Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan bir chet ellik mehmon bilan tanishib qoldim. Xorijlik sayyohdan diyorimizga kelib, olgan taassurotlarini so‘raganimda, odamlarimizning tanishu notanishga birdek qo‘li ko‘ksida «Assalomu alaykum” deya chiroyli tabasssum bilan salom berishini alohida e’tirof etgandi.
Ha, o‘zbekona salomlashuvimiz, shirin lutfimizdan har qancha faxrlansak arziydi. Darvoqe, dunyodagi turli mintaqalarda, millat va xalqlarda salomlashish qanday ekanligini bilish ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois, quyida turli xalqlarning salomlashishlari bilan tanishamiz:
Xitoylar «ni xao”, turklar «iyi gunlar”, greklar «kalimera” va afrika Sumatra orollari aholisining «jambo”, «salvette”, «xiyve peyve” deyiladigan salomlashish ko‘rinishlari borki, ularning ham tom ma’nosi bir-biroviga sog‘lik, omonlik, kunning yaxshi o‘tishini tilashdir.
Salom-alikning dunyo xalqlari orasida turli o‘ziga xos ko‘rinish va an’analari bor. Masalan, qadimgi xitoyliklar bir-birini ko‘rganda, ikki qo‘lini ko‘kragiga bosib, sal enkayish bilan salom berishgan. Bu odat bizda ham bor, kichik bolalarimizga bobosi, momosi yoki yaqin qarindoshlariga salom berishda, bolaning ikki qo‘lini ko‘ksiga bosishini va enkayishini talab qilamiz. Laplandiyaliklar (shimoliy Yevropa xalqlari) burnini-burniga tekizib, lotin amerikaliklar quchoqlashib, fransuzlar bir-birining chakkalarini o‘pishib, samoaliklar (Okeaniya orollari xalqlaridan biri) hidlashib salomlashishadi.
Saxarada istiqomat qiluvchi tuager qabilasi vakillari yuz metr masofadan turib bir-biriga salom berishni boshlaydilar. Ular sakraydilar, ta’zim bajo keltiradilar, xullas, har xil qiliqlar qilishadi. Bu tarzdagi salom-alik yarim soat davom etishi mumkin.
Mabodo Tibet tomonlarga borib qolsangiz, u yerda yo‘lovchilar sizga tillarini ko‘rsatib o‘tsalar, sira xafa bo‘lmang! To‘g‘ri, bu qiliq bizda mazax qilishning o‘zginasi, ammo tibetliklar tillarini yaxshi niyatda chiqarib ko‘rsatadilar, ya’ni, sizga zahmat yetkazish uchun qo‘limda hech narsam (qurolim), tilimda ham hech vaqom (zaharim) yo‘q, ma’nosida…
Uzoq Shimolning eskimos xalqlari ko‘rishayotganda mushtlari bilan bir-birlarining boshlariga yo yelkalariga urib-urib qo‘yadilar.
Afrikaning ayrim qabilalarida ko‘rishayotgan odamning qo‘ltig‘ida qovoq bo‘lishi kerak. Bu yerlarda qo‘lida qovoq ko‘tarib turib salomlashish juda katta hurmat belgisi sanaladi.
Zuluslarda hayrat ohangida «Men seni ko‘ryapman” deb aytish salom o‘rnini bosadi.
Grenlandiyaliklar ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar bir-birlarini ko‘rganlarida «Ob-havo yaxshi” deyishadi.
Malayziyada aksariyat hollarda «Qayoqqa ketyapsan?” deb salomlashishadi. Qoidaga muvofiq, alik olayotgan odam bunday paytlarda «Sayrga” deb javob qaytarishi lozim.
Keniyadagi akamba qabilasida chuqur hurmat belgisi sifatida bir-birlarining yuziga tuflashadi.
