Chunki unda inson qalbi, ruhiyati, orzu-umidlari aks etadi. Shu bois ham kitob mening eng yaqin do’stim, maslahatdoshim, dono ko’makchimga aylangan. Uning sahifalaridagi satrlar yod bo’lib ketgan bo’lsa-da, qayta-qayta o’qiyman, har gal o’qiganimda yangi ma’no-mazmun uqqandek bo’laman.
Kitob — buyuk mo’jiza, ziyo chashmasi. Unga hamroh bo’lgan inson faqat va faqat odamiylik saboqlarini o’rganadi.
To’g’ri, bugun zamon shiddat bilan ilgarilab bormoqda, kompyuter texnologiyalari, internet, axborot kommunikatsiya vositalari hayotimizga jadal kirib bormoqda.
Ammo har qanday vosita ham kitob o’rnini bosa olmaydi.
Shunga qaramay bugun zamonaviy texnologiyalarni kitobdan ustun qo’yuvchilar ham bor. Aytib o’tganimizdek, hayotimizni telefon, kompyuter, planshet, internet kabi zamonaviy vositalarsiz tasavvur eta olmasligimiz bor gap. Biroq har narsaning o’z o’rni bor. Demak, ular bizga kitob kabi ma’naviy ozuqa bera olmaydi, deb o’ylayman.
Bolaligimda buvim menga uqtirar edilar: «Kitobga chizma, yirtma, uni avaylab-asragin, qadriga yetgin. Kitob sendan boshqalarga ham kerak bo’ladi. Agar yuzingga bir chiziq chizilib qolsa, yuzim kir bo’ldi, deb yig’laysan. Kitobga chizsang u ham seningdek yig’laydi, sendan xafa bo’ladi. Sen buni sezmaysan!»
Bu bolalarcha tushuntirishlar o’sha murg’ak chog’larimdayoq qalbimda kitobga mehr uyg’otgan.
Bobom der edilarki: «Bizning zamonimizda bunday sharoit qayda edi deysan bolam?! Biz bir kitobni o’n- o’n besh kishi navbat bilan o’qir edik. Badiiy kitoblarni o’qishga imkonimiz bo’lmagan. Qizim sen shunday zamonda yashayapsanki, nima xohlasang bari mujassam. Buning uchun shukronalar aytishimiz kerak. Kitobni sev, uni ardoqla. Toki hayoting kitobdagidek mazmunli o’tsin”.
Ha, buvim aytganlaridek, «Kitob — qalb gavhari», bobom aytganlaridek, «Kitob — ko’ngil ziynati».
Kitob bizni yuksak cho’qqilarni egallashimizga xizmat qiladigan ma’naviy mayoq, buyuk ne’matdir.
Yana axborot tehnologiyalariga qaytadigan bo’lsak, vertual hayotga butun borlig’imiz bilan berilib, asl ma’naviy do’stimizdan yiroqlashmaylik.
Mohira ALISHEROVA,
Yangiqo’rg’on tumanidagi 42-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabining 8-sinf o’quvchisi