Sochlarni yorqinlashtirish ikki turga bo’linadi:
Bular oddiy tilda «pyoryshki» («patlar») va «melirovanie». Pyoryshki — sochlarning ma’lum qismini alohida-alohida ajratib olib, qisman yorqinlashtirish bo’lsa, melirovanie — sochlarni to’liq rangsizlantirish demakdir.
Sochlarni yorqinlashtirish vodorod peroksidi yordamida, uy sharoitida amalga oshirilar ekan, ko’pchilik bu jarayonda ba’zi xatoliklarga yo’l qo’yadi.
Himoya choralarini unutmang!
Kimyoviy moddalar bilan ishlashdan oldin ko’zlar va yuz terisi himoyalangan bo’lishi lozim. Teri ta’sirchanligi hisobga olinib, albatta, maxsus qo’lqopdan foydalaniladi. Ajratib olingan har bir soch tutami ostiga qalin folga qo’yilib, aralashma suriladi. Agar rangsizlantirishdan oldinroq sochlaringizni qora rangga bo’yagan bo’lsangiz, kutilgan natija bo’lmasligi mumkin. Bu vaziyatda yaxshisi soha mutaxassisiga murojaat qilganingiz ma’qul.
Nozik sochlaringizni kuydirib qo’ymang!
Sochlar bo’yalganiga to’rt oydan oshgan va bo’yalmagan (yangi o’sib chiqqan) qismi uzunroq bo’lsa, ularni uchidan rangsizlantirib borish maqsadga muvofiq. Aks holda, avval ildizdan boshlangan yoki ildizi va uchi bir vaqtda rangsizlantirilganda, bo’yalgan qismining «oqarishi» qiyin kechadi, yangi o’sib kelayotgan qismi esa kutilganidan tezroq «kuyadi». Natijada, ilk xato sochlar rangining ikki xil ko’rinib qolishida namoyon bo’ladi. Keyinchalik taraganda zararlangan sochlar sinib, to’kila boshlaydi, o’ta siyrak va mo’rt bo’lib qoladi.
Zarari bormi?
Rangsizlantirish kimyoviy moddalar yordamida amalga oshirilgani sababli, bosh terisi yumshab, soch o’sishi tezlashadi. Ammo bosh terisi ta’sirchan bo’lib qoladi. Shuning uchun rangsizlantirishni nisbatan issiqroq mavsumda amalga oshirgan ma’qul. Jarayon yakunlanib, sochlar yuvilgach, ularni natija rangiga mos soch bo’yog’iga bo’yash tavsiya etiladi. Bu soch rangining «tiniqligi» va yorqinligini ta’minlabgina qolmay, yo’qotilgan himoya «tangacha»lari vazifasini vaqtincha bajarib turadi.
Alohida parvarishlang!
Sochlar kimyoviy ucul bilan yorqinlashtirilganda uning parvarishi oddiy sochga nisbatan ko’proq e’tibor talab qiladi. Vitaminli niqoblar sochlarga jilo beradi va muolajaning biz salbiy deb hisoblamaydigan oqibatlari — siyraklashuvi, mo’rtlashuvi, vitaminlarning parchalanishi va hokazo holatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Sochlarga zarar etsa…
Agar bu jarayonda sochlaringizga jiddiy zarar etkazib qo’ysangiz, kosmetologga murojaat qiling. Kimyoviy moddalar me’yordan ko’proq vaqt tutib turilganda sochlar mo’rt bo’lib qolsa, ularni qayta tiklashning iloji yo’q. Tabiiy sochlar o’sishi davomida bo’yalgan (rangsizlantirilgan) sochlarni ma’lum o’lchamda (uzunlikda) kesib borish bilan muammoni bartaraf etish mumkin. Rangsizlantiruvchi vositalar soch tolalarida uzoq muddat saqlanishi sababli, sochlar oqarib qolgan taqdirda ham aynan shu echim yordamga keladi. Muolaja yakunida sochlarni shampun, konditsionerda yuvish tavsiya etilmaydi.
Natijasiga ishonchingiz komil bo’lmagan holatda sochlaringizni aslo rangsizlantirmang. Axir, sochlarimiz bizning husnimiz-ku!