Sil
Kox tayoqchalari ishlab chiqargan toksinlar qon orqali butun organizmga tarqaladi va dastlab markaziy nerv tizimiga taʼsir etadi. Bemorning yurak urishi tezlashadi, meʼda osti bezlarining shira ishlab chiqarish xususiyati pasayadi. Shuning uchun bemorning yegan ovqati qiyin hazm boʼladi, ishtahasi yoʼqoladi. Ichki sekretsiya va jinsiy bezlarning faoliyati ham susayadi. Bularning hammasi organizmda modda almashinuvi buzilishiga sabab boʼladi. Shuni aytish joizki, oʼpka sili ogʼir yoki yengilroq shaklda oʼtishi mumkin, uning klinik alomatlari ham har xil. Bu koʼproq bemor organizmining quvvatiga, infektsiyaga qarshi kurasha olish xususiyatlariga, infektsiyaning kuchli yoki kuchsiz boʼlishiga va yana bir qancha omillarga bogʼliq. Shu sababli kasalxonalarda bemor kasallikning qanday boshlanishiga va qay jarayonda oʼtayotganligiga qarab davolanadi.
Kasalligi barvaqt aniqlangan bemor muntazam ravishda muolajalar olib tursa, silning qanday shakli boʼlishidan qatʼiy nazar, butunlay sogʼayib ketadi. Shu sababli bemor vaqtni oʼtkazmay mutaxassislarga murojaat etib, davo choralarini boshlashi oʼzi uchun ham, oilasi va tevarak-atrofdagilar uchun ham muhimdir.
Hozirgi vaqtda bemorlar DOTS dasturi asosida davolanadi, muolajalar davomiyligi 6-8 oy muddatni talab qiladi. Silning dorilarga turgʼun turlarida esa “DOTS plyus” dasturiga koʼra mutaxassis nazoratida 18-24 oy muolaja olib boriladi. Bemorni davolashda, unga turli dori-darmonlar qilish bilan birgalikda organizm faoliyatini kuchaytiradigan va moddalar almashinuvini yaxshilaydigan oqsil, yogʼ, karbonsuv va vitaminlarga boy ovqatlar berish juda katta ahamiyatga ega. Bemorning ovqatida yetarli miqdorda goʼsht, tuxum, sut, suzma, sariyogʼ, un, guruch, kartoshka, sabzi kabi maxsulotlar boʼlishi lozim.
Taomnomasiga eʼtibor qarating
Bemorning kundalik taomnomasida oʼrta hisob bilan 200-300 gramm goʼsht va baliq, 400-500 gramm sut, 100 gramm suzma, bitta tuxum, 500 gramm non, 80-100 gramm guruch, 600 grammgacha sabzavot, 100 gramm yogʼ (shundan 30 grammi ertalab nonushtada beriladigan sariyogʼ) boʼlishi kerak. Bemor vitamin V, S ga boy anor, olma, uzum, qovun, mandarin va boshqa mevalardan har kuni isteʼmol qilib turishi maqsadga muvofiq.
Dori-darmon bemor organizmidagi sil tayoqchalarining koʼpayishini toʼxtatadi va ularni nobud qiladi.
Sifatli ovqatlanish va sanatoriylarda dam olish esa organizmni baquvvat qiladi, organizm quvvatlangan sari kasallik yengillashadi, buning natijasida bemor tezroq tuzaladi.
Baʼzi bemorlar tabiblarda davolanishni maʼqul koʼradilar yoki birovlar maslahatlariga koʼra it va tipratikon goʼshtlarini pishirib yeyishadi, urinoterapiya va boshqa bir qancha usullaridan foydalanib davolanishga harakat qiladilar, lekin bularning hech qaysisi davo sifatida fanda oʼz isbotini topmagan.
Yuqtirmaslik choralari bor
Silni qoʼzgʼatuvchi Kox tayoqchalari ayniqsa havoda koʼp tarqalgan ekan, nega koʼpchilik bu kasallik bilan ogʼrimaydi, degan savol tugʼilishi mumkin.
Oʼylab qaralsa, sil kasalligi bilan ogʼrigan bemor bor uyda oilasining boshqa aʼzolariga kasallik doim yuqavermaydi, shuningdek sil dispanserlarida ishlovchi tibbiyot xodimlariga kasallikning yuqishi kamdan-kam hodisadir. Gap shundaki, kishi organizmi har qanday kasallikka qarshi kurashish xususiyatiga ega.
Organizm baquvvat boʼlib kasallikni yenga olsa, kasallik qoʼzgʼatuvchi mikroblar nobud boʼladi va kishi silga chalinmaydi.
