Husnbuzarlardan qanday xalos bo’lish mumkin?
«Go’zallik-dunyoni qutqaradi», degan edi Dostoevskiy o’zining «Telba» nomli asarida. Darhaqiqat, husn ilohiyot tomonidan insonga berilgan eng oliy hadyadir. Husni go’zal insonning xulqi va qilayotgan amali ham go’zal bo’ladi. Ammo deyarli ko’pchiligimizni tashvishga soluvchi husnbuzarlar esa ko’p hollarda dilimizni xira qiladi. Aziz dugonajon, keling, bugun husnbuzarlarning kelib chiqish omili, ularga qarshi samarali kurashish haqida suhbatlashsak.
103576709
Kelib chiqish sabablari:

Lotinchadan kirib kelgan «akne» so’zini ma’nosi toshma va husnbuzarlarni anglatadi. Bunday muammoga deyarli 90%  o’smir yoshlar, shuningdek, 54% katta yoshlilarda ham tez-tez uchraydi. Terining husn­buzarlardan aziyat chekishi, eng avvalo, organizmning gormonal xususiyatlaridan tashqari, naslga ham bog’liq. Shu tufayli ham, agar siz husnbuzardan aziyat chekayotgan bo’lsangiz, undan qutulishdan oldin eng avvalo bir nechta mutaxassislar ko’rigidan o’tishingiz lozim. Jumladan:

Endokrinolog: sizdagi muammoning sababi organizmdagi gormonal o’zgarish yoki moddalar etishmovchiliklari oqibatida yuzaga kelgan- kelmaganligini aniqlaydi.

Ginekolog: organizmdagi gormonal etishmovchiliklar, ginekologik muammolarga aniqlik kiritadi.

Dermatolog: aynan ushbu mutaxassis teridagi muammolarni aniqlaydi.

Kosmetolog: teridagi muammolarni tabiiy va teriga zarar etmaydigan kimyoviy vositalar yordamida piling qiluvchi mutaxassis.

Shuningdek, gastroenterolog ko’rigidan o’tish ham sizdagi husn­buzarlarning o’chog’i oshqozon-ichakda turli muammolar bilan bog’liqligiga aniqlik kiritadi.

O’zboshimchalikka yo’l qo’ymang!

Husnbuzarlarning ilk alomatlari yuzda kichik qora nuqtalar yoki mayda oq toshmalarning paydo bo’lishi bilan belgilanadi. Teriga infektsiya tushishi va shamollashlar oqibatida ular qizarib, ichida yiring paydo bo’ladi. Bunday hollarda yuzni noto’g’ri parvarishlash esa yuzda dog’ va turli asoratlar qolishiga sabab bo’ladi.

Quyosh nurlari husnbuzarlarni yo’qotadimi?

Quyosh nurlari haqiqatda terini quruqshatadi va oftobda toblanish yuzdagi ayrim kamchiliklarni bekitadi. Ammo quyosh nurlaridan uzoqda turish yuzlarda yog’ bezlarining kuchliroq ishlashiga va teri holatining yomonlashuviga olib keladi.

Uydirmalarga ishonmang!

Husnbuzarlar muammosi balog’at davrida (13 yosh­dan 20 yoshgacha) bezovta qiladi. Undan keyin o’tib ketadi, degan gaplarga ishonmang. Vaqtida mutaxassislar tavsiyasini oling. Negaki, bu sizda rivojlanayotgan turli ichki etishmovchiliklar oqibati bo’lishi mumkin.

Bakteriyalarga qarshi kurashing!

Husnbuzarlarning oldini oluvchi eng yaxshi chora ozodalik! Shaxsiy gigienaga e’tibor qarating. Shuningdek, yuz terisini kontrast usulda, ya’ni oldin iliq suv, keyin sovuq suvda yuvish ham samarali yordam beradi.

To’g’ri ovqatlaning!

Mutaxassislar fikricha, shokolad va qovurilgan kartoshka iste’moli yuzda husnbuzar paydo bo’lishiga olib kelmaydi. Shu tufayli kundalik taomnomangizga e’tibor qarating. Tarkibida issiqlik darajasi yuqori bo’lgan mahsulotlarni kam miqdorda iste’mol qiling. Ovqatlanish ratsionida ko’proq meva va sabzavotlar o’rin olsin.