Husnbuzarlar yog’-tuk yo’llarining bekilishi natijasida vujudga keladi. Bu teridagi yog’ va notekis o’lik qatlamlar miqdorining ortishi sababli sodir bo’ladi. Bunday sharoitlar esa husnbuzarlarni keltirib chiqaruvchi bakteriyalarning ko’payishi uchun juda qulaydir.
Husnbuzarlarning hosil bo’lishiga yoshdagi gormonal muvozanatning tabiiy o’zgarishi ham, jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishi tartibining buzilishi ham sabab bo’lishi mumkin. 25 yoshdan yuqori bo’lgan ayollarda husnbuzarlarning chiqishi butun organizmni yaxshilab tekshirish uchun sababdir.
Kalendula va aloeni ishga soling!
Husnbuzarlarga qarshi kuchli ta’sir ko’rsatuvchi yordamchi sifatida shubhasiz kalendulani (tirnoqgul) aytish mumkin. Sizga bir maslahat: yuzingizni kalendula damlamasi bilan qancha ko’p artib tursangiz, husnbuzar ko’rinishidagi “mehmon”larning paydo bo’lish xavfi shuncha kamayadi. Bundan tashqari, uyingizda juda ham foydali aloe (sabur) o’simligi o’sishiga albatta e’tibor bering. U toza yuz terisining sodiq do’sti hisoblanadi. Husnbuzar chiqqan joyga ozgina aloe yaprog’ini bosing, ustidan esa plastir yopishtiring. Taxminan ikki soatdan so’ng aloe kutilmagan dushmanni yo’q qilib, shu bilan birga uni zararsizlantiradi. Unutmang, husnbuzarlarni mustaqil ravishta siqib chiqarish mumkin emas – siz bu usul bilan infektsiya kiritib, vaziyatni yanada murakkablashtirasiz.
Agar husnbuzarlar katta va ko’kimtir rangda bo’lsa, pishib yorilganida qon aralash yiring chiqsa, demak oshqozon-ichak tizimida qandaydir muammo bor. Bunday husnbuzarlar bilan kurashish befoyda. Ulardan xalos bo’lish uchun terapevt yoki dermatolog huzuriga borish kerak. Barchamizga ma’lumki, sog’liq bilan hazillashib bo’lmaydi.
Ba’zi maslahatlar.
Husnbuzarlarga qarshi – yong’oq, aniqrog’i uning yaprog’i juda yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Biroq qo’llashdan avval ular quritiladi, so’ng damlama tayyorlanadi: 3 choy qoshiq quritilgan yaproqqa 0,5 litr qaynagan suv quyilib, 1 daqiqa qaynatiladi. Tayyor bo’lgan aralashma taxminan 2 soat davomida damlanadi va suvi siqib olinadi. Ozgina paxtani damlamaga botirib, husnbuzar chiqqan joyga bosiladi.
Kir sovunni ozginasini qirg’ichdan chiqarib, suvga bo’ktiriladi. Unga yarim choy qoshiq ekstra tuzini solib, aralashtiriladi. Bu aralashmani engil harakat bilan yuzga surtiladi va 5 daqiqadan so’ng yuz yuvib tashlanadi. Bunda yuz teshiklari ochilib, kirlar va yog’lar ketadi, husnbuzarlarning uchlari ochiladi. Keyin 1 choy qoshiq xamirturush kukuniga 1 osh qoshiq limon suvini qo’shib, aralashma yuzga surtiladi. Bu niqob yuzda qotib, qurigunicha turadi. So’ng iliq suvda yuvib tashlanadi.