Elektroterapiya (elektr bilan davolash usuli) ogʼriq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida nevralgiya, tomir tortishishi, asab-mushak tizimi xastaliklari, mushak atrofiyasi, boʼgʼimlar revmatizmi, nevrasteniya singari bir qancha kasalliklarda qoʼllaniladi.
Past kuchlanishli tok elektrodlar orqali tananing maʼlum qismidan oʼtganida hujayrada fizik-kimyoviy jarayonlarning oʼzgarishi roʼy beradi, qon aylanishi va uyqu yaxshilanadi, ogʼriq kamayadi, yalligʼlanish jarayonlari bartaraf etiladi, zararlangan toʼqimalarning tiklanishi tezlashadi.
Elektr bilan davolash tana uchun deyarli xavfsiz. Bu muolajani ovqatlangandan 1-1,5 soat oʼtgach bajarish tavsiya etiladi. Muolaja paytida foydalaniladigan tok kuchi nihoyatda past boʼlib, inson salomatligiga zarar yetkazmaydi.
Past chastotali elektr toki yordamida tananing ogʼriq joyiga kam miqdorda dori vositasi yuboriladi.
Zamonaviy tibbiyotda past kuchlanishli oʼzgarmas elektr toki (galьvanizatsiya), oʼzgaruvchan toklar (darsonvarizatsiya, diatermiya) past chastotali impulьsli tok (induktotermiya), shuningdek elektroforez, darsonvalizatsiya, fonoforez (dorivor moddalarni toʼqimalarga yuborish usuli), turli chastotali oʼzgaruvchan yoki yuqori chastotali oʼzgaruvchan yoki magnit maydonlari muolajalari elektr toki yordamida amalga oshiriladi.
Galьvanoterapiya bilan davolash maqsadida organizmga (30-80 V) birlikdagi kam quvvatli elektr toki yuboriladi. Galьvanik tok bemorning markaziy asab tizimiga ijobiy taʼsir qiladi, yurakni quvvatlantiradi, organizmda yangi hujayralar xosil boʼlishini taʼminlaydi va himoya kuchlarini mustahkamlaydi. Bu usul radikulit, nevralgiya, bosh va orqa miyada qon aylanishining buzilishi, surunkali gastrit, kolit, xoletsistit, oʼt yoʼllari diskineziyasi, yurak-qon tomir xastaliklari, koʼz kasalliklari va surunkali artritni davolashda yordam beradi.
Unutmaslik kerakki, organizmda yiringli va yalligʼlanish bilan bogʼliq jarayonlar kechganda, qon kasalliklarida, doimiy behollikda, shuningdek homiladorlik davrida galьvanoterapiya tavsiya etilmaydi.
Elektroforez (dori vositalarini galьvanizatsiya yordamida organizmga yuborish) usuli dorilarning toʼqimalarga tezroq singishini taʼminlab, taʼsirini yanada oshiradi. Elektroforez ogʼriqsizlantiruvchi, qon tomirlarni kengaytiruvchi, organizmda moddalar almashinuvini jadallashtiruvchi taʼsir koʼrsatishi tufayli asab tizimi kasalliklari, tayanch-harakat tizimi va ginekologik xastaliklarda samarali qoʼllaniladi. Elektroforez muolajasi ogʼriqsiz boʼlib, bemor faqatgina dori yuborilayotgan joyning yengilgina qizishi yoki ignachalar «sanchishini» sezishi mumkin.
Darsonvalizatsiya yuqori kuchlanishli (20 kV gacha), kichik kuchli (0,015-0,02 mА) va yuqori chastotali (110 kGts) impulьs toklar bilan davolash usuli boʼlib, bunda darsonvalь toklari teriga elektroddan tushib turadigan mayda-mayda uchqunlar hamda bu uchqunlardan havoda paydo boʼladigan ionlar va kimyoviy moddalar (ozon, azot-oksid va boshqalar) orqali taʼsir koʼrsatadi. Muolaja bemorda igna sanchilishidek his uygʼotadi, shuningdek, issiqlik sezgisini yuzaga keltiradi.
Darsonvalь yordamida teridagi moddalar almashinuvi tezlashadi, mayda yiringli yaralar, soʼgal, husnbuzarlar davolanadi. Bu muolaja tanada qon aylanishini tezlashtiradi, aʼzo va toʼqimalarning kislorod bilan oziqlanishini faollashtiradi, allergik kasalliklarda kuchli qichishishlarning toʼxtashiga yordam beradi, ogʼriqsizlantiruvchi taʼsir koʼrsatadi. Shuningdek darsonvalizatsiya bilan xafaqon (gipertoniya, qon bosimining oshishi), uyqusizlik, qon-tomir kasalliklari, ginekologik xastaliklar davolanadi. Nerv toʼqimalarining taʼsirchanlik darajasini pasaytirish xususiyati tufayli bu usul xirurgiyada ham ogʼriqsizlantiruvchi vosita sifatida keng qoʼllanilib kelinmoqda.
Darsonvalь usuli tez-tez boshi ogʼrib turadigan ayollarga naf beradi, bundan tashqari asab kasalliklari, uyqusizlik, surunkali charchoqdan shikoyat qiladigan bemorlar sogʼligini tiklashda ham juda foydali.
Lekin bu usul oʼtkir yuqumli kasalliklarda, yurak-qon tomir xastaliklarining zoʼrayish davrida, oʼsma dardlarida va homiladorlikda buyurilmaydi.