Bodringli parhez
Bozor va do’kon rastalari yangi uzilgan bodringlar bilan to’lib turgan bir paytda biz ayollar uchun yosharish va ortiqcha vazndan xalos bo’lish uchun ajoyib imkon paydo bo’ladi. Bodringli parhez 3 yoki 5 kunga mo’ljallangan. Uning turlari ko’p bo’lishiga qaramay, har bir parhezdan keyin siz 2-4 kg vazndan xalos bo’lishingiz mumkin. Shuningdek, bodring oshqozon, bo’g’imlar va buyrakni tozalovchi eng yaxshi vosita. Bu sabzavot hatto teridagi turli-tuman dog’larni samarali ketkazadi. Xullas, bodringli parhez davomida siz bitta o’q bilan bir nechta «dushman»lardan xalos bo’lishingiz mumkin.

Nega samarali hisoblanadi?
Birinchi navbatda bodring tarkibidagi tabiiy kletchatka va 95% suvdan iborat ekanligi bilan boshqa sabzavotlardan farq qiladi. Agar e’tibor qilgan bo’lsangiz, ko’pgina boshqa parhezlarda kuniga 2-3 litr suv ichish tavsiya etiladi. Bodringli parhez bundan mustasno, chunki 2 kg bodring tarkibida 1900 ml suv mavjud. Endi ikkinchi foydasi xaqida gapiramiz. Bodring oshqozon ishini yaxshilab, uni toshqol (shlak) va toksinlardan xalos etadi. Bundan tashqari, bodring peshob haydash xususiyatiga ega. Bu degani, siz organizmingizda bir necha vaqtdan buyon yig’ilib qolgan ortiqcha suyuqlikdan ham qutulasiz.

Eng oson usul.
3-5 kun davomida har kuni 1,5 kg. bodring eyish tavsiya etiladi. Bunda siz bodringdan tayyorlangan har xil salatlar bilan kundalik taomnomangizni boyitishingiz mumkin. Eng asosiysi, parhez uchun tayyorlangan salat ichiga tuz qo’shmang. Yana bir narsa: faqat 12-13, 16-17, 19-20 soatlar oralig’ida ovqatlaning. Nonushta har doimgidek, choy, qahva va suv istalgan miqdorda. Quyida uch xil salat turi bilan tanishasiz:

Birinchi salat.
1-2 kg. bodringni katta bo’laklarga bo’lib kesing. Keyin 30 gr mayonez va ta’bga ko’ra har xil ko’katlar bilan aralashtiring. Tayyor salatni 3-5 bo’lakka bo’lib, kun davomida iste’mol qiling.

Ikkinchi salat.
Yuqorida aytilgan miqdordagi bodringlarni yog’ miqdori kam bo’lgan smetana yoki kefir bilan aralashtirib, ta’mi yaxshilanishi uchun ichiga 1-2 dona qaynatilgan tuxum va tuzsiz ziravorlar qo’shib aralashtiring.

Uchinchi salat.
1,5 kg. maydalangan bodringni, 500 gr. pomidor bilan aralashtirib, ichiga 1 choy qoshiq o’simlik yog’i yoki smetana qo’shing. Bu salatga ta’bingizga qo’ra ozgina qaynatib pishirilgan yog’siz go’sht ham qo’shishingiz mumkin. Muhimi, tuz qo’shmaslik.

DIQQAT!
Gastrit, organizmida kislota miqdori yuqori bo’lgan va oshqozon yarasi kasali bor kishilarga bodringli parhez tutish qat’iyan man etiladi!

Yuqoridagi parhezni 7 kun tutib, siz 5 kg. vazndan xalos bo’lishingiz mumkin. Lekin bodringli parhez ayrim kishilar salomatligi uchun juda xavfli bo’lishi xech gap emas! Shu sababdan bu parhezni qo’llashdan oldin, albatta, shifokor bilan maslahatlashing!