Oftob urishidan qanday himoyalanish mumkin?
Inson shunday yaratilganki, qahraton sovuqda ham, jazirama issiqda ham uning tana harorati bir xil darajada turadi. Odam organizmi har qanday iqlim sharoitlariga moslashish xususiyatiga ega. O‘zbekiston iqlimiga xos bo‘lgan havoning quruqligi hamda mo‘tadil esib turadigan shabada tanadan terlash sababli issiqlik ajralishiga va tananing issiq iqlim sharoitiga moslashishiga yordam beradi.
Shuni unutmaslik kerakki, yozning jazirama issig‘i ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda ortiqcha vaznga ega bemorlar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi va ularda surunkali kechayotgan kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Negaki, issiq iqlimda yuqori harorat sababli organizm ko‘p suyuqlik yo‘qotadi. Natijada yurak-qon tomir tizimining zo‘riqib ishlaydi.
Shuning uchun turli xil noxush asoratlarning oldini olish maqsadida jaziramada o‘z vaqtida to‘g‘ri dam olish va mehnat qilish hamda ovqatlanish tartibiga e’tibor qarashtish zarur.
Ma’lumki, jismoniy zo‘riqish tanada issiqlik ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu esa tananing yanada qizishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ochiq havoda olib boriladigan jamiki jismoniy mehnat faoliyatini kunning salqinroq vaqtiga (erta tongdan soat 1100 gacha) yoki kechki salqinga (soat 1700dan – 2000 gacha) mo‘ljallangani ma’qul. Tush vaqti ya’ni, kunning eng issiq vaqtida salqin xonada dam olish maqsadga muvofiqdir.
Kunlik taomnomadagi ovqatlar yengil hazm bo‘ladigan yeguliklardan iborat bo‘lishi kerak. Yog‘lik taomlar hamda shirinliklar tanada energiya hosil bo‘lishini kuchaytiradi va tana qizib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, issiqlik ta’sirida sustlashgan me’da-ichak tizimi faoliyatini zo‘riqtiradi. Jazirama issiq kunlarida suyuq taomlar, ayron, qatiq, kefir kabi sut mahsulotlari, sarxil meva va sabzavotlarni iste’mol qilish lozim. Ular terlash natijasida organizm yo‘qotadigan suv va zarur moddalar, oqsil, vitamin va mineral tuzlar o‘rnini qoplaydi.
Ko‘k choy chanqoqni qondiradi. Uning tarkibidagi vitamin va mineral moddalar insonga kuch bag‘ishlaydi. Bundan tashqari ko‘k choy me’da-ichak yo‘lidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni nobud etadi. Organizmni dizenteriya (ichburug‘) va boshqa yuqumli me’da-ichak kasalliklaridan himoya qiladi.
Shakarsiz kompotlar, ayron, nordon mevalarning sharbatlari kuchli chanqovbosti ichimliklar bo‘lishi bilan birga terlash natijasida yo‘qotilgan vitamin va mineral moddalarning ham o‘rnini qoplashda yordam beradi. Shirin va quyuq meva sharbatlari (o‘rik, shaftoli va uzum) aksincha chanqoqni kuchaytiradi.
Limonli choy – dastlab tanani biroz qizdirishi va so‘ngra esa kuchli terlatishi bilan ancha vaqtgacha tanani isib ketishidan saqlaydi. Shuningdek, organizmning suv va tuz balansini me’yorida saqlanib turishiga yordam beradi.
Yana o‘qing: TABIIY DORI VOSITALARI AFZALMI YOKI SUN’IYSI?
Turli xil shirin ichimliklardagi sun’iy buyoqlar va turfa rangdagi maza beruvchi qo‘shimchalar hamda shakar chanqoqni kuchaytiradi. Ularni ko‘p iste’mol qilish esa zarardir.
Zinhor qaynatilmagan suvni ichmang. Unda turli xil yuqumli me’da – ichak tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi mikrob va viruslar bo‘lishi va ular qorin tifi, vabo, virusli gepatit, ichburug‘ kabilarni yuzaga keltirishi mumkin. Gazlanmagan mineral suv, qaynatib sovutilgan suv ichish kerak.
Tabiiy tolali libos jaziramaga xos
Avvalo, har bir inson issiq kunlarda havo o‘tkazadigan tabiiy tolali matolardan kiyim – kechak kiyishi zarur. Bu liboslar havoni yaxshi o‘tkazadigan, terni shimadigan va quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan hamda tanaga yopishib turmaydigan bo‘lishi kerak. Ip gazlama aynan shunday xususiyatga ega.
Qora va jigarrang gazlamadan tikilgan kiyimlar esa issiq va ular quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega emas. Imkon darajasida kiyim tanlashda gazmolning rangiga e’tibor berish lozim.
Quyosh nuri ta’sirida organizmda raxit kasalligining oldini oluvchi D vitamini hosil bo‘ladi. Biroq, bosh kiyimsiz tik quyosh nurida uzoq turish oftob urishiga, ba’zida ko‘zda kataraktaning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Terini jazirama issiqda himoya qilmaslik uning kuyishiga, bu jarayonning uzoq davom etishi esa teri rakiga ham olib kelishi mumkin.
Ayniqsa, bolalar quyoshning salbiy nurlariga o‘ta ta’sirchan bo‘lishadi. Shuning uchun ularni yozda soya joylarda bo‘lishiga katta ahamiyat berish kerak. Soyaboni keng bosh kiyimlar kiyish va oftobdan saqlovchi qora ko‘zoynaklar taqish quyoshning zararli nurlaridan asraydi.
Havo haroratining muntazam ko‘tarilishi, organizmni moslashuv jarayonini izdan chiqarishi va tananing qizib ketishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklarga olib kelishi mumkin. Odamni issiq ursa, uning tana harorati juda ham ko‘tarilib ketishi mumkin. Natijada oftob urgan kishida alahsirash, tirishish – tortishish va ba’zida uning hushdan ketishi kuzatiladi. Bu holat qariya va bolalarda organizmning yuqori haroratga moslashuv jarayonlarining sustligi natijasida kuzatiladi. Ayniqsa, yurak qon – tomir tizimida kasalliklari mavjud bo‘lgan odamlarda ham issiq urish xavfi yuqori bo‘ladi. Issiq urishida birinchi yordam tana haroratining me’yorda turishiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Bemorda ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, quloqning shang‘illashi yuzaga keladi.
Yana o‘qing: Kuzning ko‘rkam qahrabosi
Bemorga qanday yordam ko‘rsatish zarur?
Oftob urgan odamga yordam ko‘rsatish uchun zudlik bilan “Tez yordam” chaqirish lozim. Shifokor kelgunga qadar xastani tezda salqin joyga olib o‘tish va uni yonboshlatib yotqizish zarur. Issiq urgan odamning boshiga sochiqni ho‘llab qo‘yish kerak. Uning bo‘ynini siqib turgan tugma yoki yoqadan bo‘shatish shart. Tor va siqib turgan kiyimlarni yechish darkor. Bemor o‘ziga kelsa, unga suv ichirish zarur bo‘ladi.
Gulchehra JUMAYEVA,
Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish
ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri
soglom.uz/tavsiya/oftob-urishidan-qanday-himoyalanish-mumkin/