Yangi Zelandiyalik aborigenlarning salomlashish tarzi yanada ajoyib. Ular avvaliga qo‘rqinchli so‘zlarni aytib qiyqirishadi, keyin qo‘llari bilan o‘z qorinlariga mushtlay boshlaydilar, oyoqlari bilan yer tepadilar va nihoyat ko‘zlarini olaytirib, tillarini osiltiradilar.
Umuman olganda, dunyo xalqlariga birdek tushunarli imo-ishoralar, qo‘l, ko‘z, yuz, bosh, lab harakatlari bor. Bu a’zolarning harakati bilan har qanday odam tarjimonsiz ham bir-birlarini bemalol tushunaveradilar. Hatto, Kolumbiyada bunaqa imo-ishoralarning ikki mingtasi to‘planib, izohli lug‘at sifatida chop etilgan ekan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday imo-ishoralar qadim zamonlardan mavjud. Xususan, bosh barmoqni ko‘tarib, «Qoyil! Zo‘r!” degan ma’noda havoda silkish qadimgi rimliklardan qolgan.
Bizda, odatda, xayrlashayotganda qo‘l silkib qo‘yaqolamiz. Lotin Amerikasining ayrim mamlakatlarida bo‘lsa, havoda qo‘l silkish «Marhamat qiling! Xush ko‘rdik!” deyiladigan paytda qo‘llaniladi. Mabodo, And orollariga borib qolsangiz, yana bir ajoyib manzaraga guvoh bo‘lasiz. U yerliklar siz bilan xayrlashayotganliklarida kaftlarini ko‘tarib, unga puflab qo‘ysalar, ko‘nglingizga olmang! Bu ham hurmat belgisi.
Italiyaliklarning xatti – harakatlari ham ulardan qolishmaydi. Bu yurt odamlarining barmog‘ini chap qo‘liga tekizib qo‘yishi: «Ehtiyot bo‘ling!” degani ekan. Qadimgi Misrda barmoqlarini juftlab chakkasiga tekizib qo‘yish katta hurmat belgisi sanalsa, bizda faqat harbiylargina barmoq uchlarini chakkalariga qadab salomlashadilar.
Shimoliy afrikaliklar huzurida bo‘lganingizda, ular sizga qarab, o‘ng qo‘lini peshonasiga, labi va ko‘ksiga tekizib qo‘yishsa, «Men sen haqing o‘ylayman, sen haqingda so‘zlayman, seni hurmat qilaman” deganini tushunib olavering.
Italyanlar «salyut” (sog‘ bo‘ling, ko‘p yashang), ruminlar «servs” (xizmatingizdamiz), mongollar «mend” (sog‘ bo‘ling) yoki «boyar” (xushvaqt bo‘ling), ruslar «privet” (qut, baraka tilayman) so‘zlarini xayrlashganda ham aytganlar.
Dunyoda qancha xalq, qancha millat va elat bo‘lsa, ana shuncha an’analar, urf-odatlar, salomlashishning turli ko‘rinishlari bor. Bu esa biz yashayotgan zaminning naqadar keng, boy, sirli va rang-barang ekanligidan dalolatdir.
Keniya va Tanzaniya davlatlarining chegarasida istiqomat qiluvchi masau xalqi bir-bir bilan qo`l berib salomlashishdan oldin kaftlariga bir tuflab oladilar.
Sharqiy Afrikada joylashgan Keniya davlatining akabama qabilasi vakillari o`z qadrdonlari bilan salomlashganda bir-birlariga qarata tipurishadi.
Tinch okeanidagi Samoa orollarida istiqomat qiluvchi mahalliy aholi vakillari salomlashganda bir-birlarini hidlab qo`yadilar.
Tibetliklarning salomlashish usuli biroz g`alatiroq: ikki tibetlik o`zaro salomlashganida o`ng qo`li bilan bosh kiyimini yechadi. Keyin so`l qo`lini qulog`ining ortiga o`tkazib, bir-biriga tilini chiqarib ko`rsatadi.