Sil kasalligi bilan ogʼrib, kasallikni yenga olgan kishi organizmida silga qarshi immunitet paydo boʼladi. Lekin bu immunitet, masalan, qizamiq bilan ogʼrigan bolaning organizmida qizamiqqa qarshi paydo boʼlgan immunitet kabi doimiy boʼlib qolmaydi, yaʼni maʼlum vaqt oʼtganidan soʼng immunitetning kuchi susayib, kishi maʼlum sharoitda sil kasalligini yuqtirishi mumkin. Olimlar kishi organizmining ana shu xususiyatini nazarda tutib, organizmda silga qarshi sunʼiy yoʼl bilan immunitet hosil qilish yoʼlini topdilar.
Hozirgi kunda har bir tugʼilgan chaqaloqlarga (agar qarshi koʼrsatma boʼlmasa) hayotining 3-5 kunida silga qarshi BTsJ vaktsinasi qilinadi. Bu vaktsina sil mikrobining kuchsizlantirilgan turi boʼlib, chaqaloq organizmida silga qarshi immunitetni shakllantiradi.
Oldini olsa boʼladi
Sil kasalligining oldini olishda avvalo har bir inson sogʼlom turmush tarziga rioya qilishi, zararli odatlardan xoli boʼlishi, toʼgʼri ovqatlanishi hamda infektsiyaning (mikroblarning) tarqalishiga yoʼl qoʼymasligi zarur. Buning uchun bemor va unga qarovchi kishilar sanitariya va gigiena qoidalariga qattiq rioya qilishlari lozim.
Bemor bor oilada, kasallik boshqalarga va tevarak-atrofdagi kishilarga yuqmasligi uchun, quyidagi tavsiyalarga amal qilgan maʼqul:
bemor yotgan uydan divan, gilam, sholcha, ortiqcha stol-stul, xullas bemor uchun unchalik zarur boʼlmagan narsalarning hammasini chiqarish kerak, chunki ularga chang tushadi, ular uyni ozoda tutishni qiyinlashtiradi;
uyni har kuni ertalab yaxshilab tozalash, polni yuvish, buyumlarning changini nam mato bilan artish lozim;
uyni haftada bir marta obdon tozalang, uydagi hamma narsalarni, bemorning koʼrpa-yostiqlarini, kiyim-boshini ham tashqariga chiqarib quyosh nurida 2-3 soat quritish va changini qoqib uyga olib kirish kerak. Pol, karavot, stol, stul, eshik va oynalarni issiq suvda sovunlab yuving;
qishda kunda bir necha marta oynani ochib uyni shamollatish, yozda esa, oynaga, dokadan parda tutish, u doimo ochiq turishi lozim;
uyda taʼmaki chekish mutlaqo yaramaydi;
bemorning idish-tovogʼini, bemor ovqatlangandan keyin har gal 15-20 daqiqa qaynatib yuvish kerak;
bemorning dastroʼmoli, sochiq, choyshabi, ichki kiyimlarini alohida saqlab, alohida ishqorli suvda qaynatib yuvish va qurigandan soʼng yaxshilab dazmollash kerak;
bemorning idish-tovogʼidan, sochigʼidan, dastroʼmolidan, ichki va ustki kiyimlaridan, koʼrpa-yostigʼidan foydalanish mutlaqo yaramaydi;
bemor shifoxonaga yotqizilganidan soʼng yoki sanatoriyga ketganidan soʼng, u yotgan uydagi narsalar dezinfektsiya qilinadi;
bemorning ozodalikka rioya qilishi kasallik mikroblari tarqalishining oldini olishda muhim rolь oʼynaydi;
bemor maxsus choʼntak tufdoniga tuflashi, balgʼam tashlashi lozim, bunday tufdon choʼntakda olib yurish uchun qulay, arzon boʼladi;
tufdonni boʼshatish oldidan ichiga 5% li xloramin eritmasi quyib faqat hojatxonaga toʼkiladi, soʼng tufdon yana xloramin eritmasi bilan yaxshilab chayiladi. Аgar hojatxona chuqur boʼlmasa, tupuk-balgʼamdagi mikroblar tarqalmasligi uchun tufdon boʼshatilmay maxsus idishda 2% li ishqorli suvda bir soat qaynatiladi, soʼngra qaynagan suv hojatxonaga toʼkiladi;
bemor yoʼtalganda va aksa urganda ogʼzini roʼmolcha, sochiq bilan yoki chap qoʼlining orqasi bilan toʼsishi lozim;
bemor har gal ovqatlanish oldidan va hojatdan soʼng qoʼllarini yaxshilab sovunlab yuvishi zarur;
bemorga qarovchi kishilar ham ozodalik qoidalariga qattiq rioya qilishlari zarur.
Sil ogʼir kasallik boʼlsada, agar bemor qunt bilan davolansa, kasallik batamom tuzaladi. Baʼzi bemorlar shifokorga kech murojaat qiladilar, natijada kasallik avj olib surunkali shaklga oʼtadi. Shunday ekan, ushbu xastalikka qarshi kurashish va uning oldini olishga har bir kishi hamda uning atrofidagilar oʼzini masʼul deb bilishi joiz.