ermish? Javob: Havo bug‘doy yog‘ochin olib kelguncha qirq dam urdi. Shuning uchun har bir dami bir kunni bildiradi.
Yana maqsadga kelsak. Qachon Odam va Havo tojdan ayrilib, yalang‘och qolgach, barcha daraxtlardan yaproq so‘rab yugirdilar. Jiydaning yog‘ochi yaproq bermadi. Shuning uchun qurib qolsin, deb Odam bolalari uni suvsizroq joyga ekadilar.
Barcha daraxtlarda olov mavjud. Suv ichmasa qurishadi. Izi Azza va Jalla jiydaning o‘tini ketkazdi. Shuning uchun kosiblar to‘n tikkanda ishlatiladigan to‘qmoqni undan tayyorlaydilar. Hukm keldi: Ey, Odam mendan qocharmisan? Aytdi: “Ey, Ilohim, uyalgandan sendan senga qocharman”. Ilohim, hukm qilding, qazo yuritding, mani kechirgil, yorliqqolgil”. Yorliq keldi: “Seni yorliqoldim. Sendan keyingi o‘g‘lonlaring ham tavba qilsalar, ularni ham yorliqolgayman. Endi, ujmohdan chiqqin”,-dedi.
RIVOYAT:
Anjir yog‘ochi Odam Ato va Momo Havoga beshta yaproq berdi. Ular andomlarini bekitdilar. Tong otgandan keyin u beshta yaproqning birini kiyik yedi, mushk bo‘ldi, birini sigir yedi, anbar bo‘ldi, birini ari yedi, asal bo‘ldi. Birini qurt yedi, ipak bo‘ldi. Birini odam yerga tikdi yung bo‘ldi. Qiyomatga qadar o‘g‘lonlarga kafan bo‘ldi.
HIKMAT:
Anjir yaprog‘i Odam Atoga yaproq bergani uchun Tangri uni jazoladi. Barcha yemishlar uch turlidir:Birlari olma, nokdek usti yeyilar urug‘i yeyilmas, ba’zilari yong‘oq, bodom kabi mag‘zi tanovul etilar, ba’zilari qovun, tarvuzdek ichi ham, po‘sti ham yeyilmas, ammo anjirning hammasi yeyilar.
Xitob keldi: “Odam va Havo bilan birga Iblis, tovus ham jannatdan chiqarildi.” Odam Hindistondagi Anjalus nomli yerdagi Sarandip tog‘iga tushdi. Havo Jadda tog‘iga tushdi. Iblis Basraga tushdi. Tovus Nishonga tushdi. Barchasining suvratu siyrati o‘zgardi. Iblis ma’lun, tovus ilondek yerda sudralib yuradigan bo‘ldi.
Odam tushgan yerda achchiq-achchiq yig‘ladi. Ko‘z yoshidan tomgan yerda yog‘ochlar undi. Yo‘llar, buloqlar paydo bo‘ldi. Ko‘katlar, dorivor giyohlar undi. Havoning ko‘z yoshi tomgan yerda ud, qalampirmunchoq, sunbul, xino, o‘sma o‘sdi. Ular qiyomatga qadar odam avlodiga meros qoldi.
Iblis yer yuzidagi qurt qumirsqalarni yig‘ib dedi: yer yuziga kimki keldi sizlarga o‘xshamaydi. Ularni yo‘q qilmasangiz, sizlarga qiron keltiradi. Barchasi yig‘ilib keldilar. Avvalo secha kelib, Odam boshiga qo‘nib, sochini yula boshladi. Shuning uchun sechani odam bolasi patini yulib, qovurib istemol qiladi. Odam qush-qurtlarni ko‘rib qo‘rqdi. Nido keldi “Ey, Odam, ularning biriga mehr ko‘rsatgil.” Odam itning boshini siladi, u ilidi. Qush- qurtlarning barini quvdi. U kundan beri Odam bolalari bilan birga qoldi.
Yana farmon keldi: “Ey, Odam, Makkaga borgil. Men uchun bir uy bunyod et.” Odam dedi: Ilohim u yerni men bilmasman. Mavlo Taolo bir qushni yo‘l ko‘rsatuvchi qildi. Oti arab tilida Axyol, turkiyda ko‘k qarg‘a edi. U uchar edi. Odam ergashdi. Odam Ato Makka yeriga kelib bir uy qurdi, “Bayt al-ma’mur” otli. U uyning atrofida tavof qildi. Mavlo Taolo Odam Atoning uy qurishini savob deb qabul qildi, gunohini kechirdi. Qachonki, katta Nux tufoni bo‘lganida Mavlo yorlig‘i bilan Jabroil u uyni to‘rtinchi qat ko‘kka oshirdi. Mavlo Taolo sakkizta qo‘y yubordi, yettisi sog‘in biri qo‘chqor. Momo Havo u qo‘ylarning yungini yigirdi. Odam Ato to‘qidi. Ikkalasi to‘n tikib kiydilar. Shuning uchun yer yuzida qo‘ydan aziz narsa yo‘q derlar.
