Psixolog nega kerak? 12+
Bugun o‘sha psixologiya, uning tartib-qoidalari, xulosalari bizning hayotimizga yopirilib kirmoqda. Psixologiya – ruhiyatni o‘rganadi va shu orqali insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Sohaning har qanday qonun-qoidalari ma’lum daholar, olimlar bilan bog‘liq.
Hatto ular ko‘pincha bir-birini zo‘r berib inkor qilishiga nima deysiz? Amaldagi psixologiya g‘arb olimlari tomonidan, g‘arb kishilari ruhiyatini o‘rganish natijasida yaratilgan, uning har qanday qoidalari, tavsiyalari, me’yorlari o‘sha tomon kishisi ruhiyati asosida ishlab chiqilgan. To‘g‘ri-da, fanning predmeti inson ruhiyati ekan, uni tibbiyotda bo‘lganidek avval sichqon-u quyonlarda sinab bo‘lmasa…
Psixologiyaning biror me’yorini, tavsiyasini yaratish uchun bir qancha insonlar o‘rganilib, shular uchun umumiy holatlar hisoblab chiqiladi va yakuniy xulosa, me’yor sifatida taqdim etiladi. Albatta, psixologiya aniq fan emas. Lekin, qiziq jihati — g‘arb kishisini (xususan, ruhiy kasallar) o‘rganish asosida ishlab chiqilgan, ularning ruhiyatiga moslashgan, shu negizda berilayotgan tavsiyalar va xulosalar bizga mos keladimi? Bu tavsiyalar oxir oqibatda bizni g‘arb ruhiyatiga moslab qayta tarbiyalamaydimi? Psixologning oldiga muammongizni aytib borsangiz, birinchi navbatda «sen o‘zingni yaxshi ko‘r, o‘zingni hurmat qil, o‘zingga ishon!» deganga o‘xshash maslahat beradi. Televidenie orqali ham buni ko‘p eshitgan chiqarsiz. Ya’ni, ular har qanday muammomiz o‘zimizni sevmasligimizdan, deb biladi. Mashhur g‘arb psixologining mijozlari ongiga singdiradigan asosiy qoidasini oling: «men sening muammongni hal qilish uchun tug‘ilmaganman, sen mening muammomni yechish uchun yashayotganing yo‘q!» . U shu yo‘l bilan inson ruhiyatini davolamoqchi bo‘ladi.
Bu g‘arblik uchun maqbul uslub. Bizda bunaqa shior bilan ruhiy siqilgan odamni davolash mumkin emas. Bu, hatto, amaldagi qonunchiligimizga ham zid. Konstitutsiyamiz bo‘yicha nafaqat ota-onalar bolalar uchun, balki bolalar ham ota-ona uchun mas’ul. Psixologlar ruhiy muammolarimizni o‘zimizning emas, yaqinlarimiz manfaatlarini ustun qo‘yayotganimizda, deb biladi? Va, yomon jihati, buni o‘zgartirishga urinadi. Egotsentristlikka undaydi. Bu bizning millat sifatidagi yakdilligimizga tajovuz emasmi? Qonunlarimizni oyoq osti qilishga undov emasmi? Inson o‘zgalar uchun qancha ko‘p qayg‘ursa shuncha baxtli bo‘lib boraveradi, faqat o‘zini sevgan umidsizlikka, tushkunlikka va baxtsizlikka mahkum. Chunki biz uchun birovdan mehr ko‘rishdan o‘zgalarga mehr ko‘rsatish muhimroq, hatto bu hayot-mamot masalasi.
Gulbahor Yusupova tayyorladi