Qanday rang urfda bo’ladi?
Kiyim xarididagi eng muhim jihat — mavsumda qanday ranglar va uyg’unliklar urfda bo’lishini aniqlab olishdir. Oq-qora, zumrad rang, ko’k, och yashil, kulrang, turli tusdagi pushti hamda jigarrang liboslar bu mavsumda hech bir xonimni befarq qoldirmasligi aniq. Boshqalardan ajralib turishni yoqtiradigan qizlar uchun jahon modelerlari oltin kuz faslida yorqin apelsin, siyoh, qizil, tilla va hatto neon tusdagi rang-barang kiyimlarni taqdim etishmoqda.
To’qilgan, charm liboslar.
Ustki kiyimlarga to’xtaladigan bo’lsak, kuzning dastlabki oylarida to’rsimon, to’qilgan hamda sintetik matolar jumladan, poliesterdan tikilgan turli ko’rinishdagi kofta,tunika va ko’ylaklar urfda bo’lsa, yomg’irli kunlarda an’anaviy charm va laklangan kurtkalar tavsiya etiladi. Mashhur modelerlar mavsum oxirida turli uzunlikdagi qalin sviterlar qatorida, mo’ynali liboslar ham urfga kirishini ta’kidlashmoqda.
Navbat — poyabzallarga!
Stilistlarimiz yorqinlik va jimjimadorlikni yoqtirgan qizlarning ko’nglidan chiqadigan bo’lishdi! Sababi, bu mavsumda ular tomonidan turli biser va toshchalar bilan bezatilgan, son-sanoqsiz kamar, bog’ichi bo’lgan, baland hamda qalin poshnali, turli rang va matolar uyg’unligi aks ettirilgan oyoq kiyimlar yaratilib, ayollarga taqdim etilmoqda.
Mini yoki maksi?
Yoz oylarida ayni urfda bo’lgan maksi va mini uzunlikdagi kiyimlarni bir chetga qo’yib, tizzadan biroz tushib turuvchi (midi) liboslarini qo’lga oling. Kuzda o’rta uzunlikdagi ko’ylak, yubka, kuzgi paltolar birdek urfda bo’ladi. Ammo kalta kurtka va tizzagacha bo’lgan plashlar haqida ham unutib qo’ymang, ular bu mavsumda mashhurlik cho’qqisida!
Yubka va shimlar.
Moda bilan hamnafas bo’lish istagidagilar qalamcha, etaklari to’lqinsimon, zapaxli hamda biroz xo’rpaytirilgan uslubdagi yubkalarni tanlab adashmaydilar. Shimning esa jinsi matosidan tikilgan quvursimon, tunika bilan kiyishga mo’ljallangan, biroz yopishib turuvchi va ishbilarmon xonimlar uchun maxsus klassik uslubdagilari tavsiya etiladi.
Ixcham va bejirim aksessuarlar!
Bu mavsumda kichik hajmdagi ixcham sumkalar yana urfga qaytishi ayni muddao bo’ldi. Ayniqsa, to’rtburchak va trapetsiya shaklidagi klach va ayollar hamyonlari har qanday ko’rinishga jozibadorlik bag’ishlaydi. Tashqi qiyofangizga yoqut yoki zumrad ko’zli, tilla va kumushdan yasalgan taqinchoqlar, bijuteriyalar yordamida so’nggi urg’u beramiz.