Tamakining tarkibi va sigareta zararlari
Tamaki tarkibida turli xil kimyoviy moddalar bor. 1809-yili tamaki bargidan nikotin moddasi ajratib olingan. Nikotin odam organizmiga ta’sir etuvchi asosiy modda hisoblanadi. Tutab turgan sigaretning harorati 300 gradusda bo’ladi. Tutab turgan sigaretda ajoyib kimyoviy fabrika bo’lib, o’zidan 4 mingdan ortiq turli kimyoviy birikmalarni ajratadi
Tamaki tarkibida turli xil kimyoviy moddalar bor. 1809-yili tamaki bargidan nikotin moddasi ajratib olingan. Nikotin odam organzmiga ta’sir etuvchi asosiy modda hisoblanadi. Tutab turgan sigaretning harorati 300 gradusda bo’ladi. Tutab turgan sigaretda ajoyib kimyoviy fabrika bo’lib, o’zidan 4 mingdan ortiq turli kimyoviy birikmalarni ajratadi, shu jumladan 40 xil kanserogen moddalar. Tamaki tutunining komponentlariga quyidagi moddalar kiradi: uglerod dioksidi, uglerod oksidi, vodorod sianid, ammoniy, opren, atsetaldegid, akrolein, nitrobenzol, aseton, vodorod sulfid, sinil kislota va boshqalar. Sigaret tutunida, shuningdek, qattiq zarrachalar, nikotin, suv va smola moddalari bo’ladi. Tamaki smolasi tarkibida polisiklik aromatik uglevodorodlar, shu jumladan, nitrozoaminlar, aromatik aminlar, izoprenoid, piren, benzopiren, xrizen, antratsen, flyuoratinlar bor. Bundan tashqari smola o’zida oddiy va murakkab fenol, kaliy, qo’rg’oshin, poloniyning radioaktiv birikmalarini saqlaydi.
Tamakini chekadilar, hidlaydilar, chaynaydilar. Tamaki o’simligi dunyoning 120 mamlakatida ekiladi. Dunyo bo’yicha 4,7 mln. gektarda tamaki yetishtiriladi. Agarda shu yerlarda bug’doy ekilsa qo’shimcha 20 mln. tonna bug’doy yig’ib olish mumkin edi. Har yili 5-6 mln. tonna quritilgan tamaki barglari tayyorlanadi.
Tamaki chekish odati hozirgi vaqtda yer shari aholisining ko’pchilik qismini qamrab olgan. O’smir dastlab chekkanda kattalarga taqlid qilmoqchi bo’ladi. Birinchi sigaret yoki nos chekilganda o’smir organizmida himoya reaksiyalari vujudga keladi. Lining ko’ngli ayniydi, ko’p so’lak ajraladi, qon tomirlari torayadi, rangi oqaradi. Ba’zida hushidan ketadi. Bir necha marta chekkandan so’ng o’smir organizmida himoya reaksiyalari kamayib borib, organizmi tamaki yoki nosga o’rganib qoladi. So’ng o’smirda mustahkam shartli refleks hosil bo’ladi. O’smir 12—15 yoshda tamaki yoki nos ta’mini tatib ko’rar ekan. Chekishning dastlabki davrida organizmda har xil sezgilar yo’qolib boradi. Bu davrda bir kunda 10—15tagacha sigaret chekiladi. Chekuvchilarda asta-sekin nikotin sindromi shakllanib boradi, boshqacha aytganda organizmning nikotinni qabul qilishga o’rganib qolishi vujudga keladi. Bu uch statiyada rivojlanadi:
1. Birinchi stadiya — bu psixik moslashish, bunda odam chekkisi kelaveradi va borgan sari ko’proq sigaret chekadi. Bu stadiya 1—5 yil davom etadi.
2. Ikkinchi stadiya — somatik belgilar namoyon bo’la boshlaydi, chekuvchida bronxit kasalligining hosil bo’lishi, oshqozon, yurak va boshqa a’zolarda og’riq, noqulay holatlar ro’y beradi. Nerv sistemasida o’zgarish sodir bo’ladi. Chekuvchida ta’sirchanlik, bosh og’rish holatlari sodir bo’ladi. Bu stadiya 5—15 yil davom etadi.
3. Uchinchi stadiya — chekish avtomatik bo’lib qoladi. Doimiy bosh og’rig’i, xotiraning susayishi, juda ta’sirchan bo’lib qolishi, doimiy yo’tal paydo bo’ladi.
