Toʼrt oylikkacha boʼlgan goʼdaklarning 65 foizdan koʼprogʼi kuniga hech boʼlmaganda bir marta emgan sutini qayt qiladi. Аslida bu meʼyoriy holat hisoblanadi. Chunki, goʼdaklarning oshqozon-ichak yoʼli tuzilishi va ishlashi qayt qilishga moyil boʼladi. Goʼdak oshqozoni gorizontal holatda, qiziloʼngach qisqa va toʼgʼri, oshqozonga kirishini berkitib turadigan sfinkter-mushak yetarlicha rivojlanmagani tufayli isteʼmol qilingan ovqat osonlik bilan oshqozondan qiziloʼngachga, undan esa ogʼiz boʼshligʼiga tushadi.
Ovqat hazm qilish uchun javobgar baʼzi fermentlarning yetishmasligi, shuningdek muddatidan oldin tugʼilgan va kam vaznli goʼdaklarda koʼproq kuzatiladigan nafas olish, soʼrish va yutish jarayonlarining yetarlicha oʼzaro muvofiqlashmaganligi ham qayt qilishga moyillikni oshiradi.
Bola oʼsa borgani sari ovqat hazm qilish tizimi toʼliq shakllanadi. Shundan soʼng qayt qilish oʼz-oʼzidan kamayadi. Bungacha esa bola garchi sogʼlom boʼlsada, ovqatlantirish payti, ovqatlantirib boʼlingach yoki undan biroz oʼtib emgan sutini qayt qilib turishi mumkin. Bunday hol bolaning kayfiyati, umumiy ahvoli va tana vazni koʼrsatkichiga mutlaqo taʼsir koʼrsatmaydi.
Kichkintoy tetik va quvnoq oʼsib, rivojlanishdan ortda qolmasa, qayt qilishi onda-sonda, koʼp miqdorda boʼlmasa xavotirlanishga asos yoʼq. Demak, bu fiziologik xol hisoblanib, bola 6-8 oylik boʼlgunicha oʼtib ketadi.
Baʼzida qayt qilish turli kasalliklarning belgisi boʼlishi mumkin. Goʼdakda nevrologik buzilishlar boʼlganida qayt qilishlar soni odatdagidan koʼpayadi. Tishlari chiqayotganida ham bola tez-tez qayt qilib turadi.
Bolada qayt qilish bilan birga tana haroratining balandligi va suyuq ich ketishi roʼy bersa, bu ichak infektsiyasining belgisi ekanligi ehtimoldan xoli emas. Аyrim hollarda esa qayt qilishlar oshqozon-ichak yoʼli rivojlanishida nuqsonlar borligidan darak beradi.
Har qanday holatda ham shifokor koʼrigidan oʼtgandan soʼnggina bolaga aniq tashhis qoʼyiladi. Shu sababli, agar qayt qilish doimiy tus olsa, oldini olish uchun qilingan chora-tadbirlar yordam bermasa, bola koʼp miqdorda qayt qilayotgan boʼlsa, oʼzini yomon his qilsa, uni shifokor koʼrigiga olib borish zarur.
Ovqatlantirish qoidalariga amal qilinsa va hech bir kasallik aniqlanmasada koʼp qayt qilish saqlanib qolaversa, oila shifokori va pediatr tavsiyasi bilan antireflyuks aralashmalar buyuriladi.
Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan maxsus AR-aralashmalar tarkibida turli quyuqlashtiruvchilar boʼlib, ular ovqatni oshqozonda ushlab qoladi va qayt qilinishining oldini oladi.
AR-aralashmalar qayt qilishlar tugagunicha bola taomnomasiga qisman kiritiladi. Kamdan-kam holatlardagini bolaga sut va oddiy aralashma oʼrniga faqat antireflyuks aralashma berish uchun ehtiyoj tugʼiladi.
AR-aralashma berish davomiyligini pediatr aniqlaydi. Zarur deb topilgan hollarda oila shifokorlari oshqozon-ichak yoʼlining ishini meʼyorlashtiruvchi dori vositalarini ham buyurishi mumkin.
Koʼp hollarda bolani toʼgʼri ovqatlantirish qoidalariga amal qilish orqali qayt qilish bilan bogʼliq muammolar ijobiy hal etilishi mumkin.
Guliraʼno USMONOVА,
pediatr shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.