Mavloning yorlig‘i bilan ikki sigir keltirdi. Biri qizil, biri qora. Yana ujmoxdan bug‘doy keltirdi, va uni uch hissa qildi. Ikki bo‘lagini Odamga, bir bir bo‘lagini Havoga ajratdi. Har biri yuz ming edi. Sigirlar jannatdan chiqayotganda yig‘ladilar, ko‘z yoshidan no‘xot undi. Jabroil uyum bug‘doyni uchga bo‘lganda, Odam Ato va Momo Havo uni ekdilar. Odamning ekkanidan bug‘doy undi. Momo Havo ekkan yerda arpa o‘sdi. Odam so‘radi: “yeyinmi Jabroil aytdi: “Yo‘q , o‘ssin” o‘sgach yana so‘radi. “O‘rgil” dedi. O‘rdi. Yana so‘radi. “yanchg‘il” dedi, yanchdi. “Shamolga sovur”, dedi. Sovurdi. So‘ngra farishta o‘rgatganidek bug‘doyni yanchib, non pishirdi. So‘ngra yana iste’molga izn so‘radi: “yeyinmi”. Farishta dedi: “Ey, Odam, kunning ikki ulushi ketdi. Bir ulushi qoldi, Kechga qadar sabr qil, ro‘za tut” dedi.
U kun Ashur kuni edi. Odam ko‘mochni yemoqchi bo‘lganida yana Jabroil keldi. Nonni uch ulush qildi. Ikki ulushini Odamga, bir ulushini Havoga berdi. Shuning uchun erga ikki, xotinga bir ulush tegadi. Odam o‘z ulushini tugal yedi, Havo yarmini yeb, yarmini asrab qo‘ydi. Jabroil keldi: “Ey, Odam, Havo ham sendek o‘z ulushini tugal yeganida edi, avloding qiyomatgacha qahatchilik nima bilmasdi”. Odam kumochni yegach, qorni og‘ridi Jabroil odamning qo‘lidan tutib yozilishga eltdi. Odam yozildi. Badbo‘y tarqaldi. So‘radi: “Ey Jabroil bu nima” “Jabroil javob berdi: Bu seni gunoxingni eslatib turguvchidir. Undan keyin Jabroil Odam qo‘lini boshiga urdi. Odamning bo‘yi yetmish qari (qo‘l uchidan tirsakkacha bo‘lgan o‘lchov birligi ) kamaydi.
Momo Havo Jadda tog‘ida yurib, qorni ochsa, dengiz bo‘yiga o‘tib, baliq tutib, uni qattiq narsaning ustida pishirib yerdi. Odam ikki yuz yil yig‘ladi. Ikki yuz yildan keyin Arofat tog‘ida uchrashdilar, qovushdilar. Odamdan yuklik bo‘ldi. O‘sha yuk og‘irlashganda har ikallasi Ollohga yolvordilar. Iblis Havo yoniga keldi. So‘radi. Qorningda nima bor? “Bilmayman” javob qildi. “Qorningdagi sigir, yilqi bo‘lsa-chi?” dedi Iblis. Havo bu so‘zdan g‘amga botdi. Iblis yana dedi: “Men Olloh oldida pokiza mo‘min kishiman. Duo qilaman. Ollohdan so‘rayman. Sendek pokiza, go‘zal vujud tug‘ilishini. Sen meni ismimni qo‘yarmisan?” deb so‘radi.
-Seni oting nadir?
-Otim –Xoris.
Havo o‘g‘il tug‘di. Otini Xoris deb atadi.
Xabarda aytilishicha, Havo yetmish marta egizak-bir o‘g‘il, bir qiz tuqqan.
Odam Ato yil sayin qurbonlik qilar, u qabul bo‘lsa ko‘kdan olov kelib, kuydirardi. Odam Ato non yeyar edi, go‘shtni orzu qildi. Farmon keldi: “Borgil, qush ovlagil”. Ovladi bir qirg‘ovul va bir burgut tutdi. Ularni so‘yib, o‘tga tutdi, qirg‘ovul pishdi, burgut pishmadi. Odamning alami kelib, o‘tga ko‘mdi. Tamoman kuydi. Odam qirg‘ovul ikkalamizga oshlikka yetmas deb kuyindi. Qirg‘ovul Havoga, burgut Odam Atoga atalgandi. Jabroil dedi: “Ey, Odam kuyinma, Olloh senga burgut o‘rniga boshqa yemish bergay”. Shundan keyin burgut go‘shti Odam avlodlariga qiyomatga qadar harom bo‘ldi. U davrda qurbonlikni kuydirmak harom bo‘ldi, yemak halol bo‘ldi.

gujum.uz/uz-l/mutolaa-uz-l/qisasi-ar-rabguziy-qisasi-odam-safiy-alayhissalom-odam-ato-va-momo-havo-qissasi-2/