Kavsar Turdiyeva
Qor parchalar, parchalar,
Oq kiyadi archalar.
Qir, adirlar, qo‘ralar
Oq kiyimga o‘ralar.
Uyga kirdi oq odam,
Qarasam, mening dadam.
Dadamning ustin qoqdim,
Dadamga kulib boqdim.
Yoqalarin tuzatdim,
Issiq to‘nni uzatdim.
Rauf Tolib
Quyonga dedi Ayiq:
— Buncha shoshasan, qiziq?
— Qish kelar qilich qayrab,
Qandoq o‘tiray qarab?
Qish g‘amini yeyapman.
—To‘xta, nima deyapsan?
Qish degani bir kecha…
— Unday emasdir hecham.
— Bir uxlab tursang, bahor!
— Bahorgacha ko‘p gap bor…
Qishli qirovli kunda
Ovqat so‘rayman kimdan?
— Qanaqa qish, ey ahmoq? —
Darg‘azab bo‘lar maymoq.
— Qishdan qo‘rqmaysiz, demak…
— Gap qaytarma tirmizak.
Anvar Obidjon
Yo’laklarim — olmos qor,
Ko’ylaklarim — olmos qor,
Sochlarim ham olmos qor,
Tojlarim ham olmos qor.
Oqqina oqqush-oqqizman,
Qorbobo qorgan qorqizman.
Yo’ymang meni sho’r tuzga,
O’xshatmanglar g’irt muzga.
Tilim novvot, qaynoqdir,
Ko’nglim yumshoq, qaynoqdir.
Oqqina oqqush-oqqizman,
Qorbobo qorgan qorqizman.
Hamidulla Yoqubov
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek,
Oppoq undek.
Shakar undek,
Shakar, desam.
Agar yesam,
Og’rir tishim.
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek.
Nurullo Oston
Qor havosi ufurar,
Shamollar yer supurar.
Uchar so’nggi xazonlar,
Tussiz bog’-u biyobon,
Bo’m-bo’sh ko’cha, xiyobon.
Osmon xira va rangsiz,
Bosib kelar qish jangsiz.
Abdurahmon Akbar
Shimimda to’rtta cho’ntak,
Paltomda to’rtta cho’ntak.
Birma-bir kirib chiqar
Bariga ikki qo’lim.
«Kuh-kuh»lab qo’llarimga
Oyimlar koyir andak,
— Shunaqa chatoq bo’lar
Qo’lqop yo’qotish,
O’g’lim!
Dilshod Rajab
Archa ko’klamni quchib —
Mahkam olgandir ushlab.
Ko’klam ketolmas chiqib
Undan yoz-u kuz, qishlar.
Ko’klam archaga bandi,
Qila olar nima ham?
Axir u o’ralgandir
Sonsiz ninalar bilan!
Dilshod Rajab
Qor kiyingan archalar
Oq qalpoqqa o’xshaydi.
Yaltiroq shox-shabbalar
Jez taroqqa o’xshaydi.
Muz qotgan ariqchalar
Zar belbog’ga o’xshaydi.
Sumalaklar — qandillar
Muz chiroqqa o’xshaydi.
Qor ustida qarg’alar
Qora dog’ga o’xshaydi.
Yo oq qog’ozga tomgan
Rang — siyohga o’xshaydi.
Fe’li sovuq izg’irin
Ko’p chatoqqa o’xshaydi.
Quvib solar hammani,
Urto’qmoqqa o’xshaydi.
Safar Barnoyev
Qorbobom bilan kelsam,
Quvonasiz chindan.
Qormomong ham bormi, deb
So‘ramaysiz mendan.
Qormomom ham bor mening,
U tog‘larda yuradi.
Yo‘limiz oq bo‘lsin deb,
Qor yog‘dirib turadi.
Narimon Orifjonov
Rosa maza qish,
Qorlari — kumush.
Oq kiygan atrof.
Qish havosi sof.
Konki uchamiz,
Hech charchamay biz.
Goho qorbo‘ron
O‘ynab kim chaqqon? —
Bilib olamiz,
Qoyil qolamiz.