Bolaning qulog’ini qanday tozalash kerak: yosh onalar uchun maslahatlar
Onalar va shu jumladan yosh onalar farzandlarining ust-boshlarini tez-tez yuvib, ularni cho’miltiradi. Tabiiyki cho’miltirgandan keyin, ularning tirnoqlarini olib, quloqchalarini tozalab qo’yishadi. Biroq onalar quloq tozalashda juda ehtiyot bo’lishlari kerak ekan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, quloqni bir martalik uch qismiga paxta o’ralgan maxsus gigienik quloq tozalagich cho’plarda tozalash lozim. Kichik yoshdagi farzandning quloqlarini tozalash vaqtida ortiqcha harakat qilmaslik, ohistalik bilan ish ko’rish kerak. Ko’pincha kattalar bolaning qulog’ini tozalayman deb, quloq ichida yig’ilgan kirni yana ham ichkariga kiritib yuborishadi. Natijada quloq chirki quloq ichidagi nog’ora pardaga tegadi va bolaning qulog’i og’rishni boshlaydi.
Onalar bolalarinign quloqlarini juda ehtiyot bo’lib tozalashlari uchun, avvalo quloqning anatomik tuzilishidan xabardor bo’lishi kerak. Eshitish a’zosi uch qismdan, ya’ni tashqi, o’rta va ichki quloqdan iborat. Tashqi quloq – quloq suprasi va tashqi eshitish yo’lidan tashkil topgan. Eshituv yo’li «S»simon kanaldan iborat bo’lib, kirish qismi sertuk va teri osti yog’ bezlari oltingugurtga boy maxsus modda (quloq chirki)ni ishlab chiqaradi. Ushbu chirkning ishlab chiqarilishi normal holat sanaladi. Bu o’z navbatida quloq terisida kasalliklaridan, mayda hashoratlarning quloq ichiga kirishidan himoya qiluvchi omil sanaladi. Lekin ba’zi insonlarda quloq chirkining ishlab chiqarilishi individual bo’lib, hayotida bir necha marotaba lor shifokorga murojaat etishga majbur bo’lishadi.
Ba’zilarda quloq chirki haddan tashqari ko’payib ketib, eshituv kanalini berkitib, quloq pardasigacha borishi mumkin. Bundan tashqari qulog’i chirkka to’lgan kishida quloq og’rig’i, shovqin va eshitish qobiliyatining pasayishi kabilar kuzatiladi. Ba’zi onalar farzandlarining quloqlari og’rishidan yoki qulog’idan yiring oqishidan shikoyat qilishadi. Quloq og’rishi va yiring oqishi o’rta quloq bo’shlig’i va so’rg’ichsimon o’simta katakchalarining yallig’lanishi hamda quloq pardasi emirilishi bilan kechadigan yiringli jarayon natijasidir. Kasallikning kelib chiqishiga mahalliy va umumiy omillar sabab bo’lishi mumkin. Bular: Kasallikning o’tkir davrida davolanmaslik; burun bo’shlig’i kasalliklari; immun tizimining pasayishi; allergiya; gigienaga rioya qilmaslik.
Kasallikni davolash uchun albatta onalar farzandlarini malakali shifokorga murojaat qilishlari lozim. O’z bilganingizcha ish tutmang. Shifokor quloqdan yiring oqishi sabablarini tashxislar yordamida aniqlab, kerakli dori vositalarini buyuradi. Quloq og’rig’iga be’tibor bo’lmaslik kerak. Bu og’riqlar sababi bir nechta bo’lishi mumkin. Agar farzandingiz qulog’idan yiring oqishiga e’tiborsiz bo’lsangiz, quloq pardasi va suyaklari emirilishi oqibatida eshitish qobiliyati pasayishiga sababchi bo’lib qolasiz. Bu esa payti kelib – meningit, va sepsis holatlariga ham olib keladi. Quloq tozalash qoidalarini o’zingiz yaxshi bilgan holda, buni kattaroq farzandlaringizga ham tushuntiring. Ular ham quloqning holatidan yaxshi xabardor bo’lgani maqsadga muvofiqdir.