Tugʼma ichak tutilishi
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti “Gospital bolalar xirurgiyasi va bolalar onkologiyasi” kafedrasi assistenti, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi shifokori, tibbiyot fanlari doktori Jamoliddin SАTTАROV bilan suhbat.
– Bolalarda jarrohlik talab etadigan tugʼma nuqsonlar, jumladan oshqozon-ichak traktining tugʼma ichak tutilishi kasalliklari va kelib chiqish sabablari haqida toʼxtalib oʼtsangiz.
– Tugʼma nuqson deganda, anatomik tuzilishning buzilishi va buning natijasida aʼzo va tizimlar faoliyatining izdan chiqishi tushuniladi. Tugʼma nuqsonlar xilining koʼpligi va klinik manzarasining har xil yoshda turlicha kechishi, ularga aniq tashxis qoʼyishni qiyinlashtiradi va bu jarrohlarni tugʼma nuqsonlarni mukammalroq oʼrganishga undaydi.
Bolalarda oshqozon ichak tizimi rivojlanishi nuqsonlaridan tugʼma ichak tutilishi koʼproq uchraydi. Аslida homilaning 4-12 haftasida oshqozon ichak tizimi shakllanib boʼlishi kerak. Lekin bu davrda homilaga turli xil (tashqi va ichki) omillar taʼsiri sababli oshqozon-ichak traktida nuqsonlar paydo boʼlishi mumkin.
Masalan:
oshqozon-ichak traktining shakllanish nuqsonlari: atreziya, stenoz (ichak torayishi), membrana (toʼliq yoki qisman toʼsiq boʼlishi);
ichaklarning tashqi tomondan bosilishi natijasida kelib chiqadigan nuqsonlar (taqasimon va halqasimon oshqozon osti bezi, oshqozon-ichak traktining ikkilanishlari, qorin boʼshligʼining kistoz xosilalari);
ichaklar rotatsiyasi (joylashuvi) va fiksatsiyasi nuqsonlari (Ledd sindromi, aynan ingichka ichak buralishi, ichaklarning patologik fiksatsiyasi, oʼrta ichak buralishlari, mezokolikoparietal churralar, notoʼliq rotatsiya, amalga oshmagan rotatsiya, teskari rotatsiya);
mekoniyali ileus va boshqalar tugʼma ichak tutilishiga sabab boʼlishi mumkin.
Tugʼma ichak tutilishining turli shakllari aksariyat holatlarda neonatal (chaqaloqlik davri) va 3 oylikkacha boʼlgan davrga toʼgʼri keladi. Bunda koʼplab tugʼma rivojlanish nuqsonlari va buning ustiga qoʼshimcha somatik kasalliklar tufayli yuzaga keladigan moslashuvning buzilish holati davolash natijalariga salbiy taʼsir koʼrsatadi.
Tugʼma ichak tutilishi katta yoshdagi bolalar va oʼsmirlar orasida kuzatilganda kasallikka tashxis qoʼyish murakkabligi tufayli bemor hayotiga xavf soluvchi asoratlarning rivojlanishi operatsiya muolajasini oʼtkazishni va operatsiyadan keyingi davrning kechishini yanada chigallashtiradi.
Yaxshiyamki, zamonaviy tibbiyot sohasida bizning mamlakatimizda ham jahon standartlariga mos keladigan yuqori sifatli tashxislash va davolash ishlari yoʼlga qoʼyilgan va yuqorida aytilgan muammolar muvaffaqiyatli hal etilmoqda. Misol uchun, Respublika perinatal markazida aynan tugʼma nuqsonlarni tashxislash va davolashda erishilayotgan yutuqlarni eʼtirof etish kerak. Shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikalarida ham, xususan “Gospital bolalar xirurgiyasi” kafedrasida tugʼma va orttirilgan kasalliklar boʼyicha ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda. Respublikamiz viloyatlarida tugʼma ichak tutilishini erta tashxislash, yaʼni goʼdak ona qornidaligidayoq aniqlash va kompleks tashxislash usullari va davolash yoʼlga qoʼyilgan. Аynan tugʼma ichak tutilishi xastaligini davolash yoʼnalishida neonatal xirurgiya, bolalar jarrohligi va gastroenterologiya boʼlimlari reja asosida, tadqiqotlar natijalaridan foydalanib, bolalar jarrohligi mutaxassisligi boʼyicha talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlar tayyorlash boʼyicha oʼquv jarayonini olib bormoqda.
– Baʼzida yuzaga kelgan tugʼma yoki orttirilgan nuqsonlarni bartaraf etish uchun jarrohlik amaliyoti zarur boʼladi. Jarrohlikni oʼtkazish muddati ham muhim ahamiyatga ega ekan, shundaymi?
– Ha, bu kasallikda jarrohlik muolajasi davolashning asosiy bosqichi hisoblanadi. Аyniqsa, bolalarda ushbu muolajani oʼtkazish uchun muddatni aniq belgilash muhim ahamiyatga ega.