Tamaki chekishning sog’liqqa zarari. Tamaki chekish odam organizmiga ta’sir qiladimi? So’zsiz ta’sir qiladi. Odam sigaret chekkanda tamaki tutuni bilan nafas oladi, o’pkaga kislorod o’rniga C02 (karbonat angidrid) gazi borib qonga o’tadi, organizmdagi moddalar almashinuvini buzadi, bunday holat o’z navbatida organizmning kislorod tanqisligiga sabab bo’ladi. Tamaki tarkibidagi ammiak namlik ishtirokida o’pka alveolalari (hujayralarida) ishqor — nashatir spirtiga aylanadi. Bu ishqor o’pkaning shilliq qavatini ta’sirlab chekuvchida bronxit kasalligini keltirib chiqaradi. Buning oqibatida o’pkaning turli yuqumli kasalliklarga chidamliligi kamayadi. Olimlarning ma’lumoticha, sil kasalligiga duchor bo’lganlarning 90 foizi chekuvchilardir. Tamaki tarkibidagi kanserogen moddalar chekuvchilarda saraton (rak) kasalligini keltirib chiqaradi. Tamaki tarkibidagi nikotin kuchli zahar. Nikotinning 0,1 grami odamni o’ldiradi. Bu doza 20 dona sigaretda saqlanadi. Agarda chekuvchi har kuni 20 dona sigaret cheksa, 30 yil mobaynida 200 ming dona sigaret chekadi, bu (160 kg.) tamaki degani. Bunday miqdordagi sigaret tarkibida 800 g. nikotin bo’ladi. Chekuvchi bir kunda odamni o’ldiradigan miqdordagi nikotinni yutadi. Lekin bu nikotin oz-oz miqdorda organizmga kiradi. Nikotin birinchi navbatda asab tizimini zaharlaydi. Uzoq muddat sigaret chekkan odamlarninq qo’llari qaltiraydi, nafas olishi qiyinlashadi, o’qtin-o’qtin yo’taladilar, ko’ngli ayniydi. Nikotin simpatik va parasimpatik asab tizimiga ta’sir etadi. Bemorda dastlab yurak tez-tez qisqaradi, qon bosimi ortadi, periferik qon tomirlarida spazma, yurakning toj tomirlarida kengayish hollari sodir bo’ladi. Qonda nikotin moddasining ko’payishi tufayli bemorda infarkt kasalligi kelib chiqadi. Tamaki tutuni bronxlarni keskin toraytirib, so’ng kengaytirib yuboradi. Chekish tufayli odamning xotirasi susayadi, ozib ketadi. Yosh o’smirlarning chekishi tufayli bola o’sish va rivojlanishdan orqada qoladi, urug’ hujayralarida o’zgarishlar sodir bo’ladi, jinsiy ojizlik kelib chiqadi.
Tamaki chekuvchilarda askarbin kislota, furosemid, geparin esterogenlarning ta’sir etish kuchi kamayib ketadi. Shuning uchun, chekuvchilarda qon bosimi, qandli diabet, yurak ishemiyasi, oshqozon yarasi kasalligi, nafas kasalliklarini davolashni qiyinlashtiradi. Nikolin buyrak usti bezi funksiyasiga juda salbiy ta’sir etadi. Bundan tashqari, nikotin ateroskleroz kasalligining zo’rayib ketishiga sabab bo’ladi.
Surunkali chekish orqa tniya funksiyalariga salbiy ta’sir etadi. Bu jinsiy ojizlikka sabab bo’ladi.
Ayniqsa, yosh qizlarning sigaret chekishi barcha a’zolariga zararli ta’sir etadi. Chekuvchi qizlar rivojlanishdan orqada qoladi, tez-tez kasallanadilar, hayz ko’rishi buziladi. Surunkali chekish qiz bola husnini buzadi, erta balog’atga yetadi. Chekuvchi ayollar tez qariydilar, yuzlariga ajin tushadi, yuz terisining rangi o’zgaradi. Chekuvchi ayollarning 30 foizida Bazedov kasalligi taraqqiy etadi. Shuni aytish kerakki, chekmaydiganlar chekuvchilar yonida turishi tufayli chekuvchilardagi kasalliklar chekmaydiganlarda ham hosil bo’lishi mumkin, chunki chekmaydiganlar passiv chekuvchilar hisoblanadi. Ko’p tekshirishlardan ma’lum bo’lishicha, chekish qon ivishi jarayonini tezlashtirib yuboradi. Periferik tomirlarda arterosklerozning kuchayishi natijasida oyoq qon tomirlari kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Bemor oyoq bo’g’inlarida og’riq sezadi, keyinchalik yurolmay qoladi. Nikotin oshqozon shirasining ajralishi va uning kislotaligini izdan chiqaradi, chekish jarayonida oshqozon tomirlari torayadi, oshqozonning shilliq qavati yallig’lanadi. Chekuvchilarda sezish organlarining faoliyati izdan chiqadi. Asta-sekin rang ajratish qobiliyati pasaya boradi, u dastlab yashil, so’ng qizil va sariq ranglarni ajratolmay qoladi. Ko’pgina chekuvchilarda eshitish sezgirligi kamayadi. Chekish tufayli quloqda nog’ora parda qalinlashadi, eshitish suyakchalarining hajmi kichiklashadi.
Hozirgi vaqtda ko’pgina chekuvchilarning yoshi 20-30 da bo’lib yosh oila qurganlardir. Shuning uchun, chekuvchi ota-onalar birinchi navbatda o’z bolasiga zarar yetkazadi. Chekuvchi onaning ko’krak sutida nikotin bo’lgani uchun u qo’lansa hidli, biroz taxir bo’ladi. Shuning uchun, ba’zi bolalar onasini emmay qo’yadi. Chekuvchi onaning bolasi ham passiv chekuvchi bo’lib qoladi. Angliyaning shimolida yashovchi 16 mingta bolalar o’rtasida so’rovnoma o’tkazilganda ota-onasi chekadigan bolalarning 48 foizi tez yo’talishini aytgan.
O’smirlar kattalardan berkitib chekkanda sigaret tutuni bilan ko’proq zararli moddalar o’pkaga o’tar ekan. Sigaretni tez chekkanda o’pkaga ikki marta nikotin o’tishi isbotlangan. Chekuvchi o’smirlar organizmi jismoniy va psixik rivojlanishdan orqada qoladi, Maktab bolalarining sigaret, nos chekishi hech qanday odob, axloq normalariga to’g’ri kelmaydi. Bola qancha yosh chekishga urinsa, uning sigaret, nosni chekishni tashlashi shunchalik qiyin bo’ladi. Chekuvchi odamlarda ishchanlik qobiliyati past bo’ladi. Chekuvchilar atrof-muhitning musaffoligini buzadilar, havoni zaharlaydilar.
Manba: Kitob.uz