Koʼklam kelishi bilan ayollar tashqi koʼrinishlariga alohida eʼtibor bilan qarashni boshlashadi. Bahor goʼzallik fasli boʼlishiga qaramasdan, yuzdagi barcha nuqsonlarni oshkor qiladigan palla ham hisoblanadi. Shunday nozik faslda har birimiz yuz parvarishiga befarq boʼlmay, turli tuman niqoblardan foydalanishimiz kerak. Oʼylaymizki, quyida tavsiya etilayotgan niqoblar yanada goʼzal va sogʼlom koʼrinishga ega boʼlishingiz uchun yordam beradi.
Kartoshkali niqob. Oʼrtacha kattalikdagi 1 dona kartoshka qaynatilgandan soʼng sanchqi yordamida eziladi. Ustiga ikki osh qoshiq sut solingach, yaxshilab aralashtiriladi. Iliq holatdagi niqob yuzga suriladi va 20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvib tashlanadi. Ushbu muolaja yuz teringizni tiniq koʼrsatish, taranglashtirish hususiyatiga ega. Uni oyda ikki marta takrorlab tursangiz, atrofdagilarning havas qilgulik chehra sohibasiga aylanasiz.
Аsalli niqob. 50 gram asalni 50 gram zaytun yogʼi va bitta tuxum sarigʼi bilan aralashtiring. Hosil boʼlgan aralashmani yuz hamda boʼyin sohasiga surting. 20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvib tashlang. Bunday niqob har qanday turdagi yuz uchun foydali.
Kosmetik loylar. Oz miqdordagi gilni qaynatib, iliq suvda aralashtiring. Аralashma biroz yumshoq holga kelgandan soʼng yuzingizga suring. 15 daqiqadan keyin oldin iliq, soʼng sovuq suvda yuving. Dorixonalarda kosmetik va davolash maqsadida qoʼllaniladigan gillarning turli xillarini topish mumkin.
Yuzdagi qizarishni yoʼqotish uchun. 1 osh qoshiq tvorogni 1 dona gidroperit tabletkasi bilan aralashtiring. Аralashmani yuzingizga surtib, 20 daqiqadan soʼng iliq suvda yuving. Bu niqob bahorda qizargan yuzingizni oqartirib, tiniq va chiroyli koʼrinish beradi.
Smetanali niqob. Rediskani mayda tishli qirgichdan oʼtkazing. 1 osh qoshiq tayyor boʼtqaga 1 osh qoshiq asal, 1 osh qoshiq smetana qoʼshing. Аralashmani 2 daqiqaga yuzingizga surib qoʼying soʼng iliq suvda yuvib tashlang. Bu niqob yuzingizni yoshartirib, qon aylanishini yaxshilaydi.
Bodringli niqob. Yuzingiz tiniq va chiroyli boʼlishi uchun bodring suvidan foydalansangiz ham boʼladi. Buning uchun kattaroq hajmdagi bodringni katta tishli qirgʼichdan oʼtkazib, unga 2 choy qoshiq aroq yoki spirt (6%li) quyasiz-da,ikki kunga oftobli joyga qoʼyasiz. Tayyor boʼlgan aralashmani yuzingizga surtib, 10 daqiqadan soʼng yuzingizni yuvib tashlaysiz.
Olmali niqob. 2 dona olmani qirgʼichdan oʼtkazib, sharbatini dokadan oʼtkazing. Yumshoq paxtani sharbatga botirib, yuzingizga surting. Ushbu muolajani 10 kun davomida 2 mahal takrorlasangiz, yuzingiz tiniqlashib, yuzdagi mayda qora nuqtalar yoʼqolishiga sabab boʼladi.
Yogʼli va quruq yuzlar uchun. Oʼrtacha kattalikdagi bodringning poʼstini tozalab, qirgʼichdan oʼtkazing. Tayyor boʼtqaga 1 choy qoshiq yaxshi koʼpirtirilgan tuxum oqini qoʼshing va yuzingizga surting. 20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvib tashlang. Ushbu niqob yogʼli yuz terisi uchun juda foydali. Аgar yuzingiz quruq boʼlsa, aralashmaga 1 choyqoshiq smetana qoʼshsangiz kifoya. Yuzingiz tiniqlashib, yumshoq boʼladi.
Tiniq yuzga ega boʼling. Qizil lavlagini mayda tishli qirgʼichdan oʼtkazing. Unga 1 choy qoshiq smetana va 1 choy qoshiq tuxum sarigʼi solib aralashtiring. Tayyor aralashmani yuzingizga surtib, 20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvib tashlang. Yuz terisi tiniq boʼlishida bunday niqobning foydasi katta.
Аjin tushmasin desangiz. Koʼklamning injiq havosi tufayli koʼpchilikning terisi qurib, ajin tushishga moyil boʼlib qoladi. Bunday pallalarda yuz uchun foydali boʼlgan yumshatuvchi niqoblardan foydalanish kerak. Toza asal va sutdan tayyorlangan niqob eng samarali vosita. Ikki osh qoshiq asal va yangi tabiiy sutni yaxshilab aralashtirib, yuzga yarim soat davomida surtib qoʼyasiz. Mazkur niqobdan keyin kompress qilish yaxshi natija beradi.