Turli oʼsmalarni, shuningdek baʼzi yalligʼlanish kasalliklarini davolashda bugungi kunda nur terapiyasidan foydalaniladi.
Nur bilan davolashda ionlovchi nurlar (alfa, beta, neytron, elektron, proton zarralar hamda rentgen va gamma nurlari) qoʼllaniladi.
Xastaliklarni nur bilan davolashda nur yuboriladigan toʼqimaning biologik xususiyatlari va ionlovchi nurlarning fizikaviy xususiyatlari hisobga olinadi. Bunda nur taʼsirida toʼqimalarda ionlanish hamda murakkab fizik-kimyoviy va biokimyoviy jarayonlarni yuzaga keltiradi, soʼng toʼqimalarning hayotiy faoliyatini izdan chiqaradi.
Toʼlqin qanchalik uzun boʼlsa, nurlanish taʼsiri shunchalik kuchayadi. Ionlovchi nurlar xavfli oʼsma toʼqimalariga sogʼ toʼqimalarga qaraganda koʼproq taʼsir qiladi.
Har bir hujayraning nurga nisbatan yuqori va past sezgirlik davri mavjud. Аgar ionlovchi nur hujayraning oʼta sezgir paytida taʼsir etsa, u qattiq shikastlanadi va davolash samarasi yuqori boʼladi. Sezgirligi sust vaqtida taʼsir etganda esa faoliyati uncha oʼzgarmaydi, oqibatda natijasi samarasiz kechadi.
Koʼpgina tadqiqotlar natijalariga koʼra, oʼsma hujayrasining nur bilan zararlanish darajasi toʼqimadagi kislorod miqdoriga bogʼliq. yaʼni hujayrada kislorod koʼp boʼlsa, nur taʼsiri kuchli, kislorod kam boʼlsa aksincha holat roʼy beradi. Davolashda ana shu xususiyatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʼsmalarni nur bilan davolashda ularning toʼliq yemirilishi uchun ionlovchi nurlarning katta miqdori qoʼllaniladi. Bunda organizmning nurga nisbatan mahalliy va umumiy turli reaktsiyalari kuzatilishi mumkin. Reaktsiya kuchli boʼlsa darhol shifokor tomonidan koʼrsatmalar beriladi. Nur bilan davolash natijasining ijobiy boʼlishi asosan bemorning shifokor koʼrsatmalariga rioya etishiga bogʼliq kechadi.
Bilish muhimki, onkologik kasalliklar, masalan bachadon boʼynidagi, toʼgʼri ichak va oʼpkadagi, teri va koʼkrak bezlaridagi, shuningdek bosh miyadagi xavfli oʼsmalarni davolashda nur terapiyasi mustaqil davo chorasi sifatida tavsiya etiladi. Oʼsmalarni nur bilan davolashda asosan ikki xil nur manbalaridan foydalaniladi. Yaʼni:
1.Zaryadlangan zarralar tezlatgichlari (rentgen asboblar, siklik va chiziqli tezlatgichlar).
2.Sunʼiy radioaktiv moddalar (gamma moslamalar, radioaktiv moddalar).
Nur bilan davolashning ikki xil: tashqi (distantsion) va ichki (kontaktli) yoʼnalishi mavjud. Аmaliyotda tashqi nur berish koʼproq qoʼllaniladi.
Taʼkidlash joizki, nur terapiyasi davolashda samara bersa-da, nohush asoratlar ham qoldirishi mumkin. Masalan bachadon boʼyni saratoniga qarshi nur terapiyasidan foydalanilganda ayollarda sistit (siydik qopining yalligʼlanishi) kasalligi kelib chiqadi. Bosh miya oʼsmalariga qarshi nur yuborilganda esa miyada shish boʼlishi kuzatiladi. Nur davosi samaradorligini oshirish, noxush asoratlarini kamaytirish uchun bemorlar radiolog shifokorlar tomonidan puxta tekshiriladi va nur davosi muolajalariga maxsus tayyorlanadi.
Nur bilan davolash mustaqil tarzda yoki boshqa maxsus davolash muolajalari bilan birga olib boriladi. Аgar nur terapiya jarrohlik amaliyoti bilan birga qoʼllanilsa, bemorga nur yo operatsiyadan oldin, yoki keyin beriladi. Nur terapiyasi oʼsma kasalliklarining turi, alomatlari va qanday kechishiga qarab onkolog va radiolog mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladi. Bunday davolash usuli bemorning ahvoliga va kasallikning kechishiga koʼra uch haftadan to ikki oyga qadar davom ettiriladi.
Ulugʼbek UBАYDULLАEV,
shifokor-radiolog, tibbiyot fanlari nomzodi.