Xonalar uchun parda tanlash
Xonadonning fayzli, oʼziga xos dizaynli boʼlishida pardalar tanlovi juda muhim. Deraza uchun tanlangan pardalar badiiy bezaklardan tashqari, yana qanday vazifalarni bajarishi kerakligi haqida oʼylab koʼrganmisiz? Аytaylik uy ichidagi manzarani yashirish va harir parda yordamida tashqarini kuzatishi mumkin. Hatto mutaxassislar shunday pardalarni yaratishganki, ular xonani quyosh nuri va yorugʼlikdan butkul toʼsadi. Shu oʼrinda savol tugʼiladi: xonadoningizga mos pardalarni tanlashda nimalarga eʼtibor berish lozim?
Uzuni maʼqulmi yoki kaltasi? Odatda yosh bolali ayollar uzunligi deraza tokchasidan boʼlishini hohlaydilar, ularning fikricha uzun pardalar tez ifloslanadi. Hatto bolalar ularni oʼynab, uzib olishlari ham mumkin. Lekin uzunligi deraza tokchasigacha boʼlgan pardalar faqat oshxona va oynabandli ayvon derazalariga mos tushadi. Qolgan xonadonga esa uzun parda tanlashni maslahat beramiz. Koʼp qavatli uylarda balkon derazasi va eshigi bir-biriga yaqin joylashgan boʼladi. Bunday deraza pardasi tokchagacha, eshikniki esa polgacha uzunlikda boʼlsa, xona oʼzgacha koʼrinishga ega boʼladi.
Bolalar xonasi uchun. Havorang, kulrang va binafsharang pardalar farzandingizning uyqusi buzilmay, miriqib uxlashini taʼminlaydi. Shu bois iloji boricha bolalar xonasi uchun aynan shu ranglilarini ixtiyor etavering.
Mebellaringizga hamohang boʼlsin. Bu borada ranglar uygʼunligi yoddan koʼtarilmasligi lozim. Tanlayotgan pardalar xona devorlarining rangi bilan emas, balki mebel rangiga mos tushsa, maqsadga muvofiq boʼladi. Аlbatta, devor rangiga mos tushgan pardalar ham xonaga oʼziga hos shinamlik beradi. Biroq keying yillar davomida devorlar rangini oʼzgartirish yoki ularga gulqogʼoz yopishtirish istagida boʼlsangiz, pardalarni ham oʼzgartirshingizga toʼgʼri keladi. Shu sababli pardalarni mebellarga moslab tanlaganingiz maʼqul.
Аgar jalyuzidan foydalansangiz. Jalyuzi shifti baland uylarga ilingani maʼqul, uning vertikal va gorizontal turlari mavjud. Vertikal jalyuzilarni har qanday xona (yoki oshxona)ga oʼrnatishingiz mumkin. Gorizontali esa ofislarga ilingani maʼqul.
Pardalarni tozalab turing! Pardada toʼplanib qolgan changni tozalash oson ish emas. Ularni dam-badam yuvish esa sifatiga aks taʼsir etishi mumkin. Shu sababli vaqti-vaqti bilan parda yuzasiga toʼplanib qolgan changni tozalab turish kerak. Buning uchun changyutgich ogʼziga doka tutib, pardaga tekkizmagan holda changni tozalaysiz. Yuvilgan pardalarni esa biroz namligida dazmollagan maʼqul. Shunda ular oson tekkislanadi.