Jarrohlikni amalga oshirishda zaruriy (absolyut) va nisbiy koʼrsatmalar boʼladi. Zaruriy koʼrsatma bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin boʼlgan holatlarda, masalan, orttirilgan yoki tugʼma ichak tutilishi, destruktiv appenditsit, ichakning churrada qisilib qolishi kabilarda, qorin boʼshligʼida oʼtkir kechayotgan kasalliklarda beriladi.
Nisbiy koʼrsatma rejali jarrohlik muolajasiga koʼrsatma boʼlgan holatlarda, masalan, siqilmagan chov churralari, gipospadiya, polidaktiliya, kindikning tugʼma oqmalari, kistalari va hokazolarda beriladi. Bu holatda shoshilinch jarrohlik muolajasi oʼtkazishga ehtiyoj boʼlmaydi.
Jarrohlik oʼtkazish vaqtini aniqlashda bola yoshi katta ahamiyatga ega. Lekin, zaruriy koʼrsatma boʼyicha jarrohlik muolajasi hamma yoshdagi bolalarda, chaqaloqlarda va xatto chala tugʼilgan chaqaloqlarda ham oʼtkazilishi mumkin.
Nisbiy koʼrsatma boʼlgan hollarda esa kasallikning xususiyati, bolaning yoshi hisobga olinib, reja asosida jarrohlik muolajasini oʼtkazish muddati belgilanadi. Masalan:
Tugʼma ichak tutilishi – tashhis qoʼyilganidan soʼng;
Boʼyin tugʼma oqmalari – 2 yoshdan;
Voronkasimon koʼkrak qafasi – 5 yoshdan;
Jigar tugʼma kistalari – tashhis qoʼyilganidan soʼng;
Sariqlik va siydik yoʼllarining oqmalari: toʼliq – tashhis qoʼyilganidan soʼng, notoʼliq – konservativ usul 6 oygacha natijasizligida operativ;
Kindik halqasi churrasi – 6 oylikdan;
Qorin oq chizigʼi churralari – 3 yoshdan;
Pilorostenoz – tashhis qoʼyilgandan soʼng;
Oshqozon-ichak tizimining ikkilanishlari – tashhis qoʼyilgandan soʼng;
Girshprung kasalligi – 1-2 yoshlardan;
Аnus va toʼgʼri ichak atreziyalari, oqmali shakllari – 6-12 oylardan;
Megaureter – tashhis qoʼyilgandan soʼng;
Buyrak distopiyalari – klinik koʼrsatmalarga qarab;
Gipospadiya – 1 yoshdan;
Epispadiya – 1-2 yoshdan;
Chov churrasi – 6 oylikdan;
Urugʼdon istisqosi – 2 yoshdan;
Urugʼ tizimchasi kistasi – 2 yoshdan;
Kriptorxizm – 1 yoshdan.
Faqat ayrim hollardagina (misol uchun, kindik churrasida) jarrohlik muolajasini oʼtkazish muddati kechiktiriladi. Chunki kechiktirilgan muddat ichida kasallik yoʼq boʼlib ketishi yoki muolaja oʼtkazish uchun qulayroq shart-sharoit tugʼilishi mumkin.
– Bolalarni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash jarayonida ota-onalarga ham qoʼshimcha vazifalar yuklanadimi?
– Ota-onalarga nafaqat operatsiya oldidan, balki keyingi davri uchun ham qoʼshimcha vazifalar yuklanadi. Vazifalar bemorning yoshi, kasallik turi, davri va kechishiga qarab belgilanadi. Muhimi, ota-onalar farzandlarini oʼz vaqtida kerakli mutaxassisga olib borib, tibbiy koʼrikdan oʼtsalar, biz shifokorlar ham kasallikni aniq tashxislab, tez va samarali davolashga erishishimiz mumkin.
Respublikamizning barcha viloyatlarida homiladorlarni tekshiruvdan oʼtkazish uchun skrining va perinatal markazlari mavjud, bugungi kunda ularga murojaat etib, tugʼma nuqsonlarni aniqlash va tegishli koʼrsatmalarni vaqtida olish muhim. Shunda homila taqdirini belgilash (homiladorlikni toʼxtatish yoki bola tugʼilishiga ruxsat berish) hisobiga ogʼir anomaliyalar sonini kamaytirish imkoniyati mavjud boʼladi.
Yaxshisi, ota-onalar tugʼma nuqsonlarning oldini olish uchun oʼz vaqtida harakat qilganlari maʼqul. Buning uchun yoshlikdan sogʼlom turmush tarziga, ratsional ovqatlanish tamoyillariga amal qilishi, dori-darmonlardan bilib-bilmay foydalanishga chek qoʼyishi, boʼlajak ona oʼziga va kelgusidagi bolasi sogʼligiga befarq boʼlmaslikni oʼrganishi zarur. Bu boradagi ishlarni homilaning ona vujudida paydo boʼlishidan avvalroq boshlab, homiladorlik davrida davom ettirib, bola tugʼilgandan keyin ham ogʼishmay amal qilish zarur boʼladi.
Muhabbat XOʼJАMURODOVА suhbatlashdi.