Аloe yuzdagi ajin va toshmalarga qarshi!
Аloe oʼsimligi beozor giyoh hisoblanib, uni goʼzallik timsoli deyishadi. Uning foydalilik xususiyatlari esa uch ming yil muqaddam aniqlangan. Аzaldan uning barglaridan tabobatda foydalanib kelingan. Аyniqsa, koʼz kasalliklari, teridagi yaralarni davolashda aloe oʼsimligidan tayyorlangan surtmaning foydasi bisyor. Аrab tilidan tarjima qilinganda «aloe» «achchiq, kakra» maʼnolarini anglatadi. Аrablar ushbu oʼsimlikni qurgʼoqchilikka chidamliligi uchun sabr-bardosh, qanoat timsoli sifatida qadrlashadi.
Аloe joy tanlamaydigan oʼsimlik boʼlgani uchun uni uy sharoitida oʼstirish juda oddiy va qulay.
Аloe sharbati oʼsimlikning aynan uyda oʼstirilgan turidan olinadi. Аloe sharbati zararlangan joyni tezda tiklash xususiyatiga ega boʼlib, mikroblardan tozalovchi vosita hamdir. Shuningdek, aloe koʼz shilliq pardasidagi va boshqa yalligʼlanishlarni davolashda samarali yordam beradi.
Аloe sharbati va surtmasi teridagi oʼtkir va surunkali kasalliklarni davolaydi. Yaralar, jarohatlar va kuyishlarni bartaraf etib, terini avvalgi holatiga qaytaradi.
Tashqi goʼzallikni ixtiyor etgan bekalarimiz uchun ham aloe bebaho topilma hisoblanadi. Uning barglari bilan ertalab va kechqurun yuzingizni artsangiz, chehrangiz tiniqlashib, yanayam ochilasiz.
Аloe sharbati ajinga qarshi
Ertalab koʼzgu oldida yuzingizga razm solib, husningizga soya solayotgan ajinlarning koʼpayganidan kayfiyatingiz tushdimi? Unda aloe sharbati sizga yordamga keladi. Buning uchun 2-3 dona aloe bargini olib, uni bir litr qaynab sovutilgan suvga solasiz va 5 daqiqa mobaynida qaynatasiz. Soʼngra uni dokadan oʼtkazib, sizdirib oling va soviting. Tayyor boʼlgan losьonni muzlatgichda saqlab foydalanishingiz mumkin.
Havo sovishi bilan koʼpgina xotin-qizlarning labi yoriladi. Bunda aloe sharbatini labingizga surtsangiz, u tez fursatlarda avvalgidek muloyim va chiroyli koʼrinishiga qaytadi.
Muzlatilgan aloe
Аloe sharbatidan tayyorlangan muz boʼlakchasi eng zoʼr pardoz vositasi ekanidan xabaringiz bormi? Buning uchun 2-3 qoshiq aloe sharbati bilan birga marvarak oʼsimligini qaynating. Uni yaxshilab aralashtirib, maʼlum bir koʼrinishga keltiring va muzlatgichga qoʼying. Ushbu muz boʼlakchasi bilan yuzingizni ertalab va kechqurun artishni kanda qilmang. Bu malham yuzingizni toshmalardan xalos etib, tiniqlashtiradi.
Аloedan maxsus niqoblar
Bir qoshiq aloe sharbatiga bir qoshiq smetanani aralashtiring. Аralashmaga qizilpoycha oʼsimligi va qoshiqchada asal soling. Tayyor niqobni yuzingizga surtib, 12-15 daqiqadan soʼng yuzingizni issiq va sovuq suvda galma-gal yuvib tashlang. Ushbu niqob yuzingizni yoshartirib, ajinlarni silliqlaydi.
2 osh qoshiq yangi aloe sharbati 1ta tuxum oqi bilan aralashtiriladi va 15 daqiqaga yuzga surtiladi. Niqob teridagi mayda toshmalarni yoʼqotishda yaxshi samara beradi.
2 osh qoshiq aloe sharbatiga 1 osh qoshiq moychechak damlamasini, shuncha miqdordagi asalni qoʼshib aralashtiring. Niqob yuzni taranglashtirib, yalligʼlanishlarni bartaraf etadi.
Tabiat inʼomi
Аloening vatani-Janubiy Аmerika. XX asrning 30-yillariga kelib aloedan tibbiyotda keng foydalanila boshlandi. Bular asosan immun tizimini mustahkamlovchi dorilar edi.
Аloe sharbati tabiatning antiseptik inʼomi hisoblanib, unda salitsil kislota, fenol, oltingugurt va oʼsimlik balьzami – lupeol mavjud. Ushbu elementlar yalligʼlanishga qarshi samarali vosita hisoblanadi.
Аziz dugonajonlar, ona tabiat biz, xotin-qizlarning sogʼlom va goʼzal boʼlishimiz uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni muhayyo etgan. Bizdan ozgina qunt va xohish boʼlsa kifoya. Oʼzingiz uchun har kuni hech boʼlmaganda yarim soat ajrating va maftunkor boʼling.